Oiladagi nizolar va er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilik farzandlarga salbiy ta’sir etadi. Chunki farzandlar hamisha ota-onalarining birgalikda farovon hayot kechirishlarini istashadi. Ming afsuski, turli sabablar bilan oilalar ajrashadi, farzandlar esa ona yoki ona mehridan mosuvo bo‘ladi. O‘zbek san’ati vakillari orasida ham to‘kis oilaviy baxtni his qilmaganlar ko‘plab topiladi.
Barchin G‘ofurova: “Otam sabab erkaklardan ko‘nglim qolgan”
“Baxt ovchisi” serialidagi Zulya roli bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan Barchin G‘ofurova ham ota mehridan ayro yashagan. U otasi sabab erkaklardan ko‘ngli qolgani va endilikda hayotida otasiga o‘rin yo‘qligini quyidagicha izohlaydi.
— Otam mehrini his qilishni istaganman, ammo kaminani bu baxtdan mosuvo qilishgan. U ukam ikkimizni bolaligimda tashlab ketgan. Avvaliga ajrashishiga ko‘proq onam sababchi deb bilardim. Chunki u nihoyatda g‘ururli ayol. Ammo ulg‘ayib, yarashish taklifi bilan otamning oldiga borganimdan keyin fikrlarim o‘zgardi. U yangi oilasi borligi va boshqa bolalarning boshini silayotgani uchunmi biz bilan yashashni istamadi. Ilgari otam o‘lgan deb bilardim. Chunki u biror marta bizdan xabar olganini onam ketma-ket jarrohlik amaliyotini boshidan kechirganda, ukam oshqozon saratoniga chalinib davolatish uchun uyimizni sotganimizda ham, u inson xabar olmagan.Lekin otam bilan uchrashganda familyangizda xalqqa tanilaman, degandim. Balki Barchin G‘ofurovani televizorda ko‘rganda ko‘nglidan nimalardir o‘tar, bu yog‘i menga qorong‘u. Ammo u inson sabab erkaklardan ko‘nglim qolgan, oila qurishdan ham qo‘rqaman, — deydi aktrisa Barchin G‘ofurova.
Nilufar Usmonova: “Bolalikda to‘liq oilaga muhtoj bo‘lganman”
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova sozanda Ibrohim Hakimov bilan 1996-yil rasman ajrashgan. Ularning farzandi Nilufar Usmonova u paytda ancha ulg‘ayib qolgandi.
— Bolalikdan to‘kis oilaga muhtojlik sezib yashaganman. Ra’no xolam va buvim rahmatli mehribon bo‘lishsa-da, baribir farzand uchun ota-onaning o‘rni bo‘lakcha bo‘ladi. Shu boisdan balki oilaparvar ijodkor bo‘lishga, qomat yoki karyerani bahona qilmay farzandlar sonini orttirishga harakat qilgandirman. Otamning o‘z oilasi, onamning sevimli turmush o‘rtog‘i bor. Ikkisining ham qarorini hurmat qilaman. Nima bo‘lgan taqdir-da ham ular ota-onam bo‘lib qolaveradi. Men ham turmushdan ajrashganman, buning qanchalar qiyin ekanini bilaman. O‘g‘lim Saida’zamxonning otasi rahmatli Novzoda men bilan yashashni istamagan. Chunki u beshta qiz bolaning ichida o‘sgan yolg‘iz erka o‘g‘il edi. Onasi ham xuddi ayamdek cho‘rtkesar ayol edi. Yashashni istamaysanmi, ajrash degan. Oilamda notinchlik bo‘layotgan paytda onam “Seni istamayotgan insonga intilib qadringni tushurma, demak, taqdir emas ekan”, degan. Nima bo‘lgan taqdirda ham aqlli o‘g‘lim uchun u insondan minnatdorman, — deydi xonanda Nilufar Usmonova.
Bundan bir necha yil avval OAVda Nilufar Usmonovaning otasi Ibrohim Hakimov bilan intervyu chop etilgan edi. O‘shanda Hakimov qizi Nilufar bilan munosabatlari yaxshi ekani, doim uka-singillaridan xabar olib turishi, hatto, avtomobil sovg‘a qilganini aytgan edi. Ma’lumot uchun, Nilufar Usmonova onasi Yulduz Usmonovaning familiyasi bilan ijod qilsa-da, aslida uning fuqarolik pasportida familiyasi Hakimova deb qayd etilgan.
Ozod Hurramov: “Alisher Uzoqovni otam deb bilganman”
Bloger Ozod Hurramov ham ota mehrisiz voyaga yetgan. Onasi ikki farzandni boqishda ko‘plab moliyaviy qiyinchiliklarga uchragani uchun Janubiy Koreyada ishlashga ham majbur bo‘lgan.
