1990-yillar boshida “Manchester Yunayted” o‘zgacha bir qudratga ega klub hisoblanardi. Ser Aleks Fergyuson qurgan klubda Devid Bekhem, Rayan Giggz, Erik Kantona kabi o‘z vaqtining eng zo‘rlari to‘p surgan. Jamoa mana shu yillarda bir qator sovrinlarni qo‘lga kiritadi. Xo‘sh, o‘sha yulduzlar hozir qayerda, qanday ko‘rinishga ega va nima bilan band?

Rayan Giggz, 48 yosh

Foto: Getty Images

Mashhur Giggzning faoliyati 24 mavsum davom etgan. Rayan ilk marta “Manchester Yunayted” safida maydonga tushganda Angliya chempionati Birinchi divizion deb atalardi (ko‘pchilik uchun tanish bo‘lgan Premyer Liga 1992-yilda paydo bo‘lgan). Uelslik futbolchi butun faoliyatini “Manchester Yunayted”da o‘tkazgan va u yerda 40 yoshgacha o‘ynagan. Giggz futbolchilik faoliyatini yakunlamasdan avval murabbiylik bilan shug‘ullana boshlaydi — “Manchester Yunayted”da o‘ynovchi-murabbiy sifatida Devid Moyesga yordam beradi. Keyinchalik esa Lui van Galga ham assistentlik qilgan. Hozirda u Uels terma jamoasiga ustozlik qilmoqda.

Pol Skoulz, 47 yosh

Foto: Getty Images

“Manchester Yunayted” safida o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha Skoulz Giggzdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi (mos ravishda 709 va 927). Pol 2011-yilning yozida faoliyatini yakunlagandi, biroq Aleks Fergyuson taklifi bilan “Manchester Yunayted”ga qaytadi va yana bir yarim mavsum o‘ynab beradi. Skoulz hozircha muvaffaqiyatli murabbiyga aylangani yo‘q – quyi liga klublaridagi birinchi tajribasi omadsiz chiqqan (klubga kelganidan bir oy o‘tib unga chiqish eshiklari ko‘rsatiladi). Hozirda Pol Britaniya televideniyesida ekspert bo‘lib ishlayapti.

Gari Nevill, 47 yosh

Foto: Getty Images

Nevill ham Giggz va Skoulz kabi butun faoliyatini “Manchester Yunayted”da o‘tkazgan. Gari 2012—2016-yillarda Angliya terma jamoasida Roy Hojsonning yordamchisi bo‘lgan. Keyinchalik u “Valensiya”ni boshqardi, biroq o‘sha vaqtda u murabbiylikka mutlaqo tayyor emas edi: “Ular yaxshi natija talab qildi, lekin men jamoa o‘yinini qayta qurmoqchi edim. Biz yomon o‘yin ko‘rsatdik, havolanib ketdim va o‘zimga bo‘lgan ishonchni yo‘qotdim”. Ammo televideniye sohasida Gari ancha muvaffaqiyatliroq — u o‘yinlarni sharhlashdan tashqari, Sky Sports dasturlarida ham muntazam qatnashib keladi.

Roy Kin, 50 yosh

Foto: Getty Images

Irlandiyalik afsona 1990—2000-yillarda “Manchester Yunayted”da chinakam “yomon yigit” sifatida mashhurlikka erishgan. Roy klub tarixida qizil kartochkalar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab turibdi (469 o‘yinda 10 ta chetlatish). Faoliyatining oxirida Kin “Sanderlend” va “Ipsvich” klublarida bosh murabbiy, keyinroq Irlandiya terma jamoasi va “Nottingem Forest”da yordamchisi sifatida ishladi. Hozirda esa Nevill bilan birga Sky Sports’da tahlilchi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Denis Irvin, 56 yosh

Foto: Getty Images

Kin bilan birga Irvin Irlandiya tarixidagi eng ko‘p sovrin yutgan futbolchi hisoblanadi (19 tadan sovrin). Qolaversa, Denis “Manchester Yunayted” bilan 1991-yilgi Kubok egalari kubogi va 1999-yilgi Chempionlar Ligasini qo‘lga kiritgan yagona futbolchidir. 2004-yilda Irvin MUTV televideniyesining boshlovchisi bo‘ldi. Denis, shuningdek, Irlandiyaning RTE Sport telekanalida o‘yinlarni sharhlab boradi va Sunday World gazetasida blog yuritadi.

