Odatda futbolchilarning liboslaridagi raqamlar ularga boshqalardan ajralib turish imkoniyatini beradi. Biroq bugunga kelib, bu nazariya biroz o‘zgargan va “chiroyli raqamlar” degan tushuncha paydo bo‘lgan. Tabiiyki, ushbu holatda jamoadagi eng yaxshi o‘yinchilar ana shu raqamlarga ega chiqadi.
Oxirgi yillarda “yerlik bo‘lmagan” Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi sabab 10 va 7-raqamlar shu qadar ommalashdiki, xuddi ulardan oldin bu raqamlardan hech kim foydalanmagandek. Ammo ulargacha ham bu raqamlar yaxshigina mashhur bo‘lgan va, ehtimol, “o‘zga sayyoraliklar” ham qaysidir futbolchiga havas qilib, mana shu raqamlarni tanlagandir. Garchi ularning soni ko‘p bo‘lsa-da, ushbu sahifada 10-raqam ostida o‘ynagan eng taniqli futbolchilar haqida fikr yuritiladi.
Diyego Maradona
2020-yilning noyabr oyida futbol olamini dahshatli bir yangilik qayg‘uga soldi: afsonaviy Maradona 60 yoshida bu hayotdan ko‘z yumdi. 10-raqam egasi Argentina va Neapolda (Italiya) shu darajada ulug‘lanardiki, uning vafotidan keyin vidolashish marosimiga millionlab odam yig‘ildi.
Nafaqat maydondagi, balki uning tashqarisidagi shov-shuvli harakatlari bilan ham muxlislar yodida abadiy qoladigan Maradona millionlar o‘yiniga futbol unga berganidan ko‘proq narsa bera olgan. Shunday ekan futbol olami bir umrga undan qarzdordir.
Ronaldinyo
Janubiy Amerika mintaqasidan bo‘lgan yana bir sehrgar Ronaldinyoning maydonda bajara olmaydigan ishi yo‘q edi. Bir safargi “El-Klasiko”da Ronaldinyo “Real” himoyachilarini birma-bir dog‘da qoldiradi, butun “Santyago Bernabeu” esa uni tik turgan holda olqishlaydi. Bu nimani anglatishini esa futbol muxlislari juda yaxshi biladi. 10-raqamning haqiqiy egalaridan biri bo‘lgan Ronaldinyoga Zlatan Ibrahimovich ham shunday ta’rif berganki, yana nimadir qo‘shimcha qilishga qalam ojizlik qiladi:
“Ronaldinyoning o‘yinidan zavqlanmaslik — haqiqiy jinoyat”.
Lionel Messi
Yuqorida qayd etilganidek, “o‘zga sayyoralik” laqabini (maqomini) olgan Lionel Messi mana qariyb 20 yildirki yuqori darajali o‘yin namoyish etib kelmoqda. Leoning hisobida 7 ta “Oltin to‘p” bilan birga sanoqsiz jamoaviy va shaxsiy sovrinlar bor.
2022-yil so‘ngida u azaliy orzusiga yetishdi — Qatar maydonlarida o‘tgan Jahon Chempionatida Argentina bilan birga g‘oliblikni qo‘lga kiritib, kubokni boshi uzra ko‘tardi. Bu orqali ushbu maqolada sanab o‘tilayotgan daholar kabi Jahon Chempionati etalonlaridan biriga aylandi.
Garchi “PSJ”ga o‘tganidan keyin sevimli raqamida o‘ynamayotgan bo‘lsa-da (Messi Parij klubida 30-raqamda o‘ynaydi), deyarli barcha futbol muxlisi uni hozirgi kunning birinchi raqamli “10-raqam egasi” deb aytadi.
Zinedin Zidan
Zidan o‘z vaqtda Fransiya termasi, “Yuventus” va “Real” tarkibidagi mukammal o‘yinlari bilan nafaqat o‘sha jamoalar, balki futbol olamidagi uch dahoning (Pele, Maradona, Zidan) biriga aylangan. Zidan faoliyati davomida faqat Fransiya terma jamoasi safida 10-raqam ostida harakat qilgan. Biroq shuning o‘ziyoq Zidanga ushbu raqamning haqiqiy egalaridan biriga aylanish uchun yetarli bo‘lgan.
Fransiyada Zidan shaxsiyatiga alohida hurmat ko‘rsatiladi. Maydonda hech kimga o‘xshamaydigan va o‘zigagina xos bo‘lgan harakatlarni amalga oshiradigan Zidanning faoliyatini yakunlashi ham shunga yarasha bo‘lgan: 2006-yilgi Jahon Kubogining final o‘yinida Italiya terma jamoasi himoyachisi Marko Materatssiga haqoratli so‘zlari uchun boshi bilan zarba beradi, hammasini ko‘rib turgan hakam Zinedinga qizil kartochka ko‘rsatadi. Fransiya esa mag‘lubiyatga uchraydi. Aynan mana shu uchrashuvdan keyin Zidan barchasiga qo‘l siltab, faoliyatini yakunlashini e’lon qiladi.
“Real”dagi yorqin o‘yinlari bilan yodda qolgan Zizu 2016-yilda ushbu klub bosh murabbiy etib tayinlanadi. Murabbiy sifatida ham Zidan maqtanishga arziydigan katta yutuqlarga erishdi: “Real” uning boshqaruvida ketma-ket uch marta Chempionlar Ligasida g‘olib chiqdi. Shuningdek, “Qirollik klubi” uning qo‘l ostida La Ligada ham g‘alabalarga erishdi.
Va albatta, Pele
Futbol olamida ushbu iqtibos ko‘p yangraydi: futbol ikkiga bo‘linadi, Pelegacha va undan keyin. Mana shu ta’rifning o‘ziyoq Peleni nafaqat 10-raqam egalari orasida, balki futbol olamida ham tengsiz ekanini isbotlaydi.
Braziliyalik maydonda mislsiz topqirlik va mahorat bilan harakat qilardi. U professional faoliyatini atigi 15 yoshida boshlaydi, 16 yoshda esa terma jamoada debyut qiladi. Pele futbol tarixida 3 marta Jahon Chempionatida g‘alaba qozongan yagona futbolchi hisoblanadi. Braziliyada uning nomi va faoliyati shu qadar qadrlanadiki, birorta yosh iste’dodli futbolchi yetishib chiqqudek bo‘lsa, darhol unga “yangi Pele” laqabi beriladi. Bundan keyin qay darajadagi futbolchi yetishib chiqmasin Pele doimo futbol qiroli bo‘lib qolaveradi va hech kimda bunga zarracha shubha yo‘q.
Afsuski, qirol 2022-yilning so‘ngida bu dunyoni tark etdi. Biroq u qoldirgan meros umrbod yashaydi.