— Ota-onam nega ajrashganini bilmayman, bilganim dadam boshqa ayolni tanlab xorijga ketgan. Bolalikdan erkak kishining “bolam” deb erkalashiga, mehr berishiga zor bo‘lib ulg‘ayganman. Shu gapni ustozim Alisher Uzoqovdan eshitganimda, boshqacha bo‘lib ketganman. Shuning uchun ham uni “otam” deb bilaman. Otam biz bilan munosabatlarni tiklashga urinmagan. Yolg‘on bo‘lmasin, mashhur bo‘lganimdan keyin meni topib qo‘ng‘iroq qilib, otam ekanini aytdi. Uch farzandni katta qilish uchun onam muhojirlik yo‘lini tanlagan. U Janubiy Koreyada yerto‘lada yashab ishlardi. Toshkentdan uy olishimdan avval onamga qo‘ng‘iroq qilib: “Bo‘ldi, Toshkentga qayting endi sizni men boqaman”, dedim. Onam qiynalib pul topsa-da, meni o‘ylab “qiynalib qolmaysanmi?” deb so‘radi. Eng birinchi yutug‘im onamga Toshkentdan 4 xonali uy sovg‘a qilganim bo‘ldi.Nima bo‘lishidan qat’i nazar, otamga farzand bo‘lishdan og‘rinmayman. U men bilan yashashni istasa qarshilik qilmayman, — deydi bloger Ozod Hurramov.
Azoda: “12 yoshimda dadamdan qattiq ranjigandim”
Bloger Аzodaning onasi ham farzandlarini yolg‘iz tarbiyalagan. U hayotidagi og‘ir kunlar va dadasining nima uchun ranjiganini quyidagicha izohlaydi.
— Bolaligimda dadam bilan onam oilaviy kelishmovchilik sabab ajrashib ketgan. Uchta bolani yolg‘iz tarbiyalash va boqish onamga oson kechmagan. Dadam esa yangi oila qurib, o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib ketgan. 2012-yil oilamiz uchun nihoyatda og‘ir kelgan. Onamni gap-so‘zlar, tazyiqlar ezib qo‘ygan. O‘shanda onamni hech kim eshitmagan. Onamning qiynalayotganini ko‘rib, 12 yoshimdan unga yordamlashishga harakat qilganman. Bosh farzand baribir ota-onaga ko‘makdosh bo‘larkan. Biz shahardan chekkaroq joyda yashardik. Shu bois onam bilan tong saharda turib, markazga ishlash uchun kelardik. Fastfud yeguliklari va non sotadigan yerda ishlaganmiz. Tushgacha ishlab, keyin maktabga ketardim.
Bolaligimdagi eng katta qiyinchilik uysizlik bilan bog‘liq. Haqiqatan ham u yerda uyimiz yo‘q edi. Ijara uyda yashash oson emas. Ammo u kunlarni qiyinchilik degim kelmaydi, chunki uyimiz bo‘lmagani bilan juda baxtli edik. Onam kamtarona bo‘lsa-da, baxtli oila muhitini yaratib bergan.
Dadam haqida ko‘p so‘rashadi. Ammo shaxsiy hayotim haqida gapirgim kelmaydi. 12 yoshimda dadamdan qattiq ranjigandim. Onamning yonini olaverganim uchun jahl ustida menga “Sendek qizim yo‘q”, degan gapni aytgan. Bu gap ko‘nglimga juda og‘ir botgan.
Sug‘diyona Azimova: “Biz ijarada, otam esa hashamatli uyda yashardi”
Aktrisa va stilist Sug‘diyona Azimova otasi bilan bir kun bo‘lsa-da yashashni, uning mehrini his qilishni orzu qiladi. Otasining duosini olib turmushga chiqish ham uning katta orzularidan biri.
— Otamni 2000-yildan keyin ko‘rmaganman. Ammo u insonni o‘tgan 22 yil davomida bir daqiqa ham yodimdan chiqarganim yo‘q. O‘g‘il bola otasiz o‘z yo‘lini topib ketadi, ammo qiz bolaga juda qiyin ekan. Erkak kishi hal qilishi kerak bo‘lgan masalalarni ham o‘zimga qolgan, qiz bola ekanimni ham unutib qo‘ygandek bo‘ldim. Otam bor bo‘lsa-da, xuddi u yo‘qdek yashash juda qiyin. Onam otasiz katta qilayotganini bildirmaslikka harakat qilsa-da, baribir unga oson emasligini his qilardim. Uyimiz yo‘q edi, 6 yildan oshiqroq ijara uyda yashadik. O‘shanda otam hashamatli uyda yashaydi, nahotki qizim nima qilayotgan ekan, qanday sharoitda yashayotgan ekan deb, qiziqmasa deb o‘ylardim. Onam ikkimiz ko‘chada tarvuz-qovun sotgan kunlarimizni ham eslayman. O‘sha paytlarda ko‘cha-kuydan otasi bilan o‘tayotgan qizlarni ko‘rsam “Qaniydi, mening ham otam bo‘lsa shunchalik qiynalmasmidim”, deb hayolimdan o‘tkazgandim. Keyin bilsam otamning boshqa oilasi va farzandlari bor ekan. Haligacha otamning hech bo‘lmasa biz bilan ikki soat birga bo‘lishini, u bilan to‘kis oila bo‘lib o‘tirishni orzu qilaman. To‘yim kuni otam duo qilib, qizlik uyimdan kuzatishi orzularimdan biri, — deydi aktrisa Sug‘diyona Azimova.
