Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Noyabr oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin, rasman ma’lum qilinganidek, “maxsus harbiy operatsiya ishtirokchilari bo‘lgan harbiy xizmatchilarning onalari” bilan uchrashgandi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov va hukumatparast OAVlar tadbirni “safarbar etilganlarning onalari” bilan uchrashuv deb ta’riflagan bo‘lsa-da, 16 nafar ishtirokchidan faqat uch nafarining o‘g‘illari safarbar qilingani ma’lum bo‘ldi, deb yozadi Meduza. Bu haqda Kreml saytida va matbuotda e’lon qilingan ma’lumotlar darak bermoqda. Qolganlar esa “ko‘ngillilar” yoki harbiy xodimlarning onalari deb tanishtirilgan.

Vladimir Putin va uchrashuv ishtirokchilari

Vladimir Putin va uchrashuv ishtirokchilari
Foto: AP Photo

Putin bilan uchrashuvga taklif etilganlar orasida mutlaqo tasodifiy bo‘lmagan “onalar” borligi deyarli darhol ma’lum bo‘ldi. Meduza hisob-kitoblariga ko‘ra, 16 ishtirokchidan 11 nafari yo budjet tashkilotlarida, yo hukumatparast jamoatchilik harakatlarida ishlaydi.

Masalan, ular orasida Yahudiylar muxtor viloyati hukumati raisi o‘rinbosari, Tiva Respublikasi Kaa-Xem tumani oila, yoshlar va sport bo‘limi boshlig‘i hamda “Yagona Rossiya”ning Moskva munitsipal deputati bo‘lgan.

Mustaqil birlashmalar, masalan, Askarlar onalari qo‘mitasi vakillari uchrashuvga chaqirilmagan.

Meduza’ning Rossiya prezidenti ma’muriyatiga yaqin bo‘lgan ikki manbasi ushbu uchrashuv qanday tashkillashtirilgani haqida ma’lum qildi. Ularning aytishicha, tadbir g‘oyasi safarbar etilganlar va ularning yaqinlari tomonidan safarbarlikning borishi bo‘yicha noroziliklar fonida paydo bo‘lgan. “Safarbarlik ko‘pchilikka ta’sir qildi, aksariyat hali ham xavfsiramoqda. Prezident muammolardan xabardorligi va odamlar haqida unutib qo‘ymayotganini ko‘rsatib berish muhim edi”, — deya uchrashuv mohiyatini tushuntirdi manbalardan biri.

Biroq “kerakli miqdordagi onalar”ni topish qiyin bo‘lishi tezda yuzaga chiqqan: “Prezidentning yoniga ko‘chadan kelgan odamlar qo‘yilmaydi. Ular nimadir so‘rab qolishi, talab qilishi mumkin, noxush holatlar yuzaga kelishi mumkin”.

“Ko‘chadan kelmagan odamlarning bolalari esa safarbar etilmagan”, — deya qo‘shib qo‘ydi manbalardan biri.

“Safarbar etilganlarning onalari” ikkita yo‘nalish bo‘yicha qidirilgan. Ba’zi ishtirokchilarni prezident ma’muriyati xodimlarining o‘zlari topgan: ular orasida, Meduza ma’lumotlariga ko‘ra, “Umumrossiya xalq fronti”ning Podmoskovye bo‘linmasi rahbari Yuliya Belexova hamda “vatanparvarlik” kinosi rejissori Olesya Shigina bo‘lgan. Kremldagi uchrashuvda Belexova o‘g‘li safarbar qilinganini tasdiqlagan, Shigina esa uning o‘g‘li ko‘ngilli sifatida jang qilayotganini aytgan.

Putin bilan uchrashuvga ular prezident ma’muriyatining jamoatchilik loyihalari bo‘yicha boshqarma yordamida kelgan va ular ushbu boshqarma rahbari Sergey Novikov yuritayotgan loyihalar haqida gapirib bergan. Ayollar prezidentga shunday loyihalar borligini eslatib, undan ko‘mak so‘ragan, deya tushuntirdi Meduza manbasi.

“Safarbar etilganlarning onalari”ni qidirishda ikkinchi yo‘nalish esa hududlar bilan ishlashdan iborat bo‘lgan. Federal hukumat bir qancha hududlar ma’muriyatlariga “to‘g‘ri keladigan ayollarni tanlab olish”ni topshirgan. Uchrashuv qatnashchilari, tashkilotchilar g‘oyasi bo‘yicha, hukumat iyerarxiyasiga kirishi yoki “qachon va nimani gapirish kerakligini bilishi” zarur bo‘lgan.

Meduza manbasiga ko‘ra, ayollarga Putin bilan uchrashuvga borish evaziga hech qanday moddiy manfaat va’da qilinmagan: ular, go‘yoki, “davlat rahbarini ko‘rish” va “hududiy darajada ko‘zga ko‘risnish” imkoniyatining o‘zidan “ruhlangan”.

Hududlar hukumatlari uchun esa ularning tadbirda tilga olinishi muhim bo‘lgan. “Bu sening hududing va o‘zing ham prezident e’tiboriga tushishi uchun kerak”, — deya tushuntirdi Meduza suhbatdoshlaridan biri.

Putin bilan uchrashuvda ishtirokchilar haqiqatan ham Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga, Tula viloyati gubernatori Aleksey Dyuminga, Yoqutiston rahbari Aysen Nikolayevga va Yahudiylar muxtor viloyati yetakchisi Rostislav Goldshteynga minnatdorlik bildirgan.

Meduza uchrashuv ishtirokchilari bilan bog‘lanishga urinib ko‘rgan, biroq ularning hech biri qo‘ng‘iroqlarga ham, xatlarga ham javob bermagan.

Eslatib o‘tamiz, uchrashuv Putinning Novo-Ogaryovodagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezident va harbiy xizmatchilarning onalari o‘rtasida erkin suhbat o‘tkazilishini aytgan.

“Shuni bilishingizni istardimki, shaxsan men va butun mamlakat rahbariyati sizning dardingizga sherikmiz. Farzandidan ayrilishni hech qaysi ota-ona ko‘tara olmaydi. Rossiya hukumati halok bo‘lgan askarlarning onalari o‘zlarini unutilganday his qilmasliklari uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qiladi. Hech narsa yo‘qotilgan o‘g‘ilning o‘rnini bosolmaydi”, — dedi Putin.

Shuningdek, Rossiya rahbari urush maydonidagi harbiylarga shaxsan o‘zi qo‘ng‘iroq qilgani va ularning muammolari bilan qiziqqanini ta’kidlab, ularni qahramonlar deb atagan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Moliya
Chorva mollaridan avtomobilgacha: nega o‘zbekistonliklar o‘z jamg‘armalarini bankda saqlamaydi?
Mahalliy
Nukusda gaz portlagan uy vayronalari ostidan 5 yoshli qizaloq qutqarildi, bir kishining jasadi topildi 
Dunyo
Amerikadagi rus mafiyasi boshlig‘iga aylanib, Rossiyada o‘lim topgan “qonundagi o‘g‘ri” — “Yaponchik”. Kun xronologiyasida 29-yanvar