Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Kontrabanda tamaki mahsulotlari ko‘proq qaysi hududlar orqali O‘zbekistonga kirib kelmoqda? Kontrabandachilar sigaretalarni chegaradan noqonuniy olib o‘tishda qanday usullardan foydalanadi? “Daryo” nashri shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Husan Tangriyev suhbat uyushtirdi.

Kontrabanda tamaki mahsulotlari ko‘proq qaysi hududlardan mamlakatga olib kiriladi?

Bojxona xodimlari chegara o‘tkazish punktlari, ya’ni chegara-bojxona postlarida faoliyat olib boradi. Aynan temir yo‘l, avtotransport yoki piyodalar harakatlanadigan chegara-bojxona postlarida tamaki mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri noqonuniy olib o‘tishga urinishlar juda kam uchraydi. Ya’ni noqonuniy ishlaydigan “tadbirkor”lar bu darajadagi tavakkalga qo‘l urmaydi. Chunki ular bojxona postlarida yashirincha olib o‘tilayotgan tamaki mahsulotlarini fosh etish osonligini bilishadi.

Yana bir tomoni, hozirda chegaralarimizda aynan tamaki mahsulotlarini izlab topishga ixtisoslashgan xizmat itlari ham bor. Lekin shunga qaramasdan tan olish kerakki, tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib o‘tilishi holatlari ko‘p uchrayapti. Ichki hududda ochiqchasiga sotilayotgan kontrafakt tamaki mahsulotlari savdosini hammamiz ko‘rib turibmiz. Buni berkitmoqchi ham emasmiz. Eng ko‘p bu kabi holatlar esa bojxona nazorati o‘rnatilmagan chegaradosh hududlarda sodir etilmoqda. Chunki, masalan, Farg‘ona viloyatida chegaralarimiz juda ham murakkab va u yerlarda bojxona nazorati o‘rnatilmagan aylanma yo‘llar mavjud. Mana shu hudud orqali tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirishga bo‘lgan urinishlar ko‘zga tashlanyapti.

Statistikaga ko‘ra, joriy yilning 8 oyi davomida tamaki mahsulotlari kontrabandasiga oid 237 ta holat aniqlangan. Shundan eng ko‘pi (69 tasi) Namangan viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgan. Aynan Namanganda tamaki mahsulotlarini noqonuniy yo‘llar bilan olib o‘tishga urinishlar ko‘proq uchramoqda. Shu bilan birga, Farg‘ona viloyati va Toshkent xalqaro aeroportida ham shu kabi noqonuniy harakatlar ko‘zga tashlanmoqda.

Husan Tangriyev

Husan Tangriyev
Foto: “Daryo”

Tamaki mahsulotlari qaysi usullar bilan mamlakatga olib o‘tiladi?

Tamaki mahsulotlarini chegaradan noqonuniy olib o‘tishning bir qancha usullari aniqlangan. Masalan, yaqinda Toshkent viloyatida bo‘lgan holatni olaylik. U yerda qishloqlar ichidan oqib o‘tadigan transchegaraviy soy va kanallar bor. “Uddaburonlar” tamaki mahsulotlarini polietilen paketlarga o‘rab, suvga oqizgan va shu orqali mamlakatga olib o‘tishga uringan. Yoki bo‘lmasa, chegaradosh va simto‘siqlar o‘rnatilgan hududlarga yaqin joylarga tamaki mahsulotlarini chegaraning narigi tarafidagilar joylashtiradi. Sheriklariga lokatsiya beradi, chegaraning bu tomonidagilar kelib, o‘sha tamakilarni qabul qilib olish holatlari ham bo‘lgan. Ya’ni ular bir-biri bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaga kirishmaydi.

Yana ko‘p uchraydigan jihatlardan biri – chegaradosh hududlarda joylashgan turar joylardan “yama” sifatida foydalanish holatlaridir. Ya’ni chegaradosh hududlarda yashayotgan yurtdoshlarimiz noqonuniy olib o‘tishga muvaffaq bo‘lingan tamaki mahsulotlarini yashirish uchun o‘zlarining uylaridan joy bergan holatlar ham bo‘ladi.

