Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

“Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov mart oyida Rossiya-Ukraina urushining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri haqida gapirgan edi. Tadbirkor oradan to‘rt oy o‘tgach, yana o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

Zafar Hoshimov

Zafar Hoshimov
Foto: “Daryo”

Zafar Hoshimovning fikricha, urushning dastlabki kunlarida bo‘lganidek kelajakka nisbatan katta noaniqliklar hali ham saqlanib turibdi.

O‘tgan oylar davomida Rossiyaning harbiy mashinasi, Ukrainaning janubi va sharqida mustahkam o‘rnashib oldi. Butun progressiv dunyo esa ukrainaliklarga insonparvarlik, pul va qurol-yarog‘ bilan faol yordam beryapti va endilikda urush katta ehtimol bilan uzoq davom etishi borgan sari oydinlashyapti”, — deydi tadbirkor. 

Urush davom etarkan, sanksiyalar, taqiqlar va turli cheklovlar ham saqlanib qoladi. Bu sharoitning barcha yoqimsiz iqtisodiy oqibatlari bizga u yoki bu darajada ta’sir qiladi va bu ta’sir ham tez orada yo‘qolib ketmaydi, deydi u. 

Tadbirkor xalqaro tashkilotlarni global narxlar oshishi, inflyatsiya, energetika va oziq-ovqat yetishmovchiligini prognoz qilayotgani haqida ham alohida ta’kidlagan. 

Uning aytishicha, bu bashoratlarning ba’zilari allaqachon dunyoning bir qator mamlakatlari iste’mol bozorlarini qamrab ola boshladi va oqibatlar, albatta, yaqin kelajakda yanada kuchayadi.

Bu holat, afsuski, bizning mintaqamiz uchun ham og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradi. Negaki mamlakatimizda aholining umumiy daromadlari unchalik yuqori emas. Qolaversa, Rossiya – bizning eng yirik savdo-iqtisodiy hamkorimiz hamda bizga keluvchi transport-logistika koridorlarining aksariyati aynan Rossiya orqali o‘tadi, bu mamlakat esa, ko‘rinib turibdiki, tobora ko‘proq izolyatsiyaga tushib qolmoqda, — deydi “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i asoschisi.

Zafar Hoshimov kundalik hayotimizga endigina salbiy ta’sir ko‘rsata boshlagan muammolarni ham sanab o‘tdi:

  • ko‘plab yirik ishlab chiqarish korxonalarining Rossiyadan chiqib ketishi;
  • boshqa korxonalarning qisqarishi va ishlab chiqarishni to‘xtatishi; 
  • yetkazib berish zanjirlarining uzilishi; 
  • xomashyo va butlovchi qismlar yetishmasligi; 
  • bank sektoriga kiritilgan sanksiyalarning ta’siri; 
  • valyuta cheklovlari va pul o‘tkazmalari tizimlaridagi to‘siqlar. 

Bundan tashqari, tadbirkor Rossiya kemalari hamda yuk mashinalari xorijiy portlar va yo‘llarga qo‘yilmayotgani, bunga javoban Rossiya ham o‘z hududida Yevropa transportining harakatlanishini cheklayotganini aytgan.  

Buning ortidan bir qator yirik logistika kompaniyalari yuklarni Rossiya hududi va portlari orqali yuk tashishdan bosh tortyapti. Bularning barchasi — bizning ham iste’mol bozorimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan muammolarning eng ko‘zga ko‘rinarli qismlari xolos, — deydi Zafar Hoshimov.

Uning fikricha, iste’mol bozorimiz Rossiya ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilariga iqtisodiyotimizning boshqa sektorlariga qaraganda ko‘proq bog‘langan.

Tadbirkor buning bir nechta sabablarini ham keltirib o‘tgan: 

  • sovet davridan saqlanib qolgan ishlab chiqarish sohalaridagi aloqalar; 
  • iste’molchilar qaysi mahsulotlarni afzal ko‘rishi borasidagi o‘xshashliklar; 
  • standartlar, qulay logistika, reklamaning Rossiya OAV orqali kirib kelishi; 
  • taniqli brendlar va boshqa turli omillar. 
Bizning ichki bozorimiz Rossiya mahsulotlariga qaramligining hal qiluvchi sababi bu – Rossiya (va boshqa MDH davlatlari) bilan qulay bojsiz savdo rejimi o‘rnatilganidir. Shu bilan birga, dunyoning boshqa mamlakatlari mahsulotlariga nisbatan import tariflari anchagina yuqori, — deydi Hoshimov. 

