Qozog‘istondagi Oqo‘rda qarorgohida 8-avgust kuni Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalari yangradi. Ikki mamlakat yetakchilari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar. Birgalikda suratga tushildi.
So‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari boshlandi. Tomonlar O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishning dolzarb masalalarini muhokama qildi.
Oqo‘rdada rasmiy kutib olish marosimidan lavhalar
Shavkat Mirziyoyev 7-avgust kuni davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga keldi. Ostona xalqaro aeroportida davlat rahbarini Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev kutib oldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, ikki mamlakat rahbarlarining muzokaralari va prezidentlar raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari, xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari ko‘rib chiqiladi.
Davlat tashrifi arafasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 300 dan ortiq vakillar ishtirokida qo‘shma biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev 2024-yilning 3—4-iyul kunlari amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘lgandi. Davlat rahbari Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etdi. Davlat tashrifi bilan esa Qozog‘istonga so‘nggi marta 2021-yilning dekabrida borgandi.
Izoh (0)