Futbol bo‘yicha 2022-yilgi Jahon Chempionati yarim finalidan o‘rin olgan Argentina va Xorvatiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv hakamlari ma’lum qilindi.
Dastlabki yarim final o‘yinini Daniele Orsato boshchiligidagi italiyalik hakamlar guruhi boshqarib boradi. Unga qanotlarda Chiro Karbone va Alessandro Jallatini yordam beradi. To‘rtinchi hakam — Muhammad Abdulla (BAA).
VAR tizimida ham Italiya vakillari ishlaydi: Massimiliano Irrati va Paolo Valeri.
Orsato bunga qadar ushbu musobaqa doirasidagi ikkita o‘yinda ishladi: Qatar — Ekvador (0:2) va Argentina — Meksika (2:0).
Eslatib o‘tamiz, Argentina va Xorvatiya terma jamoalari bundan avval JCH—2018 guruh bosqichida ham o‘zaro to‘qnash kelgan. Xorvatlarning yirik g‘alabasi bilan tugagan o‘yinni (3:0) o‘zbekistonlik Ravshan Ermatov boshqarib borgandi.
Argentina — Xorvatiya uchrashuvi O‘zbekiston vaqti bilan 13-dekabrdan 14-dekabrga o‘tar kechasi 00:00 da boshlanadi.