Ya’ni Rossiya va boshqa MDH davlatlaridan mahsulotlar olib kirishda import bojlari undirilmaydi, boshqa mamlakatlardan kelgan tovarlar esa ancha yuqori stavkalarga tortiladi. Biz bilan savdo aloqalari bo‘lmagan ayrim davlatlarning mahsulotlariga esa yaqin-yaqingacha ikki baravar boj solingan. 

Mazkur tartib prezidentning joriy yil 1-maydagi farmoni bilan bekor qilindi. Xuddi shu qaror bilan 22 ta tovar guruhi uchun bojlar ham 2022 yil oxirigacha olib tashlandi.

 

Masalan, urushdan oldin mamlakatga Rossiya va Ukrainadan juda ko‘p shokolad olib kelingan va bu mahsulotlar bojdan ozod qilingan, ammo o‘sha shokoladni, aytaylik, Yevropa, Turkiya yoki boshqa mamlakatlardan import qilishda hali ham boj stavkasi 30 foiz.

Rossiya, Ukraina va Belarusda ishlab chiqarishdagi uzilishlar va logistika qiyinchiliklari kuzatilayotgan hozirgi vaziyatda O‘zbekistonda iste’mol bozorini yetarli hajmdagi tovarlar bilan ta’minlash masalasi tobora qiyinlashmoqda. 

Bundan tashqari bu mamlakatlar o‘z hududidan ma’lum tovarlarni olib chiqib ketishga kuchli taqiq qo‘ymoqda, masalan, Qozog‘iston o‘z ichki iste’mol bozorini himoya qilish uchun mahsulotlar eksportiga cheklovlar qo‘llamoqda.

To‘rt oy oldingi maqolamda “yaqin” xorij foydasiga bunday tarif asimmetriyasi mavjudligi yangi voqelik nuqtayi nazaridan mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi uchun aniq tahdid ekanini yozgan edim. Afsuski, jangovar harakatlar va sanksiyalar davom etayotgani sababli o‘sha paytdagi potensial xavflar endi bosqichma-bosqich reallikka aylanmoqda, — deydi Zafar Hoshimov

Tadbirkorning aytishicha, davlat ichki bozorni uzluksiz ta’minlash va eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari, masalan, shakar, go‘sht, bug‘doy, un, sariyog‘, kartoshka va boshqa bir qator mahsulotlar narxini ushlab turish uchun juda samarali favqulodda choralarni ko‘rmoqda. 

Lekin oziq-ovqat va asosiy sanoat tovarlarining to‘liq assortimenti manbalari umumiy geografiyasini faolroq diversifikatsiya qilinmasa, bu choralar yetkazib berishning ehtimoliy uzilishlari va narxlar keskin o‘sishining oldini olish uchun yetarli bo‘lmaydi, — deya ta’kidladi “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i asoschisi.

Zafar Hoshimovning fikriga ko‘ra, oziq-ovqat taqchilligining oldini olish hamda narxlar oshishiga chek qo‘yish bo‘yicha birinchi va tengsiz qadam mavjud: 

Barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga, eng zarur sanoat iste’mol tovarlariga hamda ularni ishlab chiqarish va qayta ishlash uchun barcha xomashyolarga import bojlari va aksiz solig‘ini to‘liq bekor qilish, — deydi u. 

Gap shundaki, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning eng katta hajmlariga ega bir qancha davlatlar jahon bozoridan chiqib ketishi bilan, butun dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi allaqachon keskin ko‘tarila boshlagan.

Ammo bu yagona muammo emas. Tadbirkor kelgusi bir necha yil ichida global oziq-ovqat taqchilligi vaqtinchalik murakkablik holatidan barqaror voqelikka aylanishi va jahonda narxlar faqat o‘sib borishi tobora ayon bo‘layotganini aytdi.

 

Dizel yoqilg‘isi yetishmasligi va davom etayotgan jangovar harakatlar tufayli ukrainalik fermerlar ekish kampaniyasini o‘tkaza olmadi, Rossiyada esa sanksiyalar tufayli urug‘, ayrim turdagi o‘g‘itlar, texnika yetishmasligi tufayli ekin ekish jarayoni to‘xtab qoldi.

Shu sababli ham hozir jahon bozorlarida birjada sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlarining barcha spot hajmlari qanday tez sotib olinayotgani, fyuchers narxlari barqaror va tez o‘sib bormoqda.

Bizning holatimizda, bularning barchasi geografik joylashuvimiz taqozo etgan logistika qiyinchiliklari bilan yanada og‘irlashadi, deb ta’kidladi Hoshimov.

