Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65
Asrlar osha hozirgacha yetib kelgan me’morchilik inshootlari — o‘tmishning jonsiz guvohi. “Dunyoning tahsinga sazovor arxitektura namunalari” rukni ostida “Daryo” nafaqat moziy, madaniyat va san’atni o‘zida mujassam qilgan, balki kezi kelganda siyosiy voqealarga ham bog‘liqligi bo‘lgan tarixiy binolar haqida ma’lumot taqdim qilib boradi.

Rimning tashrif qog‘ozi

Foto: Getty Images

Eyfel Parijni, Big Ben Londonni, Avliyo Sofiya (Aya Sofiya) Istanbulning ramzi ekani singari Kolizey ham Rim deganda birinchi xayolga keluvchi arxitektura namunasidir. Asl nomi Flaviy bo‘lgan amfiteatr keyinchalik Kolizey (colosscus — katta, ulkan) deb atala boshlaydi.

Zilzila va talafotlarni boshdan kechirsa-da, o‘ziga xosligini yo‘qotmagan inshootni qurilish ishlari milodiy 72-yil, imperator Vespasian (69–79) va uning o‘g‘li Tit (79–81) davriga borib taqaladi. Taxtga o‘tirgan Vespasian o‘zidan avvalgi imperator — Neronning xotirasini unuttirish va o‘z nomini abadiylashtirish haqida bosh qotira boshlaydi. Uning fikricha, buning uchun Rim markazini qayta ta’mirlash va bunyodkorlikdan yaxshiroq g‘oya yo‘q edi g‘oyo. Shu tariqa u umumiy maydoni 120 gektarni tashkil qiladigan Oltin Saroy yonidagi sun’iy ko‘lni ko‘mdirib, ustiga mahobatli amfiteatr qurdirishga ahd qiladi.

Antik dunyoning eng katta amfiteatri

Amfiteatrning 1757-yilgi ko‘rinishi

Amfiteatrning 1757-yilgi ko‘rinishi
Foto: Getty Images

Bu g‘oyani amalga oshirish esa moddiy va jismoniy jihatdan katta kuch talab qilardi. Sal avval bo‘lib o‘tgan yahudiylar bilan bo‘lgan urushda asir olingan 60–100 mingga yaqin kishi esa bu borada jonga ora kiradi. Toshlarni qazib olish ularni 20 mil uzoqlikdagi Tivolidan Rimga tashish, yuqoriga ko‘tarish singari og‘ir ishlar uchun asirlardan yaxshiroq variant yo‘q edi.

Kolizeyning arxitekturasi va puxtaligidan kelib chiqib qora ishchilarning o‘zi me’morchilik durdonasini yaratgan ekan deb o‘ylash xato. Gap shundaki, asirlar qora mehnatni qilgani bilan bunyodkorlik ishlarining tepasida professional quruvchi, muhandis, rassom va dekoratorlardan iborat jamoa turgan. Ular chizmalar, chamalash, ishning mukammalligini tekshirish, va boshqa bir qator zarur va og‘ir bo‘lmagan vazifalarni bajargan.

Ellipssimon amfiteatrning uzunligi 189, eni 156 maydoni esa 24 000 metrni tashkil qilgan. 48 metrdan balandroq bo‘lgan tashqi devorlar travertin (ohaktoshli tuf) va marmarlardan iborat bloklardan qad rostlagan. Bloklar taxminan 300 tonnani tashkil qiladigan metallar bilan biriktirilgan.

Foto: Getty Images
Marsell teatri nomi bilan mashhur bo‘lgan arxitektura namunasidan ilhomlangancha to‘rtta pog‘onali fasadning pastki uch qismidagi ravoqlar ochiq qoldirilgan. Yanada mustahkam bo‘lishi uchun temir asoslar bilan dastaklangan. Balandligi 7 metrni tashkil qiladigan ichki arkalarning orasidagi farq 4,2 metr qoldirilgan. Ularni 2,4 metr kenglikdagi, 2,7 metr ichkariga kiritilgan ustunlar ushlab turgan.

“Tabaqalangan” o‘rindiqlar

Amfiteatrning 1870-yilgi ko‘rinishi

Amfiteatrning 1870-yilgi ko‘rinishi
Foto: Getty Images

Sahna tomoshabinlardan 5 metr balandlikdagi devor bilan o‘ralgan. Qurilishda haligacha stadionlarda unumli foydalaniladigan vomitoria uslubi qo‘llanilgan. Unga ko‘ra, ko‘p sonli tomoshabinlarning harakatlanishi qulay va oson bo‘lishi uchun o‘rindiqlar joylashgan qatorlar orasidan bir nechta kirish-chiqish yo‘llari ochilgan. 80 ta kirishning to‘rttasidan zodagonlar foydalangan.

Foto: Getty Images

Pastki arkdan ichkariga kirgan tomoshabinlar o‘z joyiga 76 ta zina bo‘ylab ko‘tarilgan. Tomosha vaqtida ko‘ngil yozish maqsad qilinganiga qaramay, tashrif buyuruvchi istalgan joyga o‘tirib ketavermagan. Har kim tabaqasi, kelib chiqishiga qarab o‘z o‘rnini bilishi kerak edi.