Aktrisa OAVga bergan intervyularidan birida oq ko‘ylak kiyishdan umidini uzgani haqida ko‘zlarida yosh bilan so‘zlab bergandi.
Ra’no Ortiqova: “O‘zing ham ikkita bolang ham ‘podarka’ degan”
Boshlovchi va xonanda Xusnora Shodiyevaning ota-onasi ham ajrashib ketgan. Uning onasi Ra’no Ortiqova nima uchun ikki qizi bilan turmushdan ajrashgani va to‘ng‘ich qizining hayotida ham shu voqea takrorlanganini aytib o‘tdi.
— Hech bir qiz ajrashaman, farzandlarimni otasidan ayro katta qilaman deb orzu qilmaydi. Ajrashish haqidagi qarorni bir-ikki oyda qabul qilmaganman. U paytda qizlarim ancha katta bo‘lib qolishgandi. Men shunchaki yaxshi yashash uchun bir o‘zim harakat qilishdan, uydan va erdan bezib ketishdan charchaganman. “Ikkita bola bilan kimga keraksan, basharangga qara”, degan haqoratlar ko‘nglimga og‘ir botgan. Uyimiz yo‘q edi, ijarada yashardik. Qizlarim o‘qishi, darsdan keyin qo‘shimcha mashg‘ulotlarga borishi uchun savdo-sotiq bilan ham shug‘ullandim. Ammo biror marta otasidan sado bo‘lmadi. Bir marta qiynalib, yordam so‘raganimda “O‘zing ham ikkita bolang ham podarka”, degan javobni oldim. Ammo qizlarim otasiga nisbatan qahr bilan ulg‘aymadi. Otasining o‘limidan avval ham uning oldida bo‘lib, farzandlik burchini ato etdi. Xusnoraning turmushi bo‘lmay bir o‘g‘il bilan eridan ajrashganida ba’zilar onasining taqdiri takrorlandi, deb o‘yladi. Ammo men bunday deb hisoblamayman. Har kim peshanasiga yozilganini boshdan o‘tkazadi, — deydi to‘y va turli madaniy tadbirlar tashkilotchisi Ra’no Ortiqova.
Nigora Abdullaxonova: “Otamning yangi oilali, farzandli bo‘lganidan xursandman”
“Afandining qizlari” jamoasi a’zosi Nigora Abdullaxonova ham otasiz ulg‘aygan. U otasining yangi oila qurganidan va farzandli bo‘lganidan xursand ekanini aytadi.
— Ota-onam erta ajrashib ketgan. Keyinchalik otamning yangi oila qurib, farzandli bo‘lgani haqida eshitdim. Balki kim uchundir gaplarim nosamimiydek tuyular. Ammo u insonning baxtli ekanidan xursandman. Lekin ko‘nglimda kemtik borligini, bolalikdan ota mehrini his qilib yashaganimni yashirmayman. Ancha ulg‘ayganimdan keyin otam bilan uchrashdim. Hech bo‘lmasa bir marta bo‘lsa ham otamni bag‘rimga bosib, bu mehr qanchalar yoqimli ekanini his qildim. Er-xotin biror qarorni qabul qilishdan avval bolalari haqida o‘ylashi kerak. Chunki ota-onaning ayro yashashi ularga og‘ir botadi. Erkak ayoldan voz kechishi mumkin, ammo farzandlaridan ayrilishga haqqi yo‘q. Hayotimdagi eng og‘riqli nuqta otasiz ulg‘ayganim bilan bog‘liq. Bu haqda gap ochilsa darrov yig‘lab yuboraman. Otasiz o‘sish qanchalar qiyin ekanini bilganim uchun ham falonchi ajrashibdi, deyishsa “Bolasi yo‘q ekanmi?” deb so‘rayman. Chunki ota mehrini ko‘rmay o‘sadigan bolalar soni ortishini istamayman, — deydi aktrisa Nigora Abdullaxanova.
Mavzuga doir:
- Yetimlikda o‘tgan bolaligiga qaramay muvaffaqiyat qozongan yulduzlar (foto)
- Ota-onasidan erta ayrilib, yetimlik azobini totgan o‘zbek shou-biznesi vakillari (video)
- “Akamning janozasi kuni beshta to‘y o‘tkazganman”. Yaqin insoni vafot etgan kunda ham kasbi taqоzo etadigan vazifasini ado etgan mashhurlar
- Mahmud Namozovdan Ra’no Yarashevagacha. Farzandidan bevaqt judo bo‘lgan o‘zbekistonlik san’atkorlar (video)
- Mudhish yo‘l-transport hodisalariga uchrab, omon qolgan o‘zbek shou-biznesi vakillari (foto)