Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Gonsalu Ramush bir nechta top-klublari qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.
Jornal de Noticias nashrining xabar qilishicha, “Benfika” futbolchini qishki transfer oynasida sotish istagida emas. Potensial xaridorlar Ramushni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lsa shartnomada ko‘rsatilgan tovon pulini to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
21 yoshli futbolchining “Benfika” bilan bitimida 120 million yevrolik tovon puli haqidagi band bor. Klub ayni vaqtda bundan kam miqdordagi pulga rozi bo‘lmoqchi emas. Qayd etish kerak, yozda portugal klubi Ramushni 40 million yevro evaziga sotishga tayyor edi.
Forvard bilan bog‘liq vaziyatni “Yuventus”, “Manchester Yunayted”, “Bavariya”, “Nyukasl”, “PSJ” va “Vulverhempton” klublari kuzatib bormoqda.
Gonsalu Portugaliya terma jamoasining JCH—2022 nimchorak finali doirasida Shveysariyaga qarshi kechgan o‘yinida (6:1) asosiy tarkibda Krishtianu Ronalduning o‘rnini egalladi va o‘sha bahsda uchta gol hamda bitta assist muallifiga aylandi. Mag‘lubiyat bilan tugagan chorak final o‘yinida (Marokashga qarshi 0:1) ham Ramush asosiy tarkibda tushdi, biroq samarali harakat amalga oshira olmadi.
Futbolchi joriy mavsum Portugaliya chempionatida 11 ta o‘yin o‘tkazib, 9 ta gol urishga erishdi.
Mavzuga doir: Gonsalu Ramush mundialda 32 yillik natijani takrorladi