Kecha, 3-aprel kuni OAVda “JARA” festivali, boshqa ko‘plab tadbirlar singari Sankt-Peterburgdagi terakt munosabati bilan bekor qilinishi rejalashtirilgani haqida insayder ma’lumotlar tarqaldi.
2-aprel kuni bloger Vladlen Tatarskiyning ijodiy kechasi bo‘lib o‘tgan Universitetskaya qirg‘og‘ida portlash sodir bo‘lib, o‘nlab odamlar halok bo‘ldi.
Ushbu nashrlardan ko‘p o‘tmay festival asoschisi Emin Agalarov Instagram’dagi sahifasida rasmiy bayonot bilan chiqdi:
“Toshkentda 20—21-may kunlari rejalashtirilgan “JARA” festivali ko‘chiriladi. Afsuski, ayni vaqtda dunyodagi vaziyatni hisobga olib, katta musiqiy tadbirlarni o‘tkazib bo‘lmaydi.Biz artistlarimizni sevadigan va ularni kutayotgan ushbu loyihaning barcha muxlislariga minnatdorchilik bildiramiz”.
Avvalroq sotib olingan chiptalarni chipta operatorining kassalariga qaytarish mumkinligi alohida taʼkidlangan.
Voqeani sharhlar ekan, JARA Events marketing bo‘limi boshlig‘i Janara Bayseitova shunday dedi: “Bizning jamoamiz bir necha oylardan beri poytaxtimiz aholisi va mehmonlarini yorqin voqea bilan xursand qilish uchun ishlab kelmoqda edi. Albatta, festivalning ko‘chirilganidan afsusdamiz, lekin joriy voqealar fonida shunday qaror qabul qilinganiga xayrixohmiz. Yaqin kelajakda ‘JARA’ O‘zbekistonga kelishiga har holda shubham yo‘q”.
Eslatib o‘tamiz, “JARA” har yili o‘tkaziladigan xalqaro musiqa festivali bo‘lib, 2016-yilda ozarbayjonlik qo‘shiqchi, musiqachi va tadbirkor Emin Agalarov tomonidan unga asos solingan.
Festival ilk marotaba 2016-yilning 9—10-iyul kunlari Boku shahrida Kaspiy dengizi sohilidagi Sea Breeze dam olish maskanida o‘tkazilgan. Keyingi yillarda tadbir Germaniya, Qozog‘iston, Monako, BAA, Rossiya va Turkiyada bo‘lib o‘tgan.
Reklama huquqi asosida.