Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida 2022-yilning 21-iyul kuni baxtsiz hodisa oqibatida maktabgacha ta’lim tashkilotining 4 yoshli tarbiyalanuvchisi vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan kun soat taxminan 08:30 da bolani katta opasi 23-sonli DMTT tarbiyachilari ixtiyoriga olib kelib bergan. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachilari va rahbarining beparvo va loqayd munosabati oqibatida tarbiyalanuvchi MTT hududidan ruxsatsiz chiqib, opasining orqasidan yugurgan. Harakat oqibatida baxtsiz tasodif bilan sirpanib, uyi yaqinidan oqib o‘tuvchi “Sobirjon” daryosiga yiqilib tushib, cho‘kib ketgan.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri baxtsiz hodisa tafsilotlariga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston tumanida bo‘lib, maktabgacha ta’lim tashkiloti mas’ullari va guvohlar bilan suhbatlashdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, 23-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti O‘zbekiston tumanining “Qum” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan. Hozirgi kunda 90 o‘ringa mo‘ljallangan bog‘chada 3 ta guruhda 90 nafar bola maktabgacha ta’limga qamrab olingan. Bu yerda 21 nafar xodim faoliyat yuritadi. Maktabgacha ta’lim tashkilotining sobiq mudirasi Mohira Sultonovaning ma’lum qilishicha, baxtsiz hodisa yuz bergan kunlarda u mehnat ta’tilida bo‘lgan.

Mohira Sultonova.

Mohira Sultonova.
Foto: “Daryo”
May oyida bizda ‘Xayr bog‘cha’ tadbiri bo‘ldi. Shundan keyin bo‘shagan o‘rinlarga yangi tarbiyalanuvchilarni qabul qilganmiz. Iyun oyida Davlat xizmatlari markaziga borib, hamma bolalarning yo‘llanmalarini o‘zim chiqarib kelganman. Shu bolalarning ichida Muhammad Akbar ham bor ekan. Bog‘chaga bir-bir yarim oy qatnaganidan keyin shu voqea sodir bo‘ldi. O‘sha kuni ishxonada emasdim. 16-iyul kunidan mehnat ta’tiliga chiqqandim. Ertalab shunaqa ish bo‘ldi, deb telefon qilishgandi, tezda yetib keldim. Tarbiyachilardan nima bo‘lganini surishtirdim. Ertalab Muhammad Akbarni bog‘chaga opasi olib kelgan ekan. U bog‘chada qolishni xohlamasdan, opasiga ergashibdi. Tarbiyachisi orqasidan borib, bolani olib qolishga harakat qilibdi. Opasi, yo‘q olib ketaveraman, yig‘layapti, baribir qolmaydi, deb olib ketibdi.

Bog‘chadan chiqib ketganidan keyin ular uylariga borgan ekan. Xolalari, qarindoshlari bolalari bilan mehmonga kelgan. O‘shalar bilan ko‘chaga chiqib, o‘ynayotgan vaqtida oyog‘i sirpanib, soyga tushib ketibdi. 21-iyul kuni ertalab bola haqiqatan ham bog‘chaga kelgan. Keyin yig‘lab, opasining orqasidan ergashib chiqib ketgan. O‘sha kuni uning ism-familiyasi yo‘qlama daftariga qayd etilmagan”, — deydi Mohira Sultonova.

Bola tarbiyalangan kichik guruh tarbiyachisi Sharifaxon Mo‘minovaning ta’kidlashicha, o‘sha kuni ertalab bola bog‘chaga kelgan, lekin qolishni istamasdan, opasi bilan uyiga qaytib ketgan. Baxtsiz hodisa ham bog‘cha yaqinida emas, balki bolaning uyi atrofida sodir bo‘lgan.

