Samarqand viloyatining beshta tumanida tuman hokimlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari almashdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Xususan, Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Ismailov Dilshod Bahriddinovich Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini tayinlangan.IT-tanlov g‘olibiga berilgan eski noutbuk mashmashasi ortidan ishdan olingan Nurobod tuman hokimi o‘rinbosarining joyiga Xo‘jamiyarov Sirojiddin Xushimovich tayinlangan.
Sirojiddin Xo‘jamiyarov tayinlovga qadar Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Nurobod tumani bo‘linmasi rahbari vazifasida faoliyat yuritgan.
Besh yildan buyon Urgut tumanidagi 97-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktor sifatida ishlab kelayotgan Eshonqulov Asqar Matlabovich Urgut tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan.
Yavqacheva Nilufar Mahmudovna esa Ishtixon tumani hokimining aynan shu masalalar bo‘yicha o‘rinbosarligiga tayinlangan.
Shuningdek, Samarqand shahar hokimining qaroriga asosan Hayitov Orif Boliqulovich shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Orif Hayitov shu paytgacha Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori bo‘lib ishlagan.
Samarqand shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Shahzod Eshonqulov viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.
Viloyat madaniyat boshqarmasiga shu paytgacha boshliq bo‘lgan Xo‘jaqul Muhammadiyevning qayerga ishga o‘tganligi noma’lum.
Mavzuga doir: