Bugun,

  • USD 10920.28
  • RUB 177.49
  • EUR 11052.42

Xonanda Ruxshonaga turmush o‘rtog‘i Sanjar Matkarimov tomonidan yengil tan-jarohati yetkazilgani va jabrlanuvchining shaxsiy sirini uning roziligisiz qonunga xilof ravishda tarqatib, shaxsiy hayot daxlsizligini qasddan buzgani uchun unga 2022-yilning 27-may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi tomonidan hukm o‘qildi. Sanjar Matkarimovga ikki yil-u, bir oyga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi. Afsuski, jamiyatda ayolni tahqirlash, unga ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik ko‘rsatish holatlari ko‘p uchraydi. Hatto, san’at vakillari orasida ham bunday zo‘ravonliklarga duch kelganlar ko‘plab topiladi.

Milena Madmusayeva: “Ota-onangdan voz kechasan, deyishgandi”

Foto: Instagram / @milena_madmusayeva

— Turmush o‘rtog‘im aytgan ishni qilardim. Hatto san’atdan ketasan, desa ham rozi bo‘lgandim. Uydan chiqishimga ruxsat bermaguniga qadar ostona hatlab ko‘chaga chiqmasdim. Davlat tadbirlarida ishtirok etishim u insonga unchalik yoqmasdi. Birdan davlat tadbirlariga ham chaqirmay qo‘ydi. Keyinchalik bilsam birga yashagan paytimizda turmush o‘rtog‘imga qo‘ng‘iroq qilishsa “Milena kasal borolmaydi, yurolmayapti”, degan gaplarni aytgan ekan. Ammo men homilador ahvolimda to‘ylarga borardim.

Yangi kelin bo‘lib tushganimda qaynonam telefonimni olib qo‘yib, “Ota-onangizni unutasiz”, degan. Faqatgina haftada bir marotaba, juma kuni turmush o‘rtog‘imning telefonida oila a’zolarim bilan gaplashishimga ruxsat berishgan. Faqatgina 2 daqiqa gaplashishim mumkin edi.Qaynonamning ko‘ziga hech qachon tik qaramaganman. Uni onamdek yaxshi ko‘rishga harakat qilganman. Ammo men kelin sifatida u uyda begona edim. U uyda xuddi o‘zimni bo‘rilar orasiga tushib qolgandek his qilganman. 10 oy turmushim buzilmasligi uchun chidadim va bu haqida ota-onamga aytmadim. Olti oylik homiladorlik paytimda kechasi ota-onamni sog‘inib, tongda ularga qo‘ng‘iroq qilishimga ruxsat berishini so‘raganman. “Ota-onang haqida gapirma va men gapirayotganda tik turib eshit”, degan. Shunda havo yetmay tashqariga chiqqanman. Havo sovuq, qor yog‘ayotgan payt edi. Uch soat tashqarida yurib uyga kirdim. Yuzimni yuvsam sovuqdan bir tomonga qiyshayib qolganini payqadim. Tong otishi bilan mashinamga o‘tirib, ota uyimga ketdim. Turmush o‘rtog‘im ota-onamdan kechrim so‘radi, bir muddat yaxshi yashadim. Ammo baribir qaynonamning ota-onamga nisbatan adovati saqlanib qolgandi. Sababini bilolmasdim.

Foto: Instagram / @milena_madmusayeva

Farzandli bo‘lganimdan keyin ham vaziyat o‘zgarmadi. Bu oilada nafaqat turmush o‘rtog‘imga, balki uning yaqinlariga ham kerak emasligimni angladim. Bu yerda qolsam hayotim fojiali yakun topishidan qo‘rqib, ota uyimga ketdim. Bir oydan so‘ng turmush o‘rtog‘imga qo‘ng‘iroq qilib, “Qizimiz sizning ham farzandingiz, uni istagan paytda ko‘rishingiz mumkin”, dedim. U esa “Ota uyingda yashasa qizim emas”, dedi. Mana qizim to‘rt yoshdan oshdiki, haligacha otasi kimligini bilmaydi, — deydi xonanda Milena Madmusayeva.

Zamira Beshimova: “ ‘Men ayoliman’ deganim uchun rosa kaltak yeganman”

Foto: Instagram / @z_beshimova

— Aslida birinchi turmush o‘rtog‘im bilan oila qurishni istamaganman. “Biz bir-birimizga mos emasmiz”, deb rad javobini bergandim. Ammo taqdir ekan, baribir o‘sha inson bilan oila qurdim. U insonni tushunib bo‘lmasdi. Chunki to‘ydan keyin meni umuman tashqariga chiqarmay qo‘ygan. Hatto, chiqindi tashlashga ham, dom tagidagi do‘konga chiqishimga ham ruxsat bermasdi. Onam bilan esa umuman gaplashishimni istamasdi. O‘g‘lim olti oylik bo‘lganida onamning tug‘ilgan kuniga borganman. O‘shanda jahli chiqib, urib oyog‘imni sindirgandi.

Eng yomoni do‘stlari uyimizga kelsa bozorlik qilardi. Qolgan payt esa “bori shu” derdi. Hech bo‘lmasa bola uchun bozorlik qiling deganimda “U ko‘krak emsa, senga shart emas”, degandi.

Foto: Instagram / @z_beshimova

Keyin birdan u o‘zgardi. “Dugonalaringni uyga chaqir, gaplashib o‘tirasizlar”, dedi. Men sodda uning gaplariga ishonib, uchta aktrisa dugonamni uyga chaqiribman. Keyin bilsam turmush o‘rtog‘im ular bilan tanishish uchun shunday degan ekan. Dugonalarim bilan yaqindan tanishib, menga berilmagan pullarni ularga hadya qilibdi. Dugonalarimdan ham qattiq ranjidim, bolamni ushlagan qo‘li bilan shunday qabih ish qilganini kechirolmadim. Ammo bu hammasi emas. Bir kuni telefoni jiringladi. Go‘shakni ko‘tarsam yosh qiz “Sen kimsan?” dedi. Orada u bilan biroz kelishmovchilikka bordim. Turmush o‘rtog‘im uyg‘onib, telefonini olganim uchun urushdi. Hatto, qizga “Men ayoliman”, deganim uchun rosa kaltak yeganman. Sobiq turmush o‘rtog‘imdan ro‘shnolik ko‘rmagan bo‘lsam ham qaynonam yaxshi inson edi. “Chidang, sabr qiling, hamma ayollarning ahvoli shu”, derdi. Keyinchalik bilsam u kelinlik bo‘lgan paytida ham qaynotamdan kaltak yer ekan. O‘g‘illari ham onam demay gap qaytarishardi. Bunday oilada o‘zim va farzandimning kelajagini tasavvur qilolmaganim uchun u yerdan ketganman, — deydi aktrisa Zamira Beshimova.

Sultonali Rahmatov: “Erkak kishi o‘z-o‘zidan urmaydi”

Xonanda Nilufar Saidova birinchi turmush o‘rtog‘i, bastakor Sultonali Rahmatovdan ruhiy hamda jismoniy tazyiqqa uchragan.

Kollaj: “Daryo”

Sultonali Rahmatov intervyularidan birida Nilufar Saidovani urganligidan afsusda ekanini bildirgandi.

— Sobiq turmush o‘rtog‘im Nilufar yaxshi ayol. U bolalarimning onasi shu bois uni yomon deyolmayman. Nilufar bilan ajrashish sababini aytolmayman. Ammo ajrashishimizga qisman obro‘ talashish ham sabab bo‘lgan. U yillarda men sahna ortida bo‘lganman va kiyimmasam ham u kiyinsin deganman.1998-yili san’at institutiga borib, Nilufarni 50 ta qiz orasidan tanlab olganman. Aslida u ikkinchi plandagi xonanda edi. Gulchehra degan qizni olishim kerak edi, ammo ba’zi sabablarga ko‘ra bir oydan keyin Nilufar bilan ishlashga qaror qilganman. Nilufarning birinchi aytgan qo‘shiqlari bor, u paytlarda ovozi u qadar kuchli emasdi. Mehnatlarimiz samarasi bilan 3 yilda mukofot olish darajasiga yetdi.

Nilufarni so‘kkanim va urganimni ham tan olaman. Buning uchun Nilufardan uzr so‘rayman. Ammo besabab urmaganman. U odamlarning orasida menga baland ovozda gapirgan. Agar o‘sha paytda indamay ketsam, odamlarning oldida kim degan odam bo‘laman. Xo‘p, xotin aka, deb indamay ketishim kerakmi? Erkak kishi o‘z-o‘zidan urmaydi, — deydi bastakor Sultonali Rahmatov.

Yulduz Abdullayeva: “Qornimga urgach homilamdan ayrilganman”

Foto: “Daryo”

— Men hech qachon turmush o‘rtog‘imga ajrashish haqida og‘iz ochmaganman. Doim sabr qilib, chidab yurganman, yaxshi tomonga o‘zgarishiga umid qilgandim. Bir kun kelib sabr kosam to‘lgan va bir kunning ichida ajrashaman deb, chiqib ketganman.

