Avgust oyida havo harorati iyuldagidan pastroq bo‘ladi. Biroq baʼzi yillarning avgustlarida g‘ayritabiiy jaziramalar ham kuzatilgan. Bu haqda “O‘zgidromet” maʼlumot berdi.
O‘zbekistonda avgust oylari bo‘yicha kuzatuvlar tarixidagi eng issiq harorat 1947-yilda Termiz shahrida qayd etilgan. O‘shanda janubiy mintaqada havo harorati qariyb 46,3 daraja issiq bo‘lgan.
Toshkent shahrida esa meteorologik kuzatuvlarning barcha yillaridagi avgust oylari uchun eng issiq havo 1944-yilda kuzatilgan bo‘lib, harorat 43,1 darajaga ko‘tarilgan.
So‘nggi 10 yillikda avgust oyidagi eng yuqori harorat 2019-yilda qayd etilgan va 41,8 daraja issiq bo‘lgan.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning yozishicha, joriy yil 8-avgustdan 9-avgustga o‘tar kechasi respublikaning katta qismida aholi dim issiqlikdan aziyat chekadi. Bunday holat 7-avgustdan 8-avgustga o‘tar kechasida ham kuzatildi.
“O‘zgidromet”ga ko‘ra, 7-avgust soat 20:00 holatiga ham respublikaning markaziy shaharlarida havo harorati 30 darajadan yuqori issiqlikni tashkil etmoqda. Ayniqsa, 9-avgustga o‘tar kechasidagi tun mamlakatning yirik shaharlarida sovitish tizimlari bilan himoyalanmagan aholi tungi uyqulariga taʼsir etadi. Bu ko‘plab hududlarda namlikning yuqoriroq ko‘tarilishi hisobiga “dimiqish” issiqlik hissiyoti sharoitini bermoqda, deya holatni tahlil qilgan mutaxassis.
Kutilmalarga ko‘ra, 8—9-avgust kunlari hududlarda havo harorati 42 darajagacha issiq bo‘ladi.
Umuman olganda, bu yilgi avgust oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kunduz kunlari 30–38 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Izoh (1)
Urganchda 47 gradus koʻrsatdikecha