Samsung kompaniyasi yangi Galaxy S23 smartfonlar hamda uchta modelni o‘z ichiga olgan Galaxy Book noutbuklarining yangilangan modelini namoyish etdi.
Galaxy S23 va S23 Plus
Ikkala modelda ham Snapdragon 8 Gen 2 protsessorlari, 120 Gts yangilanish tezligiga ega 1080p OLED displeylar va Gorilla Glass Victus 2 mavjud.
Ikkala smartfon ham 50 megapikselli asosiy kamera, 12 megapikselli keng burchakli va 10 megapikselli uch karra masshtabli telefoto linzalariga ega. Old kamera endi 12 megapikselli avtofokusga ega va HDR videoni soniyasiga 60 kadr tezlikda suratga olishi mumkin.
Galaxy S23 ekranining o‘lchami 6,1 dyuym, Galaxy S23 Plus esa — 6,6 dyuym. Birinchisida 3900 mA/soat batareya, ikkinchisida 4700 mA/soat quvvatga ega akkumulyator mavjud.
Ikkala qurilmaning akkumulyator sig‘imi avvalgi avlod Galaxy S22 bilan solishtirganda 200 mA/soatga oshgan.
Qurilmalar to‘rtta rangda mavjud: lavanda, yashil, qaymoqrang va qora. Galaxy S23 ning narxi 799 dollardan, Galaxy S23 Plus esa 999 dollardan boshlanadi.
Galaxy S23 Ultra
Qurilma dizayndagi kichik o‘zgarishlarni jamlagan. Telefonning uzun qirralari, shuningdek, orqa panel va ekranning chetlari kamroq egrilashgan.
Galaxy S23 Ultra Snapdragon 8 Gen 2 protsessori, 8 yoki 16 Gb tezkor xotira va yangilangan 200 megapikselli asosiy kamera bilan jihozlangan. Smartfon 5G va Wi-Fi 6E tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Unda keng burchakli kamera va telefoto linzalari o‘zgarishsiz qoldi — mos ravishda 12 megapiksel va 10 megapiksel.
Galaxy S23 Ultra ham to‘rt rangda mavjud: lavanda, yashil, qaymoqrang va qora. S Pen stilus bilan birga keladi. Yangilikning narxi 1 200 dollardan boshlanadi.
Galaxy Book 3
Galaxy Book Pro 13-avlod Intel Core i7 protsessori, 32 Gb tezkor xotira, Intel Iris Xe grafik kartasi va 1 TB sig‘imli SSD’ga ega.
Noutbuk ikkita o‘lchamda mavjud — 14 va 16 dyuym. U ikki xil — qora va och kumush rangda mavjud. Qurilmaning narxi 1 499 dollardan boshlanadi.
Galaxy Book Pro 360 asosiy Pro modeli bilan bir xil xususiyatlarga ega. Shu bilan birga, uning ekrani teskari tomonga buklanib, planshet sifatida ishlatilishi mumkin. Shuningdek, u S Pen stilusini ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Noutbukning narxi 1 399 dollardan boshlanadi. Buyurtma uchun bir xil ikkita rang mavjud — qora va och kumush rang.
Galaxy Book Ultra 13-avlod Intel Core i7 protsessori, 32 Gb tezkor xotira, Nvidia RTX 4050 yoki RTX 4070 grafik kartasi, 1 TB SSD bilan jihozlangan. Qurilma ikki o‘lchamda — 14 va 16 dyuymda mavjud bo‘lib, 2880x1800 o‘lchamli dinamik AMOLED ekranga ega.
Galaxy Book Ultra 2 199 dollardan boshlanadi.