Turmush o‘rtog‘im meni juda ko‘p rashk qilganlar, bilmadim juda chiroyli bo‘lgan bo‘lsam kerak. Ortiqcha rashk ham odamni charchatar ekan. Turmush o‘rtog‘im “Qayerga borsang ham, mikrofonni ushlaganingda qo‘lingdagi nikoh uzuging ko‘rinib tursin”, deb tayinlagandi. Bir kuni shoshganimdan nikoh uzugini taqish esimdan chiqib qolibdi. To‘ydan qaytsam “Qani men aytgan taqinchoqni taqqaning?”, dedi. O‘shanda homiladorligimga ham qaramay, kaltaklagandi. Natijada homilam “tushib” qolgan. Bunaqa darajada rashk qilaverish ham bo‘lmaydi.

Xonandaning qizi va kuyovi
Foto: Instagram / @yulduzabdullayeva_official

“Menga ishonmaysizmi?”, desam, “Yo‘q, senga ishonaman, ko‘chadagilarga ishonmayman”, degandi. Qarasam, u odam juda ham qiynalib ketyapti. U odam bilan yashashning ilojisi bo‘lmayapti. Bir kuni ajrashish haqida aytganman, ungacha bu haqda umuman og‘iz ochmaganman. Turmush o‘rtog‘im bilan 7-8 yil birga yashaganmiz.

Qizimni onam 2,5 yoshgacha katta qilib berganlar. Keyin o‘zim katta qilganman. Karantin boshlanishidan avval qizimni uzatdim. Qizim ham, turmush o‘rtog‘i ham Inha universitetini bitirgan. Hozir moliya yo‘nalishida o‘qishni davom ettirmoqda, — deydi xonanda Yulduz Abdullayeva.

Lola: “O‘qishimni davom ettirishga ham ruxsat berishmagan”

Foto: Instagram / @lolaofficial_

— Biz sobiq turmush o‘rtog‘im bilan tanishganimizda 18 yoshda edim. U meni turmushga chiqishga ko‘ndirish uchun bir yil “mehnat qildi”, bizning to‘yimizga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan ota-onamni ko‘ndirish uchun esa yana bir yil sarfladi. U hammamizni ko‘ndirish uchun barcha mahoratini ishga soldi. Shu tarzda oradan 2 yil o‘tib biz unga taslim bo‘ldik. Otam sobiq turmush o‘rtog‘imdan to‘ydan keyin o‘qishimni davom ettirishim hamda o‘tgan yillar mobaynida erishgan karyeramni davom ettirish va’dasini oldi. Erkaklar qo‘l tashlashdi, non sindirildi, to‘yimiz bo‘ldi.

To‘ydan keyingi 5 yil davomida men faqat uy ishlari bilan shug‘ullanib uyda o‘tirdim. Biz shahardan 30 kilometr uzoqlikda yashardik, men deyarli uydan ko‘chaga chiqmasdim. Menga o‘qishimni davom ettirishga ham ruxsat berishmadi. Chunki bu yangi kelinchakka uydagi majburiyatlarini bajarashiga xalaqit berardi. Shu tarzda Vestministerni tamomlay olmadim. O‘qishimni yuridik universitetning sirtqi bo‘limiga ko‘chirishdi.

Ishlashimni hamda kasbim bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etishimni taqiqlashdi. Barcha dugonalarim bilan aloqam uzildi, ular bilan uchrashuvlarga, tug‘ilgan kun va to‘ylarga yuborishmasdi.

Foto: Instagram / @lolaofficial_

Ota-onamnikiga bir haftada bir marta bir necha soatga borardim, yotib qolishga hech qachon ruxsat berishmasdi. Shunday qilib oradan yillar o‘tdi. Ikki farzandli bo‘ldim. Har kuni ertalab soat 06:00 da turardim, yarim kechasi uxlashga yotardim. Boshqalarning manfaatlari bilan yashardim, chunki o‘zimda hech qanday manfaat yo‘q edi. Hayotimdagi asosiy maqsad oila a’zolariga xizmat qilish, ularga yaxshi ko‘rinish edi. Har kecha uxlashdan oldin o‘zimni sahnada his etar, ko‘zlarim yonib tabassum qilayotganimni tasavvur qilardim. Faqat tushimda o‘zimni baxtli va erkin his etardim. Kunlardan bir kun men 40 kunlik o‘g‘limni va ikki yoshli qizimni olib u uydan ketdim va u yerga boshqa hech qachon qaytmadim, — degandi Lola Yo‘ldosheva.