Albatta, sigaretalarni chegara-bojxona postlari orqali ham yengil avtotransport vositalarini ko‘z ilg‘amas bo‘shliqlariga yoki o‘rindiqlarining ostiga yashirib olib o‘tishga urinishlar uchrab turadi. Lekin bular kam miqdorda. Shu bilan birga, tamaki mahsulotlarini xalqaro aeroportlarimizda qo‘l yuki va bagajlarda olib o‘tishga ham urinishlar ko‘zga tashlanmoqda. Va bu ham uncha ko‘p miqdorni tashkil qilmaydi. Asosiy miqdor, aytganimdek, chegaradosh hududlardan olib o‘tiladi.

Foto: “Daryo”

Muammoni qanday bartaraf qilish mumkin?

Birinchi galda bunday noqonuniy harakatlar nima uchun sodir bo‘lishi, muammoning ildizlarini ko‘proq tahlil qilinishi kerak. Masalan, 3-4 yil ilgari bu kabi urinishlar hozirgidek darajada ko‘zga ko‘p tashlanmas edi. Buni tan olish kerak. Masalani tahlil qilib qaralsa, shu yil 695 ming quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib o‘tilishi to‘xtatib qolindi. Ularning umumiy summasi 6 milliard 568 million so‘mni tashkil etadi.

Bunda faqatgina chegara qo‘shinlari, bojxona xizmati qayoqqa qarayapti, degan bilan ish bitmaydi. Bu yerda jamoatchilik nazorati juda muhim ahamiyatga ega. Chunki xohlaysizmi, yo‘qmi, chegaraning har bir qarichini, barcha nuqtasini doimiy ravishda nazorat qilish fiziologik nuqtayi nazardan imkonsiz, xodimlar bunga ulgurmaydi. Shuning uchun bu yerda jamoatchilik nazorati bo‘lishi zarur.

Tamaki mahsulotlari aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlar sirasiga kiradi va ular aksiz markalari bilan markalangan bo‘lishi kerak. Bugun ichki hududda aksiz markasi bilan markalanmagan tamaki mahsulotlari savdoda bormi, demak, u aniq noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelgan. Aytishim kerakki, chegara-bojxona postlaridan bu kabi tovarlarni noqonuniy olib o‘tish deyarli imkonsiz. Bunday mahsulotlar asosan, chegaradosh hududlarda, bojxona nazorati o‘rnatilmagan aylanma yo‘llar orqali olib kirilyapti.

Masalaning yechimi esa ularni ushlash yoki tovarini musodara qilish bilan bitmaydi. Avvalo, shunga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etilsa, bu kabi holatlar o‘z o‘zidan keskin kamayadi. Albatta, buni bojxona tarif siyosati bilan ham bog‘liqligini inobatga olish lozim.

Foto: “Daryo”

Kontrabanda sodir etganlarga nisbatan qanday choralar ko‘riladi?

Aniqlangan holatlarda, tamakining kam, o‘rta yoki ko‘pligini bildiruvchi miqdorlar bor. Mana shu jihatlardan kelib chiqib javobgarlik belgilanadi. Tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib o‘tilishi bilan bog‘liq jinoyat ishi ochilgan holatlar ham bor. Bu jarayonda bojxona organlari holatni fosh qiladi. Hujjatlar rasmiylashtiriladi. Ish sudda ko‘riladi va jazo muqarrarligi ta’minlanadi.

Ayrim odamlar ushlab qolingan tamaki mahsulotlarini bojxona xodimlarining o‘zlari sotuvga chiqarib yuboradi, degan ayblovlar qo‘yadi. Bu noo‘rin ayblovlardir. Noqonuniy ushlab qolingan tamaki mahsulotlari so‘zsiz yo‘q qilinadigan tovarlar sirasiga kiradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ba’zi tamaki mahsulotlari O‘zbekiston hududiga BAA va Koreyadan kirib keladi. Ular mamlakatda noqonuniy ravishda sotiladigan kontrabanda sigaretalarning asosiy oqimini tashkil qiladi. O‘rganishlarga ko‘ra, har 3 nafar sigareta chekuvchidan 2 nafari noqonuniy sigaretlarni bozorlarda yoki ko‘chadagi sotuvchilardan sotib oladi. Noqonuniy sigareta savdosining asosiy nuqtalari ham bozorlar va ko‘cha sotuvchilaridir. 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
“Ukrainadagi urushni Rossiya boshlamagan” — Putin (video)
Mahalliy
O‘zbekistonda davlat tashkilotlari mashinalariga gaz quyish vaqtincha taqiqlandi
Mahalliy
Toshkentda Cobalt yo‘ldan o‘tayotgan ona-bolani urib yubordi (video)