O‘zbekiston Transport vazirligi yuk va yo‘lovchilarni avtomobilda tashuvchilarga murojaat bilan chiqdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda taʼkidlanishicha, avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalarni ayirboshlash kvotasini belgilash, taqsimlash, berish va ulardan foydalanish Vazirlar Mahkamasi qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan nizomga asosan tartibga solinadi. Nizomning 3-bob 13-bandida xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarga bo‘lgan bir yillik umumiy ehtiyojni aniqlash uchun milliy tashuvchilar kelgusi yil boshlanishidan kamida uch oy oldin O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organiga tegishli shakl bo‘yicha buyurtmanomalar taqdim etishi zarurligi belgilangan.
Tahlillarga ko‘ra, 1-fevral holatiga milliy tashuvchilarning 40 foizi buyurtmanomalar taqdim etishgan.
“Bu esa o‘z navbatida xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni milliy tashuvchilar orasida taqsimlash jarayonlari ortga surilishiga sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan tashuvchilardan buyurtmanomalarni qisqa fursatlarda Transport vazirligiga taqdim etishlarini so‘rab qolamiz”, – deyiladi xabarda.
Izoh (0)