Foto: “Daryo”
O‘rta kichik guruhda yordamchi tarbiyachi bo‘lib ishlayman. O‘sha kuni ishga kelib, bolalarni qabul qilib olayotgan edim. Guruhlar almashgani uchun yangi bolalar ko‘p edi. Boshida ularni bog‘chaga ko‘nikishi qiyin bo‘ladi. Yig‘lagan bolalarni ko‘ndirib turgandim. Muhammad Akbarni opasi olib keldi. U bog‘chada qolishni xohlamasdan, orqaga tisarildi. Qo‘limdagi bolani qo‘yib, keling Muhammad Akbar deb oldiga bordim. Baribir ko‘nmadi, opasini qo‘lidan chiqib, ko‘chaga qochib ketdi. Orqasidan opasi chiqdi. Men ham bolalarni yordamchimga qoldirib, ularning orqasidan ko‘chaga yugurib chiqdim. Shunda ham bola qolishni istamadi. Opasi ham qo‘yavering, uyga qaytarib olib ketaman dedi. O‘sha payt telefon qilib, bu haqda ota-onasini ogohlantirib qo‘yish xayolimga kelmabdi. Yarim soat, bir soatdan keyin shu xabar keldi. Bola soyga oqib ketibdi, deyishdi. Keyinroq buvisi ham bog‘chaga keldi, jahl ustida bizga e’tiroz ham bildirdi. Lekin o‘sha kuni nabirasi bog‘chadan chiqib, uyga qaytib borganini aytdi”, — deydi guruh tarbiyachisi Sharifaxon Mo‘minova.
“Qum” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shavkatjon Ergashevning aytishicha, soyga oqib ketgan bolani 40-50 nafar mahalladoshlar 2-3 soat davomida qidirgan. Afsuski, bola qo‘shni tuman hududida nobud bo‘lgan holda topilgan.

Shavkatjon Ergashev.

Shavkatjon Ergashev.
Foto: “Daryo”
O‘sha kuni soat 9:00 lar atrofida menga qo‘shnilari telefon qilib, Sherzodjonning o‘g‘li soyga tushib oqib ketganini aytishdi. Ularning hovlisi ishxonamizga yaqin edi, orasi 200-300 metr chiqadi. Darrov yetib bordim. Uylariga kirsam, xolasi o‘tiribdi. Qolganlar bolani qidirish uchun soy tomonga ketishgan ekan. Soyga tushsam, voqea joyini ko‘rsatib, mana shu yerda o‘tni ushlab, sirpanib tushib ketdi deyishdi. O‘sha kunlari paxtaga suv qo‘yiladigan payt edi, bu soyda juda katta suv bo‘lgan. Suvchilarga telefon qildik, suvni to‘xtatib turish uchun. Suvni berkitishganidan keyin bolani 40-50 kishi 2-3 soat davomida qidirdik. Afsuski, bola Uchko‘prik tumanining Toshkentliguzar mahallasidagi suv o‘tkazish darvozasidan nobud bo‘lgan holda topildi”, — deydi mahalla raisi Shavkatjon Ergashev.
Suvga cho‘kib ketgan bolaning buvisiga ko‘ra, o‘sha kuni nabirasi bog‘chada qolmasdan, uyga qaytib kelgan. Bog‘cha xodimlarining bolalarga nisbatan e’tiborsizligi esa ilgari ham bir necha marta kuzatilgan.

Foto: “Daryo”
O‘sha kuni nabiramni bog‘chaga 5-sinfda o‘qiydigan opasi olib kirgan. Tarbiyachilarni oldiga olib borgan. Beshta tarbiyachi qarab turgan ekan. Tashlabdi-yu, chiqaveribdi. Orqasidan ukasi ham qaytib chiqqan. Yigirma metrcha bu yoqqa kelganda, tarbiyachisi chiqib, ukangizni olib keling degan. Opasi qaytarib olib ketaveraman, endi kirmaydi, debdi. Keyin qaytib olib kelavergan. Shu yerdan o‘tib, bizning hovlimizga kiribdi. Men ham uyda yo‘q edim. Bo‘lmasa o‘zim qaytarib olib kirardim bog‘chaga. Ayasi ham bilmaganda, uni bog‘chadan qaytib chiqqanini. Anavi yerda soy bor. Keyin o‘sha tomonga o‘tib, soyga borib o‘ynab, sirpanib ketibdi. Shu bilan oqib ketibdi katta soyda. 3-4 kun o‘tgandan keyin bog‘chaga kirib, tarbiyachilarga e’tiroz bildirib chiqdim. Bir marta bog‘chaga nabiralarim bilan o‘zim birga borgandim. Opasi tarbiyachilarni oldiga olib kirsa, ular qarashmabdi. Ukasini tashlab, darvozani oldiga qaytib chiqdi. Ukasi ham orqasidan chiqib, kirmayman dedi. Keyin o‘zim olib kirib, nimaga kelgan bolaga qaramaysizlar, nima uchun bee’tiborsizlar deb e’tiroz bildirgandim”, — deydi marhum bolaning buvisi
Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur ma’lumot vazirlikka kelib tushishi bilanoq barcha holatlarga oydinlik kiritish maqsadida zudlik bilan kompleks tekshirish ishlari boshlangan. Tekshiruv davomida ushbu tashkilot xodimlari kasbiy faoliyati jarayonida qo‘pol qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygani aniqlangan. Jumladan, ular bolalarning bog‘cha hududidan ruxsatsiz chiqib ketishiga beparvo qaragan.

