O‘zbekistonga sovuq havo massasi to‘liq kirib kelgan. Bu haqda “O‘zgidromet” bo‘lim boshlig‘i Humoyun Mag‘ripov maʼlum qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman
Mutaxassisning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan havo juda sovib ketarkan, degan gaplar noto‘g‘ri.
“Chunki shimoliy va janubiy hududlar orasida katta tafovutlar mavjud. Harorat -20 darajaga tushib ketarkan, degan gaplar faqatgina O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlari, yaʼni Qoraqalpog‘iston, Navoiy viloyatining shimoliy hududlarida kuzatilishi mumkin. Sovuq havo massasi O‘zbekistonga deyarli to‘liq kirib kelib bo‘lgan”, — dedi mutaxassis.
Humoyun Mag‘ripovning taʼkidlashicha, ayni paytdagi sovuq harorat anomal darajada emas.
“Anomal sovuqning o‘z taʼrifi bor. Bu o‘rtacha kunlik haroratdan 7 daraja past harorat kuzatilsa va bu holat ketma-ket 5 kun davom etsa, anomal sovuq deb ataladi. Hozir esa hech qanday vahimaga o‘rin yo‘q. Bu anomal sovuq emas, oddiy qish fasli”, — dedi u.
Avvalroq dekabr oyi iliq bo‘lishi va qish iliq kelishi deganda qanday ob-havo tushunilishi aytilgandi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda oxirgi 50 yildagi eng sovuq dekabr oyi haqida maʼlumot berilgan.
Izoh (0)