Imperatorlar uchun alohida bo‘lma ajratilgan. Sahnadan uch metr yuqoriroqda joylashgan bo‘lmada eng yuqori qatlam joylashishi mumkin bo‘lgan. Undan keyingi qatorlardan mulozimlar, so‘ngra oddiy xalq o‘tirgan. 50–87 milliongacha tomoshabinni sig‘dirgan amfiteatrning pastki qismida yovvoyi hayvonlar qafasda saqlangan. Ba’zi ma’lumotlarda aytilishicha, ayrim guruhlar, xususan, go‘rkov, aktyor va sobiq gladiatorlar Kolizeyga kiritilmagan.

Hayotini sotib olgan gladiatorlar

Amfiteatrning 1872-yilgi ko‘rinishi

Amfiteatrning 1872-yilgi ko‘rinishi
Foto: Getty Images

Imperator xalqning qalbidan joy olish uchun (odamlar ko‘ngil yozib, hukmdoridan minnatdor bo‘lgan) tashkillashtirilgan tomoshalarda Afrikadan keltirilgan millionga yaqin yovvoyi hayvon, 400 mingga yaqin gladiatorlar hayoti bilan tovon to‘lagan.

Gladiatorlar jangida asir va o‘limga mahkum qilinganlar ishtirok etishi kerak bo‘lgan. Qadimgi Rimdagi qoidalarga ko‘ra g‘olib jangchiga pul mukofoti berilardi va u shuning hisobiga o‘z hayotini asrab (sotib olgan) qolishi mumkin edi. Keyinchalik esa jangda ishtirok etishga nisbatan sharafdek qarala boshlagan.

Futbol maydoni kattaligidagi sahnadagi asosiy tomosha “ludi” — gladiatorlar jangi va “venationes” — hayvonlarni ovlanishi bo‘lgan. Shuningdek, Kolizey “repertuari”dan afsonalar asosida sahnalashtirilgan spektakllar, sport musobaqalari ham o‘rin olgandi.

Ommaviy tomosha va janglar kundalik bayram va muhim sanalar, ahamiyatli voqealar bois o‘tkazilgan. Undan avval maxsus farmonlar chiqarilib, tomosha o‘tkazish tartibi, sababi va sanasi qayd qilingan. Ommaviy tadbirlar qor-yomg‘ir quyib turganda ham to‘xtamagan. Yog‘ingarchilikda yuqori qism rang-barang chodir bilan yopilgan.

Davr bilan birga vazifasi ham o‘zgargan Kolizey

“Gladiator” (2000) filmidan lavha

“Gladiator” (2000) filmidan lavha
Foto: IMDb

Imperiyadagi eng diqqatga sazovor joyga aylangani sabab ham otasi boshlagan qurilish ishlarini yakuniga yetkazgan imperator Tit, uning ukasi Domitsian va ulardan keyingi hukmdorlar inshoot ko‘rinishini doimiy ravishda yaxshilashga e’tibor bergan.

Oxiri yo‘qdek tuyulgan gladiatorlar jangi 438-yil xristianlik sabab taqiq bo‘lmagunicha, hayvonlar olishuvi bo‘lsa oltinchi asrgacha davom etadi. Imperiya aholisining ko‘ngil yozishi uchun eng yaxshi maskan bo‘lgan amfiteatr uchinchi asrdagi yong‘inda jiddiy talafot ko‘rgach, qayta ta’mirlangan.

Kolizeyning 2015-yilgi ta’mirlash ishlari olib borilayotgan fotosi

Kolizeyning 2015-yilgi ta’mirlash ishlari olib borilayotgan fotosi
Foto: Getty Images

Shundan keyin bir muddat huvillab qolgan amfiteatrning janubiy devori 1349-yilga kelib qulab tushadi. Keyinroq esa uning devorlaridan olingan toshlar hisobiga Rimda boshqa cherkov va ibodatxonalar quriladi. XIV asrga kelib zilziladan jiddiy zarar ko‘rgan Kolizey Rimdagi qurilish buyumlari saqlanadigan omborxonaga aylantiriladi. XVI–XIX asrlarda esa cherkov nazoratiga o‘tgan inshoot diniy marosimlarga ham shohid bo‘ladi.

Bugununi ko‘rish, fonida suratga tushish uchun kuniga 7–8 ming , yiliga bo‘lsa 7 milliondan ko‘proq sayyoh tashrif buyuradi. San’at asarlari, adabiyot, kinematografiyadan tashqari, kompyuter o‘yinlari va kliplarda ham uning obrazini ko‘rish mumkin. Age of Empires, Civilization, Assassins’s Creed strategic o‘yinlari, “Rim ta’tili” (1953), “Gladiator” (2000) filmlari, Bon Dilanning “When I paint my masterpiece” qo‘shig‘i, shular jumlasidan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Samarqandda noqonuniy mayning ferma aniqlandi
Salomatlik
Yutinganda tomoq og‘rib, quloqqa tarqalsa, qanday yo‘l tutish kerak?
Sport
Murodjon Ahmadaliyev IBF kamari uchun himoya jangini o‘tkazadi