Shu nuqtayi nazardan biz mamlakatga har qanday, takror aytaman, har qanday oziq-ovqat mahsulotini qancha ko‘p olib kelsak, shuncha yaxshi. Men total proteksionizm mafkurasi tarafdorlariga alohida aytmoqchiman. Agar barcha tarif cheklovlari hozir olib tashlanmasa, bizda himoya qiladigan hech narsa qolmaydi, — deydi Zafar Hoshimov.

Ko‘pgina ishlab chiqarish obyektlarimiz allaqachon xomashyo va materiallar bilan bog‘liq qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda va tez orada ishlab chiqarish hajmini kamaytirishga majbur bo‘lishi mumkin, deb yozadi tadbirkor. 

Uning fikricha, geografik jihatdan diversifikatsiyalangan yangi import mahalliy ishlab chiqarishni hajmda siqib chiqara olmasligi aniq. 

Men barcha bojlar va aksizlar bekor qilingandan keyin ham Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina va boshqa MDH davlatlaridan keluvchi yetkazib berish hajmini hatto qisman bo‘lsa-da qoplash mumkinligiga ishonchim komil emas, — deya ta’kidladi “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i asoschisi.

Hoshimov mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yashab qolish imkoniyati saqlanib qolishi va hatto sezilarli darajada oshishini aytarkan, ular o‘zlari ishlab chiqarish hajmini oshirishga ulgurishlari kerakligini yozgan. 

Bundan tashqari, hech bo‘lmaganda logistika qiyinchiliklari, yoqilg‘i va boshqa xarajatlar ortib borayotgani sababli import qilinadigan mahsulotlar narxi obyektiv ravishda shu paytgacha bo‘lganidan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi aniq, — deydi u

Qolaversa, agar boj va aksizlar saqlanib qolsa, noqonuniy import va iste’mol sektoridagi qora bozor ulushi keskin oshadi hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qora bozordan himoya qilish qiyin, balki imkonsiz ishga aylanadi.

Tadbirkor yaqin qo‘shni mamlakatlardan import qilinganlik uchun shu paytgacha budjetga tushum tushmagani va bu import hajmi baribir boshqa davlatlar orqali qoplanmasligi ortidan budjet hech narsa yo‘qotmasligini ta’kidlagan. 

Qonuniy bozorning o‘sishi budjetga tushadigan importdan QQS miqdorini oshiradi, deb yozadi u. 

 

To‘rt oy davomida men va mening jamoam bozorni tark etayotgan pozitsiyalarning o‘rnini to‘ldirish uchun deyarli kecha-yu kunduz turli xil mahsulotlarni qidirdik, shartnoma tuzdik va olib keldik, lekin bu tobora qiyinlashmoqda va eng muhimi, qimmatroq bo‘lib bormoqda. 

Mahsulot olib kelish imkoniyati saqlanib qolayotgan bozorlarda ham zaxiralar va ishlab chiqarish quvvatlari tugab boryapti, ko‘plab mamlakatlar maqsadli ravishda o‘z zaxiralarini to‘ldirmoqda va mahsulotlar eksportiga taqiq va cheklovlar qo‘ymoqda. 

Eksportdagi taqiqlar va bojlar poygasida Rossiya va Qozog‘istonga Turkiya ham qo‘shildi. Turkiya o‘simlik yog‘i va boshqa bir qator mahsulotlarni eksport qilishni taqiqladi. 

Mamlakatlarning o‘z iste’mol bozorlarini himoya qilishga bo‘lgan bu “xudbin” tendensiyasi butun dunyoda kuchayishda davom etadi.

Oldinda hali boshqa xavf va noaniqliklar ham kutmoqda. Qat’iy harakat qilish kerak. Kechikish bizga juda qimmatga tushadi, — degan Zafar Hoshimov

Hoshimov tadbirkorlarga bir nechta maslahatlar ham berib o‘tdi: 

Hech bo‘lmaganda o‘rta muddatli istiqbolda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oziq-ovqat (har qanday), xomashyo va butlovchi qismlar, sanoat uchun zarur tovarlarni ishlab chiqarish juda jozibador biznesga aylanadi. Ayni paytda mamlakatga imkon qadar ko‘proq xomashyo, oziq-ovqat, uy-ro‘zg‘or buyumlari, shaxsiy gigiyena vositalari va boshqa iste’mol tovarlarini olib kirish lozim.

“Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i asoschisi davlat bu dalillarni inobatga olib, oziq-ovqat va eng zarur tovarlar yo‘lidagi barcha tarif va notarif to‘siqlarni olib tashlashiga umid qilishini aytgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Eron oliy rahnamosi Yevropa davlatlarida Qur’onning yoqib yuborilishiga munosabat bildirdi  
Moliya
2022-yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari rekord darajadagi 17 mlrd dollarga yetdi
Mahalliy
Fotogalereya: O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tarixiy aloqalar