Inson hayoti davomida taqdirning turli sinov va qiyinchiliklariga duch keladi. Shu kabi sinovlarni yengishda kimdir o‘zida kuch topa olsa, kimdir yengiladi. “Daryo” dunyoga kerakligini his etib yashaydigan, Allohning mo‘jizasidan umid uzmagan va o‘zidek jismoniy imkoniyati cheklangan ko‘plab insonlarni faol hayotga qaytarayotgan Gulnoza Saidovaning bir kunda nogironga aylanib qolish hikoyasini taqdim etadi.
Hayotning siz uchun tayyorlab qo‘ygan sinovli kunlari bor
— Xorazm viloyatining Urganch tumanida tug‘ilganman. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (universiteti)da o‘qiganman. O‘qishda faolligim tufayli guruh sardori bo‘lganman. Turmush qurib, onalik baxtiga erishganman. Lekin hayotning o‘ziga yarasha, siz uchun tayyorlab qo‘ygan sinovli kunlari bor ekan. Kunlarning birida ertalab ko‘zimni ochsam, oyoq-qo‘lim ishlamayapti. Ammo ko‘zim ko‘rib, nafas olyapman. Nima bo‘lganini tushunmadim, o‘shanda insult degan kasallik bor ekanini ham bilmas edim.Sog‘lom yurgan odam, qaysidir narsalarni fojia, katta muammo deb qaraganim yoki ko‘p orzu-havaslarga berilib, ortidan ortiqcha yuklama bilan yurganim uchun asab tizimimda o‘zgarishlar sodir bo‘lgan. Poliartrit degan bo‘g‘im kasalligi bilan mikroinsult kasalligi barobar kelgan. Turli yo‘qotishlar tufayli umurtqamda tortishish paydo bo‘lgan va ichki titroqni his qilardim.
Odam hayotda hamma narsaga tayyor turishi kerak ekan. Yo‘qotishlarga ham, muvaffaqiyatga ham, omad-u omadsizlikka ham. Asab tizimim ishdan chiqishi sabab Allohning fayzli kunlariga, ya’ni o‘tirib ishlash rohatiga erishdim. Meni umidvorlik ushlab turdi. Shu tarzda yashashga sekin ko‘nikdim. Oldin yurardim, sog‘lom edim. O‘qidim, ishladim, oila qurdim va farzand ko‘rdim. Endi yurmay qoldim. Lekin tirikman, nafas olyapman, ko‘zim ochib-yumiladi, lekin harakat yo‘q. Nima qilish kerak? Nafas olib, bitta ko‘z ochib-yumish bilan yashab bo‘lmaydi, hayot davom etmaydi-da! Unga mazmun berish kerak.Nogiron ekanimni oxiri tan oldim...
— Hayot davom etishi kerakligini tushunsam-da, nimadan davom ettirishni bilmasdim. Uyda oyoq-qo‘lim ishlamay yotgan vaqtlarim televizorda Respublika tadbirkor ayollar uyushmasi raisi aravachada o‘tirib, intervyu berdi. “Bizga ishoning, imkon bering!” shu jumla diqqatimni tortdi negadir. Mavzu nogironlik haqida edi. Avval o‘zimni bemor deb his qilgan bo‘lsam, shundan so‘ng nogiron ekanimni tushunganman.
O‘sha ayolni topib bordim va nogiron bo‘lib qoldim, lekin ishlashim kerak dedim. U ayol nogironsan-ku, qanday ishlaysan, degan. Tabiatan tez yig‘lab yuboradigan bo‘lsam ham, o‘shanda yig‘lamaganman. Bilmayman, ammo ishlashim kerak, deb javob qaytarganman. Shunda bo‘ldi, sen o‘tding degan. U inson ham sog‘lom bo‘lgan, hokimiyatda ishlagan va kasallik sabab nogiron bo‘lib qolgan ekan. O‘zi ham “nogiron” so‘zi sabab turli to‘siqlarga uchragan va boshqalarning irodasini shu jumlani ishlatish orqali sinovdan o‘tkazar ekan.
Ko‘chadagi boshqa odam aytgandan ko‘ra, nogironga nogiron aytgani dalda bo‘larkan. Xullas, nogironligimni tan oldim. Ya’ni jismoniy nogiron ekanimni. Ammo ichimdagi shijoat nimadir qilishim kerak derdi. Shu tariqa to‘garaklarga a’zo bo‘lib, jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lsa ham, aqlan yetuk insonlar bilan tanishdim. Seminar, treninglarda qatnashib, nogironlik mavzusiga kengroq kirib bordim. 2009—2010-yillarda viloyatlarda aynan nogironlarning hayotga integratsiyasini rivojlantirish masalasida seminar-treninglar o‘tganman.
Ma’naviy to‘siqlar yo‘qotildi, ammo...
Boshida nogironga aylanib qolganimni tushunmaganman. Chunki nogironlar ko‘chada bo‘lmagan, kimdir uyalgan, boshqalarda buning gunohi borki, shunday sinalyapti degan tushunchalar bo‘lgan.Bizning ko‘chalarda nogironlar harakatlanishi uchun qulay sharoitlar hali yaratilmagan. To‘siqlar juda ko‘p. Ma’naviy to‘siqlar yo‘qotildi. Mening ham teatrga, konsertga borgim kelardi. Nogiron sifatida birinchi marta ko‘chaga chiqqanimda, muzeydagi eksponatga qaragandek tikilishgandi.
Prezident farmonlar chiqaryapti, ijrosiga kelganda ayrim tashkilotlar orqada qolyapti. Nogironlar uchun qulaylik deganda inson harakatlana olishi uchun joy bo‘lishi kerak. Bizning tadbir va ko‘plab loyihalarimiz bor. Lekin rejalarni amalga oshirish uchun biror maktab rahbari, mahalla raisiga murojaat qilishim kerak yoki xiyobonlarda o‘tkazishim kerak.
Bir kunda nogiron bo‘lib qolganman, kelajakda yana bir kun kelib Allohning mo‘jizasi bilan ertalab uyg‘onsam, oyoqqa turib ketishni orzu qilaman.
Suhbatning to‘liq variantini “Daryo“ning YouTube’dagi sahifasi orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Sevara Mirzarahimova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montajchi – Ilhomjon Xursanaliyev