Markaziy bank tomonidan joriy yilning may—iyun oylarida 15 ta bankning 74 ta muassasasida bank xizmatlari qonunchilikka muvofiq ko‘rsatilishiga doir navbatdagi nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Bunday tadbirlar Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida joylashgan banklarda bo‘lib o‘tdi.
Nazorat tadbirlari banklar faoliyatida bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi kamchiliklarni aniqlashga va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishga qaratilgan.
O‘rganishlar natijasida bank muassasalari tomonidan iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda qator qoidabuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.
Jumladan, kredit va omonat xizmatlari haqida ma’lumotlar, shu bilan birga, kredit va muddatli omonatlarning asosiy shartlari to‘g‘risidagi axborot varaqalari taqdim etilmaganligi, shuningdek, bank kartalari egalariga ayrim moliyaviy operatsiyalar o‘tkazishda imkon yaratib berilmaganligi holatlari kuzatilgan.
Aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha quyidagi banklarga ko‘rsatmalar yuborilgan:
- “Ipoteka bank”
- “Agrobank”
- “Mikrokreditbank”
- “Xalq banki”
- “Turonbank”
- Trastbank;
- “Kapitalbank”
- “Milliy bank”
- “Hamkorbank”
- “Asaka bank”
- Universalbank
- “Davrbank”
- “Ipak yo‘li bank”.
Bunda banklarga iste’molchilar huquqlari buzilishiga olib keluvchi sabablarni bartaraf etish hamda bunday holatlar kelgusida takrorlanmasligi yuzasidan choralar ko‘rilishi to‘g‘risida yuborilgan ko‘rsatmalar ijro etilishi majburiy ekanligi aytilgan.
Shuningdek, banklar tomonidan qoidabuzarliklarni yo‘l qo‘yilishiga sababchi bo‘lgan 101 nafar bank xodimlariga nisbatan qonunchilikka muvofiq intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.