Nargiza Abdullayeva: “Qo‘l ko‘tarardi, bo‘g‘ib jismoniy tan-jarohat yetkazardi”

 

— Sobiq turmush o‘rtog‘im meni ko‘rib yoqtirib qolgan. Keyin kattalar otamning ishxonasiga borib, og‘iz solgan. Otam ham rad javobini bergan. Ammo ular sovchi bo‘lib kelavergan. Gap odam tanlashda emas, ammo avvaldan u inson bilan oila qurishni istamagandim. “Hozir oila qurishning vaqti emas, karyera qilishim kerak”, deb hisoblardim. Ammo taqdir ekan, bir oyda to‘yimiz bo‘lib ketdi. Keyin bilsam u inson aktrisa bo‘lganim uchun men bilan oila qurgan ekan. Yashirmayman, o‘rtahol oilaning farzandiman. Ular esa to‘ydan avval oilamizni boshqacha tasavvur qilgan ekan.

Ota-onam ham borini qilgan, qiz uzatdim deb birovdan qarz olmaydi-ku. U paytda uzatilgan qiz tomonga 40 ta tog‘ara qilmasa uyat edi. To‘ydan keyingi ilk kundan boshlab, har xil gaplar qilishdi. Negadir “Artistsan-da” degan gap ko‘nglimga og‘ir botardi. Ulardan ko‘p marta hatto, “xo‘p bo‘ladi” degan so‘zim uchun ham shu gapni eshitgandim. O‘shanda “xo‘p bo‘ladi” degan so‘z ayrimlarga yoqmasligini tushunganman. Kamsitishlardan so‘ng u oila bilan kelajagimni tasavvur qilolmaganman. Chunki sobiq turmush o‘rtog‘im qo‘l ko‘tarardi, bo‘g‘ib jismoniy tan-jarohat yetkazardi. Hatto, majburan yashatish uchun uydan mashinasigacha sudrab chiqqan kunlari ham bo‘lgan. Erkak kishi ayoliga bir marta qo‘l ko‘tardimi, uning ojizligini bilib qayta va qayta bu ishni qilaveradi, — deydi aktrisa Nargiza Abdullayeva.

Ra’no Yarasheva: “Boshimga qattiq jism bilan urgach, ota uyimga ketdim”

Foto: YouTube

— O‘n yetti yoshimda oila qurganman. Turmush o‘rtog‘im yomon inson emasdi, ammo dunyoqarashimiz bir-biriga mos kelmasdi. Men yosh, she’riyatga qiziqadigan inson edim. Ammo qiziqishlarim turmush o‘rtog‘imga yoqmasdi. U insonning fikricha, kelinning kitob o‘qishi, she’r yozishi ma’qul ish emasdi. Keyin turmush o‘rtog‘im spirtli ichimlik iste’mol qilardi. Bir kuni kelib, boshimga qattiq jism bilan urdi. Boshimdan qon oqayotganini ko‘rib, jahl bilan ota uyimga ketdim. Otam ahvolimni ko‘rib, nima bo‘lganini so‘radi. Keyin turmush o‘rtog‘imning yoniga kelib, “Qizimning aybi nima? Nega urding”, deb so‘radi. Turmush o‘rtog‘im kulib, bunday hol hamma oilada bo‘lib turishini aytdi. Otam jahl bilan turmush o‘rtog‘imni urganida xonaning u boshiga uchib tushgandi. Undan keyin “Ichmayman, yana shunday qilsam bolamning o‘ligini ustida o‘tiray”, deb qasam ichdi. Afsuski, qasamining ustidan chiqmaganidan keyin 4 yoshlik qizim olamdan o‘tdi. Bu voqeadan keyin u oilada qololmadim, — deydi aktrisa Ra’no Yarasheva.

Zarnigor G‘aniyeva: “ ‘Eringdan arazlab qayerga ham ketarding? Boradigan joying yo‘q’, deyishardi”

Foto: Instagram / @zara_ganieva.official

— Onam erta vafot etganidan so‘ng o‘gay otam erta turmushga bergan. Kelinlik davrim juda qiyin o‘tgan. Chunki erta uyg‘onishni, hatto qaynonaga qanday qilib choy uzatishni ham bilmasdim. Ammo qiyinchiliklarim faqat bu emasdi. Turmush o‘rtog‘im bilan ham munosabatlarimiz u qadar yaxshi emasdi. Uning xatti-harakatlari o‘zgarayotganini yaqinlariga aytsam gapimga ishonishmasdi. “Eringdan arazlab qayerga ham ketarding? Boradigan joying yo‘q”, deb kulishardi. Aslida ham vaziyatim shunday edi. Eng alam qilgani er-xotin tortishib qolsak qaynonam aralashib “Sen ham onangga o‘xshab birovga ikkinchi xotin bo‘lmoqchimisan? Ming qilsa ham onangga o‘xshaysan-da”, derdi. Onam yomon ayol emasligini, faqat taqdir sabab ikki marta oila qurganini aytolmasdim. Ammo oilam buzilishiga bular sabab bo‘lmadi. Biz turmush o‘rtog‘im bilan ijara uyda yashardik. O‘g‘lim hali chaqaloq edi. Uyimizga tez-tez turmush o‘rtog‘imning do‘stlari kelib, xona eshigini yopib nimalardir qilishardi. Keyin bilsam ular qimor o‘ynashar ekan. O‘yinning birida turmush o‘rtog‘im meni va farzandimni qimorda yutqazib qo‘yibdi. Buni ijara uy egasi kelib aytganida shokka tushganman. “Uydagilaringni chaqir”, dedi. Ortimdan keladigan odam yo‘q, deganimdan keyin uy egasi ichki ishlar xodimlarini chaqirgan. Shundan keyin bolamni olib, o‘gay otamning uyiga qaytganman, — deydi Zarnigor G‘aniyeva.

Zuhra Soliyeva: “Mana senga bola, deb ichimga tepardi”

Foto: Instagram

— Juda kech oila qurganman. O‘g‘il bolaga oson, istalgan qizga sovchi qo‘yadi. Ko‘ndirsa, uylanib ketaveradi. Qiz bolaning ishi qiyin ekan. Taqdir bo‘lmay, yoshim katta bo‘lganda oila qurdim. Turmush o‘rtog‘im o‘zimdan 7 yosh kichik edi. Oilani mustahkamlovchi kuch bu farzand. O‘rtada negadir hech farzand bo‘lmadi. Munosabatlar ham avvalgidek emasligi meni hamisha tashvishlantirardi. Ayol kishi turmush o‘rtog‘idan mehr ko‘rsa, har qanday muammoni yengib o‘ta oladi. Mehrsiz munosabat esa katta muvaffaqiyatlarni ham tariqcha qadrsiz qilib qo‘yishi mumkin. Hayot insonga bir bor beriladi. Shunday ekan, har kim o‘z baxtini topib, baxtli ekanini his qilib yashashi kerak.

To‘ylarga chiqaman, lekin Toshkentdan kvartira sotib oladigan darajada pul topmayman, bu birinchidan. Ikkinchidan, erga tegdim. Erga tegib, uy-joy qilaman, desam, u er shunaqa tushdi, bor-yo‘g‘imni sovurdi. Ana shunda olardim. Erim ham pulimni sovurdi, ham dilimni og‘ritdi. Men nega chidardim, bitta bola bo‘lsa buyam bosiladi, o‘zgaradi, derdim. Bizda shunaqa gap bor-ku. Bitta bola bo‘lsa, erim bosiladi, deganlarga aytmoqchi bo‘lgan gapim: bosilmaydi! Bo‘lmagani boshidan bilinadi! GAIga tushgan jarimasini ham men to‘lardim, kiyim-kechak olib berardim, mashinani bo‘lib to‘lashga olganman, har oy 400 dollar to‘lardim. O‘sha pullarni hisoblasam, erimni ketidan ikkita uyning puli ketdi.

Nafaqat erim, balki qaynonam ham ikkiyuzlamachilik qildi. Menga yaxshi gapirib, telefonda o‘g‘liga “ur”, derdi. “Bir marta qachon bola qilamiz, bola xohlayapman”, deganimda “Mana senga bola!”, deb bachadonimga tepgan, — deydi Zuhra Soliyeva.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Birlashgan Arab Amirliklari qum bo‘roni ostida qoldi (foto va video)
Mahalliy
Qashqadaryoda uchrashuvga chiqqan 22 yoshli yigit qizning sinfdoshlari tomonidan urib o‘ldirildi
Dunyo
Afg‘onistonda oziq-ovqat inqirozi: aholining 43 foizi kuniga bir martadan kam ovqat iste’mol qilmoqda