Erik Kantona, 55 yosh

Foto: Getty Images

Garchi klubda atigi besh mavsum o‘tkazgan bo‘lsa-da, Kantona 1990-yillarda “Manchester Yunayted”ning ramzi hisoblanardi. Fransiyalik futbolchi “Yunayted” safida 179 ta o‘yinda ishtirok etib, 81 ta gol va 61 ta golli uzatmani amalga oshirgan. “Qirol”ning (“Manchester Yunayted” muxlislari uni shunday atagan) statistikasi bundan ancha yaxshi bo‘lishi mumkin edi, ammo Kantona 31 yoshida butsilarini mixga ilishga qaror qiladi. Bu hamma, jumladan, Aleks Fergyuson uchun ham uchun kutilmagan qaror bo‘ladi. Erikning o‘zi bunga o‘yinga bo‘lgan ishtiyoqni yo‘qotganini sabab qilib ko‘rsatgan. Futboldan keyin Kantona o‘zini kinoda topdi — u hozirda 30 dan ortiq rollari bilan maqtana oladi.

Devid Bekhem, 47 yosh

Foto: Getty Images

1997-yilda Erik Kantona ketganidan so‘ng aynan Bekhem “Manchester Yunayted” yetakchisi vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Devidning o‘ziga xos xususiyati mukammal darajaga yaqin bo‘lgan jarima zarbalari va burchak to‘plari edi. “Manchester Yunayted”ning ko‘plab futbolchilari singari Bekhem ham murabbiylik sohasida o‘zini sinab ko‘rdi. Biroq tajribani muvaffaqiyatli deb atash mushkul. “Murabbiylar o‘z ishidan qanday zavq olishlarini tushunmayman”, — deb tan olgandi Devid Angliya jamoasida ikki oylik mehnatdan so‘ng. U yerda u Fabio Kapelloga yordam bergandi. Hozirda Bekhem AQShning “Inter Mayami” klubini boshqarmoqda, faqat prezident sifatida.

Peter Shmeyxel, 58 yosh

Foto: Getty Images

Daniyalik darvozabon 1999-yilning yozida Chempionlar Ligasidagi g‘alabadan so‘ng darhol “Manchester Yunayted”ni tark etadi. Shuningdek, klubdagi 8 yil davomida Shmeyxel besh marta Premyer Liga chempionligi va bir nechta bor mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan. Peter Daniya va Britaniya televideniyesida ishlagan. Hozirda u “qizillar”ning elchisi hisoblanadi.

Stiv Bryus, 61 yosh

Foto: Getty Images

Bryus himoya markazida o‘ynaganiga qaramay, juda ko‘p gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Stivning hisobida 238 ta o‘yin va 27 ta gol bor — bu himoyachilar orasida Denis Irvindan keyin (30 ta gol) ikkinchi eng yaxshi natija. Bryusning murabbiylik faoliyati 11 ta klubni qamrab olgan, eng katta muvaffaqiyati “Hall Siti”ga to‘g‘ri keladi. “Yo‘lbarslar” 2013-yilda Angliya Kubogi finaliga qadar yetib borib, “Arsenal”ga qo‘shimcha bo‘limlarda imkoniyatni boy berib qo‘ygan (2:3). Hozirda Stiv “Vest Bromvich”ni boshqarmoqda.

Mark Hyuz, 58 yosh

Foto: Getty Images

Uelslik futbolchi 1980—1990-yillarda “Manchester Yunayted”, “Barselona” va “Bavariya”da o‘ynagan. Hyuz 247 o‘yinda 88 gol urib, “Manchester Yunayted” to‘purarlari ro‘yxatida 11-o‘rinni egallab turibdi. Bundan tashqari, Mark ikki marta Angliya chempionatining eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingan birinchi o‘yinchi bo‘lgan (1989, 1991). Keyinchalik bu natijani Alan Shirer, Tyerri Anri, Krishtianu Ronaldu va Garet Beyl takrorlagan. Faoliyatining oxirida Hyuz Uels terma jamoasi va ko‘plab APL klublariga ustozlik qilgan. 2018-yildan beri esa ishsiz.

Ser Aleks Fergyuson, 80 yosh

Foto: Getty Images

“Manchester Yunayted”ning asosiy yulduzi murabbiy bo‘lib qolaveradi. Aleks Fergyuson — klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiy; u jamoani boshqargan 26 yil davomida mankunianliklar 38 ta sovrin qo‘lga kiritgan. 2013-yilda Fergyuson jamoadan ketganidan beri “Manchester Yunayted” Angliya chempioni bo‘la olgani yo‘q. Hozir ser Aleks nafaqada, shu bilan birga o‘zining qadrdon “Manchester Yunayted”ini ham unutgani yo‘q, uni tez-tez “Old Trafford” tribunalarida ko‘rish mumkin. Stadion oldida esa shotlandiyalik mutaxassisning xizmatlariga sharafiga uning haykali o‘rnatilgan.