O‘zbekistonda Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari boshlandi. “Daryo” muxbirlari imtihon bo‘lib o‘tayotgan hududlarda bo‘lib, jarayonni foto va videotasvirga oldi.
Farg‘ona
“Daryo”ning Farg‘ona viloyatidagi muxbiri Azizjon Ermatovning ma’lumot berishicha, bugun viloyatning 3 ta hududida OTMlarga kirish uchun test sinovlariga start berilgan.
Farg‘ona viloyatining Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari hamda So‘x tumanida joylashgan stadionlarda test sinovlari boshlangan.
Davlat test markazi Farg‘ona viloyati bo‘limi boshlig‘i Ismoil Shokirovning ma’lum qilishicha, bu yil viloyatda 102 ming 400 nafardan ortiq abituriyentlar test sinovlarida qatnashishi kutilmoqda.
Imtihonga kelgan har bir abituriyentga ruchka, salqin ichimlik va bosh kiyimi (kepka) berilmoqda. Shuningdek, imtihon jarayonida shaffoflik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida test sinovlari o‘tkaziladigan hududlarda videokuzatuv hamda jamoatchilik nazorati tashkil etilgan.
Namangan
Namanganda ham test sinovlari uchta manzil — “Barkamol avlod” sport majmuasi, “Dinamo” va “Navbahor-Umid” o‘yingohlarida bo‘lib o‘tmoqda.
Nashrning viloyatdagi muxbiri Azizbek Abduvaliyevning ma’lumot berishicha, imtihon bo‘lib o‘tayotgan manzillarda viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan imtihonlar o‘tkaziladigan payt avtomomobillar harakati vaqtinchalik cheklanishi oldindan e’lon qilingan.
“Tonggi soat 06:00 dan boshlab abituriyentlar test sinovlari o‘tkaziladigan joylarga birin-ketin kela boshladi. Ularni Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari qarshi olib, hujjatlarini tekshirib, barchasi to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil qilgandan so‘ng ichkariga kirita boshladi. Bu yerda Davlat test markazi viloyat vakilligi mutasaddilari imtihonlar va ularni topshirish tartibi haqida tushuncha bergach, test sinovlari boshlandi”, — deydi jarayonni nazorat qilib turgan vakillardan biri.
Namanganda joriy yil oliy o‘quv yurtlariga jami 77 mingdan oshiq abituriyent hujjat topshirgan.
Andijon
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov test boshlanishidan avval imtihon o‘tkazilayotgan joyga kelib, barcha abituriyentlarga omad tiladi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulov.
Andijon shahridagi sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabining asosiy o‘yingohida o‘tkazilgan test sinovlarining birinchi smenasida 2597 nafar abiturent ishtirok etgan.
Davat test markazi Andijon viloyat bo‘limi boshlig‘i Nizomiddin Toshtemirovning ma’lum qilishicha, test sinovlari 8-avgustdan 20-avgustga qadar o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, jarayonda 69 ming 895 nafar abituriyent ishtiroki kutilmoqda.
Dastlabki kunning birinchi smenasida jami 2820 nafar abiturent ishtirok etishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, ularning 223 nafari nomalum sabablarga ko‘ra, imtihonga kelmagan. Test jarayonlaridan chetlashtirilganlar esa hozircha yo‘q.
Buxoro
Buxoroda bo‘lib o‘tayotgan test jarayonlarining birinchi kunida esa 195 nafar abituriyent noma’lum sabablarga ko‘ra imtihonga kelmadi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri Laylo Hayitova.
Buxoro shahrining “Umid” tennis korti hamda “Dilkusho” tennis sport majmuasida bo‘lib o‘tgan test jarayonlariga 195 nafar abituriyent qantashmagan.
Ta’kidlanishicha, oliy ta’lim muassassalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlarining birinchi smenasida qatnashishi lozim bo‘lgan 2580 nafar abiturentdan 2385 nafari qatnashgan.
“Test sinovlari jarayonida ikki nafar abituriyent o‘zaro gaplashganligi uchun chetlatildi. Test sinovlarining adolatli, xolis va shaffoflik bilan o‘tkazilishi ta’minlanadi. Mazkur jarayonlarda abituriyentlarning ota-onalari o‘z farzandlarini ko‘rishlari, soya-salqinda dam olishlari uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Imtihon jarayonlarini onlayn kuzatib borish imkoni ham mavjud”, — dedi Davlat test markazi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Izzat Rahmonov.
Samarqand
“Daryo”ning Samarqand viloyatidagi muxbiri Farhod Norbo‘tayevning ma’lumot berishicha, viloyatdagi imtihonda ikki nafar abituriyent boshqa birovning o‘riniga kirishga uringan.
Viloyatda beshta ochiq maydonda jami 5460 ta joy hozirlangan bo‘lib, bir kunda 10920 nafar abituriyent imtihon topshiradi.
“Bugungi test sinovlari 2022—2023-yilga oliy ta’lim muassasalarining bakalavr yo‘nalishiga kirish test sinovlari hisoblanadi. Samarqand viloyatida beshta joyda imtihonlar bo‘lishi belgilangan. Stadionda 45 ta guruhga mo‘ljallangan joy tayyorlangan. Har bir guruh uchun alohida kamera. Ikkita onlayn efirga uzatuvchi kamera uzluksiz 24 soat ishlaydi. Shuningdek, 360 gradusga aylanuvchi ikkita kuzatuv kamerasi ham o‘rnatilgan. Abituriyentlar kirish qismiga ham kameralar, feys kontrol o‘rnatilgan. Har bir abituriyent quyoshdan himoyalanuvchi kepkalar, suv va ruchkalar bilan ta’minlanmoqda. Har bir guruhga ikkitadan kuzatuvchi qo‘yilgan bo‘lib, jami 90 nafar kuzatuvchilar bor. Bundan tashqari kirish qismlarida ham kauzatuvchilar bor”, — deydi Davlat test markazi mutaxassisi Qodirjon Yusupov.
Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limining ma’lum qilishicha, viloyatda 108 978 nafar abituriyent oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan.
Bugun imtihonning ilk kuni birinchi navbatda 5460 nafar abituriyent test sinovlarida qatnashishi kerak edi. Ammo 503 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra imtihonga kelmagan.
Shuningdek, ikki nafar abituriyent o‘ringa o‘rin kirishga uringani, bir nafari imtihonda taqiqlangan vositadan foydalangani sababli test sinovlaridan chetlatilgan. Samarqandda oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 10 kun, ya’ni 17 avgustga qadar davom etadi.