Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

O‘zbekistonda shu kunlarda jazirama issiq kuzatilmoqda. “O‘zgidromet” havo haroratining ko‘tarilishi 22-iyulgacha davom etishini prognoz qildi. Shu sababli SVV yozning jazirama kunlarida oftob urishidan saqlanish bo‘yicha tibbiyot fanlari doktori Sevara Ubaydullayeva tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

Sevara Ubaydullayevaning ta’kidlashicha, quruq havo va namlikning minimal darajasi O‘zbekistonga xos, biroq shu kunlarda kuzatilayotgan anomal issiq havo ko‘proq iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq.

“Albatta, bunday jazirama keksalar, surunkali kasalliklar (yurak-qon tomir, endokrin, nafas olish a’zolari, metobolik va ruhiy xastaliklar) bilan og‘riydigan bemorlar uchun xavfli. Shu sababli bunday paytda bir necha tavsiyalarga amal qilish lozim.

Eng avvalo, ko‘chaga chiqayotganda ochiq rangli tabiiy matolardan tikilgan yengil libos kiyish, issiqdan saqlaydigan bosh kiyim, ko‘zoynak va soyabonlardan foydalanish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, imkon qadar yog‘li, dudlangan taomlarni iste’mol qilmaslik, tez buziladigan ovqatlardan ehtiyot bo‘lish kerak.

Tanada suv balansini ushlab turish uchun kuniga o‘rtacha 2-3 litr suyuqlik (sovutilgan ko‘k choy, gazsiz mineral suv, mevali, kam yog‘li sutli ichimliklar, quritilgan mevalarning qaynatmalari) ichish tavsiya etiladi. Gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar, qahva iste’mol qilish mumkin emas.

Kun davomida iliq dush qabul qilish, vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvda namlangan dastro‘mol bilan artib turish ham tanani haddan ziyod qizib ketishdan saqlaydi.

Qolaversa, jazirama payti imkon qadar to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nuri tushadigan joyda jismoniy mehnat bilan shug‘ullanmaslik tavsiya etiladi. Agar shunday bo‘lgan taqdirda quyoshdan himoyalanish uchun bosh kiyim kiyish, ora-ora salqin joyda dam olish maqsadga muvofiq. Bu esa tananing haddan ziyod qizib ketishdan saqlaydi”, — deydi mutaxassis.

Uning ta’kidlashicha, jazirama payti quyosh urishi — eng xavfli holat bo‘lib, u tashqi termal omillar ta’sirida organizmning umumiy qizib ketishi natijasida yuzaga keladi. Jabrlanuvchida ko‘ngil aynishi, qusish, burundan qon ketish, ko‘rishning buzilishi, yurak urishi va nafas olish kuchayadi. Og‘ir holatlarda esa alahsirash boshlanadi. Tana harorati, hatto, 41-42 darajagacha ko‘tarilishi, chuqur behushlik holati kuzatilishi mumkin.

Bunday paytda bemorni, eng avvalo, salqin joyga ko‘chirib o‘tkazish lozim. So‘ng gorizontal holda yotqizilib, oyoqlarini sal ko‘tarish, kiyimlarini yechish, yuzini sovuq suvda yuvish va biror xo‘llangan matoni yurak sohasiga qo‘yish kerak.

Shuningdek, unga salqin ichimlik yoki qatiq ichirish va zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim. Sababi quyosh urgan inson shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Tez yordam mashinasi 5 yilda ikki baravarga ko‘paydi, bitta chaqiruv dorisi 640 so‘mdan 7,5 ming so‘mga oshdi”. “Daryo” tibbiyotdagi o‘zgarishlarni Namangan viloy...
Sport
Bundesliga. “Borussiya D” o‘z maydonida raqibini tor-mor etdi 
Shou-biznes
Instagram: Aeroportda dabdaba bilan kutib olingan Liil Xurramov, qo‘shiq kuylagan Abduhoshim Ismoilov, yangi raqqosalarni kashf etayotgan Yulduz Usmonova