Rossiyaning Voronej migratsiya markazida xodim O‘zbekiston fuqarosiga kuch ishlatgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lumot berdi.
Videodagi hodisani 28-iyunda Voronej migratsiya markazi binosida O‘zbekiston fuqarosi M.I. tasvirga olgan va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Voronejdagi vakiliga 1-iyulda taqdim etgan.
O‘zbekistonning Moskva shahridagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda videodagi fuqaro shaxsi aniqlashtirilib, 4-iyulda uchrashuv tashkil etilgan.
Fuqaro A.G‘. 2022-yil 1-iyunda ishlash maqsadida Voronej shahriga borgani, hujjatlarini rasmiylashtirish uchun 28-iyunda Migratsiya markazida barmoq izlari topshirish jarayonida mas’ul xodim tomonidan kuch ishlatilgani va sog‘lig‘idan shikoyati yo‘qligini ma’lum qilgan.
Ushbu hodisa batafsil o‘rganilib, qo‘shimcha ma’lumotlar bilan tegishli organlarga nota kiritilgan.