Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida kelgusi haftada tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha maxsus qarorni imzolashini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.
Unga ko‘ra, tez tibbiy yordam va shoshilinch xizmat xodimlari oyliklari, toifasiga qarab, 10 foizdan 15 foizgacha oshiriladi. Tez tibbiy yordamning malakali va natijaga erishgan xodimlari oyligiga 100 foizgacha ustama joriy qilinadi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda har yili 1 ming kishiga nisbatan chaqiruvlar soni 352 tani tashkil etadi. Bu rivojlangan davlatlardan 6-7 baravar ko‘p hisoblanadi. Chaqiruvlarning 15 foizidagina bemorlarni shifoxonalarga yotqizish talab etiladi. Sababi joylarda oddiy tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilmagani uchun aholi tez yordamga murojaat qilishga majbur.
Ochiq muloqotda berilgan 1 mingdan ziyod mahallada tibbiyot punktini tashkil qilish topshirig‘i Qoraqalpog‘iston, Namangan va Surxondaryodan boshqa hududlarda yakuniga yetkazilmagan.
“Viloyat hokimlari bir narsani aniq eshitib olsin. May oyi yakuni bilan barcha mahalla tibbiyot punktlari to‘liq ishga tushirilishi shart”, — degan prezident.
Mavzuga doir:
- Shavkat Mirziyoyev bemorga shoshilinch yordam eng yaqin tibbiyot muassasasida emas, balki oldindan biriktirilgan sanoqli shifoxonalarda ko‘rsatilishini tanqid qildi
- “Bemor sarson, shifokorlar esa qo‘shimcha qog‘ozbozlik bilan ovora” — Shavkat Mirziyoyev
- O‘zbekistonda 2021-yilda tez yordam kechikishi bo‘yicha viloyatlardan 50 mingdan ziyod shikoyat kelib tushgan