Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan boshlab DYHXX organlarida dvigateli 25 va undan ortiq kub/santimetr ish hajmiga ega bo‘lgan yoki konstruksiyaviy tezligi soatiga 25 va undan ortiq kilometr bo‘lgan avtomototransport vositalari, elektrodvigatelining quvvati 0,25 kVt va undan ortiq yoki soatiga 25 kilometr va undan yuqori tezlikka ega bo‘lgan elektromobillar (elektromototsikllar, elektroskuterlar va boshqalar), shuningdek, tirkama va yarim tirkamalar davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan transport vositalarini boshqarish faqat tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslarga ruxsat beriladi.
Ichki ishlar vazirligi uch oy muddatda:
- ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda elektrosamokatlarni ijraga berishni taqiqlash, ularni soddalashtirilgan tartibda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatga olish va ularga alohida davlat raqam belgilarini berish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
- ikki oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.
Shuningdek, loyiha bilan:
- “skuter” va “individual harakatlanish vositalari” tushunchalariga taʼrif berilib, ularning qaysi toifadagi transport vositasi turiga kirishiga aniqlik kiritilmoqda;
- yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda;
- Yo‘l harakati qoidalariga 1-ilova - Yo‘l belgilari esa qo‘shimcha ravishda 3.5.1 (skuterlar harakatlanishi taqiqlangan) va 3.34 (individual harakatlanish vositalarini boshqarish taqiqlangan) yo‘l belgilari bilan to‘ldirilmoqda;
- Yo‘l harakati qoidalari yangi 12-1 va 12-2-bandlar bilan to‘ldirilib, individual harakatlanish vositalari boshqaradigan shaxslarga taqiqlanadigan va majburiy bo‘lgan harakatlar belgilab berilmoqda.
“Individual harakatlanish vositalari” (IHV) — dvigatel (dvigatellar) (elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monog‘ildirak va boshqa shunga o‘xshash vositalar) yordamida odamning individual harakatlanishi uchun mo‘ljallangan bir yoki bir nechta g‘ildiraklari (roliklari) bo‘lgan transport vositasi.
Bundan tashqari, “Individul harakatlanish vositalari” boshqaradigan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:
14 yoshdan kichik shaxslarni boshqarishi (yopiq hududlarda boshqarish bundan mustasno);
- spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kuchli taʼsir qiluvchi moddalar taʼsirida yoki o‘zgacha tarzda mast holatda, sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori-darmonlar taʼsirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoqlik va betoblik holatida boshqarish;
- bir yoki bir nechta IHVni shatakka olish;
- tormoz tizimi, rul boshqaruvi, tovushli ishorasi, shuningdek sutkaning qorong‘i vaqtida yoki ko‘rinish cheklangan vaziyatlarda nosoz fara chiroqlari yoki fonarlar hamda orqa fara chiroqlari ishlamaydigan IHVni boshqarish;
- rulni ushlamasdan yoki bir qo‘lda ushlab harkatlanish (IHV uchun);
- yo‘lovchi bilan boshqarish;
- telefondan foydalanish.
IHV fara yoki fonar, tormoz, tovush ishorasi, shuningdek, old tomonida oq rangli, yon tomonida qizil yoki apelsin rangli, orqa tomonida qizil rangli nur qaytargichlar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
“Individual harakatlanish vositalari” boshqaradigan shaxslar:
- harakat davomida yo‘l harakati qoidalariga qatʼiy rioya qilishi;
- trotuarlardan, piyodalar yo‘lkalaridan, piyoda va velosiped yo‘lkalaridan soatiga 6 kilometr tezlikdan yuqori bo‘lmagan holatda, ular bo‘lmaganda esa yo‘lning o‘ng chetki qismida soatiga 20 kilometr tezlikdan yuqori bo‘lmagan holatda harakatlanishi;
- yo‘llarning qatnov qismidan harakatlanishi;
- turar joy dahalaridan chiqish vaqtida boshqa harakat ishtirokchilariga yo‘l berishi;
- qatʼiy ravishda boshqa transport vositalarini harakat yo‘nalishi bo‘yicha boshqarish kerak.
Aprel boshlarida Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti O‘zbekistonda elektrosamokatlarda harakatlanishni cheklashni taklif etgandi. Ta’kidlanishicha, mamlakatda mazkur transport vositalarining betartib harakatlanishi piyodalar, velosipedchi va avtomashinalar uchun qator muammolarni yuzaga keltirmoqda.
Izoh (0)