Foto: “Daryo”

Natijada huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotining barcha mansabdor shaxslari va xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi bilan tergovga qadar jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekiston tumanidagi 23-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida yuz bergan voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ta’kidlash kerak, mazkur baxtsiz hodisa maktabgacha ta’lim tashkiloti hududida emas, tarbiyalanuvchi istiqomat qiladigan uyning orqa tarafida, yashash xonadonining bog‘ qismidan oqib o‘tgan soyda sodir bo‘lgan.

Tarbiyalanuvchi voqea sodir bo‘lgan kuni ertalab opasi hamrohligida O‘zbekiston tumani ‘Qum’ mahallasida joylashgan 23-sonli bog‘chaga kelgan. Ta’lim tashkilotida uni tarbiyachisi kutib olgan. Biroq, tarbiyalanuvchi bog‘chada qolishni xohlamasdan, injiqlik qilib yig‘lagan. Ukasini ko‘ndira olmagan opasi bolani qaytarib olib ketgan. Bola uyiga qaytib borib, mehmonga kelgan xolasining farzandlariga qo‘shilib o‘ynayotgan vaqtda oyog‘i sirpanib soyga tushib ketgan. Natijada shunday baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan.

Ushbu ma’lumotlarni marhum tarbiyalanuvchining yaqinlari, xususan uni bog‘chaga olib borgan va u yerdan qaytarib olib ketgan opasi ham tasdiqlagan. Mazkur baxtsiz hodisadan so‘ng boshqarma boshlig‘ining topshirig‘i bilan viloyatdagi barcha shahar va tumanlardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ehtiyot choralarini kuchaytirish, tarbiyalanuvchi o‘g‘il-qizlarni voyaga yetgan shaxslar — ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi boshqa yaqinlaridan qabul qilib olish va kun yakunida ularga topshirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi”, — deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi axborot xizmati rahbari Fayzullo Sultonov.

Fayzullo Sultonov.

Fayzullo Sultonov.
Foto: “Daryo”

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, 23-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining moliyaviy faoliyati o‘rganilganda, tarbiyalanuvchilar uchun sarflanishi lozim bo‘lgan 24,3 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari talon-toroj qilingani aniqlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “g” bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Farg‘ona viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi rahbari Yulduzxon Xo‘jayevaning ta’kidlashicha, hozirda maktabgacha ta’lim tashkilotida oziq-ovqat mahsulotlari talon-toroj qilingani yuzasidan aniq ma’lumot mavjud emas. Ushbu holatga aniqlik kiritish uchun huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari hamda mutaxassislar ishtirokida o‘rganish ishlari olib boriladi. Shundan so‘ng, holat yuzasidan batafsil ma’lumot beriladi.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatib boradi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Prava”ni yangisiga almashtirib beradigan onlayn xizmat faoliyatida nosozlik kuzatilmoqda
Mahalliy
O‘zbekistonda gaz zapravkalar qayta ochilishi kutilmoqda
Dunyo
Rossiya Belarusga yangi harbiy qismlar joylashtirdi — Ukraina chegara xizmati