2-mart kuni Rossiyada pul o‘tkazmalari va valyuta olib chiqish bo‘yicha yangi qoidalar kuchga kirdi.
Bu Rossiya prezidenti Vladimir Putinning farmonlari asosida amalga oshirildi. “Daryo” mazkur hujjatlar bilan tanishib, o‘zbekistonliklarga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan jihatlarni belgiladi.
- birinchidan, Rossiyadan 10 ming dollardan ziyod bo‘lgan naqd pul ko‘rinishidagi chet el valyutasini olib chiqish taqiqlandi. Bundan oldin, mablag‘lar bojxona deklaratsiyasidan o‘tgan taqdirda, ularni olib o‘tishga ruxsat berilar edi.
- ikkinchidan, xorij fuqarolari bank hisobini ochmasdan turib, Rossiyadan bir oyda 5 ming dollardan ziyod pul mablag‘larini o‘tkazishi taqiqlanadi. Avvallari buni pul o‘tkazmalari tizimlari orqali amalga oshirish mumkin edi.
- uchinchidan, Rossiyada istiqomat qiluvchilar Paysera, Payeer, ecoPayz kabi to‘lov tizimlaridan foydalangan holda, pul o‘tkazmalarini amalga oshirishlari cheklandi. Bu faqatgina Rossiyada yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan (“VNJ”) o‘zbekistonliklarga tegishlidir.
Avvalroq Markaziy bank rubl qadrsizlangani sabab zaruriy choralar ko‘rishni boshlagani haqida xabar berilgan edi.