Fotoreportaj: Prezident tashrifiga tayyorgarlik ko‘rayotgan Namangan
Namangan viloyatida davlat rahbarining hududga tashrifiga astoydil tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar berdi.

Tayyorgarlikni birinchi galda markaziy ko‘chalarda sezish mumkin. Hudud qor va muzdan tozalangan, dov-daraxtlar butlanib, oqlanmoqda.



Yo‘llarning o‘ydim-chuqur qismlari tekislanib, asfalt bosilmoqda. Yo‘l chetidagi maydonlarning tuprog‘i ag‘darilib, bir tekis ko‘rinishga keltirilgan.



Shuningdek, asosiy yo‘nalishdagi manzillarga davlat bayroqlari o‘rnatilib, yangi yo‘l chiziqlari tortilmoqda.



Shu kunlarda obodonlashtirish korxonasi xodimlari va gulchilarning qo‘li-qo‘liga tegmayapti. Ular ko‘cha va xiyobonlarga sovuqqa chidamli, ko‘rkam gul ko‘chatlarini ekish bilan ovora.


Eng asosiysi, tashrifga tayyorgarlikni aholi bevosita sezmoqda: elektr va gaz taʼminoti sezilarli darajada yaxshilangan.

Maʼlumot uchun, Shavkat Mirziyoyev hafta yakunida Namanganga kelishi va mazkur tashrif davomida kichik sanoat zonalari, yangi ishga tushirilgan korxonalar bilan tanishishi kutilmoqda.