“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari tomonidan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi faoliyat yuritayotgan hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish, uglevodorod qazib chiqarish, quduqlarni burg‘ilash va texnologik obyektlarni ishga tushirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan geologik-texnik chora-tadbirlar hamda ularning samaradorligini baholash bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

O‘rganishlarning ikkinchi kunida boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari “Dengizko‘l” konida bo‘lib, u yerda Enter Engineering kompaniyasi tomonidan olib borilayotgan siquv kompressor stansiyasining 2-navbatini ishga tushirishga qaratilgan qurilish jarayonlari bilan tanishdi.

Qurilish maydonida pudratchi kompaniyaning hududiy ish boshqaruvchilari bilan loyihani tezlashtirib, ishga tushirishdagi mavjud muammolar muhokama qilinib, qurilish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha tarmoq grafigi ishlab chiqilib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha tezkor muddatlar belgilab olindi.

Shu yerda ushbu hududdagi “Dengizko‘l” suv ko‘tarilishining oldini olish maqsadida, ko‘l qirg‘og‘ini ko‘tarib, band qilish masalasi joyidan o‘rganilib, zarur vazifalar belgilab olindi.

Shu bilan birgalikda, qazib chiqarishni ko‘paytirish yo‘nalishlarida olib borilayotgan geologo-texnik chora-tadbirlar bo‘yicha rejalashtirilgan loyihalar muhokamasi ham o‘tkazildi va texnologik tadbirlar doirasida tegirmon guruhi konlarini o‘zlashtirish uchun mavjud ichki imkoniyatlardan foydalanilib, 33 kilometr uzunlikdagi gaz quvurini qurish loyihasi muhokama qilindi va qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ko‘rsatmalar berildi.

“Neftgazmontaj” MChJ rahbariyatiga gaz quvurlarida olib borilayotgan qurilish ishlarini qisqa muddatlarda tugatish choralarini ko‘rish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

“Tegirmon” konlari guruhidagi 4, 12, 13 va 7-sonli hamda “Istiqbol” maydonidagi 1-sonli izlov quduqlarda olib borilayotgan burg‘ilash ishlari ish joyidan o‘rganib chiqilib, muammoli masalalar batafsil muhokama qilindi va boshqaruv raisi o‘rinbosarlari hamda tegishli departament boshliqlariga zarur ko‘rsatmalar berildi.

O‘rganish davomida burg‘ilash maydonlarida vaxta usulida faoliyat yuritayotgan ishchilarning yashash sharoitlari ham ko‘zdan kechirilib, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati