Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylarga murallar chizish ishlari boshlanadi. Bu haqda 2-mart kuni poytaxt hokimligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Furqat Mahmudxo‘jayev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”/ Dilruh Isomiddinova

Furqat Mahmudxo‘jayevning ta’kidlashicha, bugungi kunda “Mahallada duv duv gap: Mahalla devorlariga chizmalar” loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha poytaxt tumanlaridagi turar-joy binolari, ijtimoiy soha obyektlari, zinapoyalar va boshqa binolar fasadida ko‘rgazmali tasvirlar (chizmalar, murallar, grafikalar va boshqalar) yaratishga bag‘ishlangan. Maqsad Toshkent shahrining 12 ta tumanidagi mahallalarda norasmiy diqqatga sazovor joylarini yaratish va atrofimizdagi voqelikka uyg‘unlik elementini kiritishdan iborat.

“Bu loyihani 1-mayga qadar amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Loyihani bir necha bosqichlarga bo‘lganmiz. Masalan, biz uchun eng avvalo lokatsiyalar kerak. Joylarni aniqlab olganimizdan so‘ng, rassomlar shu joylarga moslab o‘z suratlarining eskizlarini bizga taqdim etishlari mumkin. Albatta, hisob-kitobi, ya’ni o‘sha muralni chizish uchun qancha mablag‘ ketishi bilan. Buni aniqlab olgach loyihaning eskizlarini, mablag‘ini Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashiga kiritamiz. Mazkur ishlarni mahalliy budjetning orttirilgan qismidan amalga oshiramiz. Agarda homiylar topiladigan bo‘lsa buni qo‘llab-quvvatlaymiz”, — deydi u.

Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Furqat Mahmudxo‘jayev

Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Furqat Mahmudxo‘jayev
Foto: “Daryo”/ Dilruh Isomiddinova

Uning qo‘shimcha qilishicha, mart oyi davomi lokatsiya va eskizlar aniqlab olinsa hokimlik 31-martga qadar mablag‘ masalalarini hal qiladi.

“Eng katta masala — murallar chiziladigan joylarga insonlar rozi bo‘lishi kerak. Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov pandemiya vaqtida mural chizdirgandi. Shu kabi aktual mavzularni olib chiqish kerak. Agar hamma ishlarni hal qilsak 1-apreldan boshlab, 1-mayga qadar chizish ishlari olib boriladi”, — deydi Furqat Mahmudxo‘jayev.

Ta’kidlanishicha, murallar eskizlarini badiiy jihatdan ko‘rib chiqish uchun professional ekspertlar kengashi tuziladi.

“Hozircha ko‘p qavatli uylarga murallar chizishni faqat Toshkent shahrida qilishni rejalashtiryapmiz. Loyiha yaxshi amalga oshsa balki keyinchalik viloyatlarda ham bo‘lishi, viloyatlardan so‘ng tumanlar, keyin esa mahallalar tashabbus bilan chiqishi mumkin. Devorga har xil so‘zlarni yozib ketgandan ko‘ra, chiroyli surat turgani yaxshi”, — deydi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Furqat Mahmudxo‘jayev.

“Daryo” muxbiri 2021-yili bo‘lib o‘tgan Tokio-2020 olimpiya o‘yinlaridagi sportchilarga bag‘ishlangan murallar loyihasi hamda murallarni chizgan rassomlarni rag‘batlantirish masalasida so‘radi.

“Haqiqatan ham o‘tgan yili Olimpiadadan so‘ng shunday takliflar bo‘lgan edi, lekin hech kim amalda shu ishni qilmadi. Balki qilayotgan loyihamizda kimdir ushbu taklifni berar, yana kimdir muralda Nodirbek Abdusattorovni aks ettirish taklifini berishi mumkin. Rag‘batlantirish masalasiga kelsak, menimcha, biror rassomning ijodi barchaga ko‘rinib turadigan joyda bo‘lsa – shu eng katta rag‘bat”, — deya so‘zlarini yakunlaydi Furqat Mahmudxo‘jayev.

Toshkent shahar hokimligining ma‘lum qilishicha, loyiha bosqichlari quyidagicha taqsimlangan (muddatlar taxminan keltirilgan va o‘zgarishi mumkin):

  • Birinchi bosqich – 10-martgacha: suratlar uchun manzillar bo‘yicha takliflarni to‘plash. Taklif etilayotgan joyning fotosuratlari va bo‘lajak surat yaratiladigan obyekt va uning manzilini tavsiflovchi bir nechta tushuntirish so‘zlarini Telegram’ga yuboring: @poytaxt_uz_support.
  • Bundan keyin komissiya (hokimlik xodimlari va Badiiy akademiya vakillari) eng qiziq manzillarni tanlab oladi. Ularning ro‘yxati birinchi aprelgacha e’lon qilinadi.
  • Ikkinchi bosqich — 1-aprelgacha: rassomlar tanlangan joylar uchun eskizlarni yaratadilar va moliyaviy xarajatlar smetasini tuzadilar. Takliflar ijodkorlar komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va eng yaxshi ishlar tasdiqlanadi.
  • Uchinchi bosqich — 15-aprelgacha: eskizlarni muhokama qilish va devorlarning egalari bilan muvofiqlashtirish, Xalq deputatlari shahar Kengashida moliyaviy xarajatlarni tasdiqlash. Homiylar ishtirok etishi maqsadga muvofiq.
  • To‘rtinchi bosqich — may oyi: suratlarni yaratish boshlanadi. Yoz faslining boshida shahardagi butun “suratlar galereyasi” tayyor bo‘lishi kerak.

Toshkentga murallar qachondan qaytishni boshladi?

Mural-art bu — zamonaviy ko‘cha san’ati bo‘lib, bunda polotno vazifasini ko‘p qavatli bino devorlari bajaradi.

2020-yilning fevral oyida O‘zbekistonda maxsus talablarga mos keladigan milliy uslubda graffiti yaratishga rasman ruxsat berilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.

Aynan shu yilning oktabr oyida Toshkentning Sergeli tumanidagi Yangi Sergeli va Lutfkor ko‘chalari kesishmasida koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlar sharafiga ilk muralni yaratildi.

Foto: Arsen Fazildzyanov

“Menimcha, bu asar pandemiya qurbonlari uchun o‘ziga xos yodgorlik va ular xotirasi uchun hurmat belgisi bo‘ldi. Yaratilgan obraz — fuqarolar e’tiborini yana bir bor shifokorlarimiz mardligi va jasoratiga qaratish uchun imkoniyat”, — degan edi Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov.

2021-yilning avgust oyida Novda Group kompaniyasi illyustratorlari Tokio-2020 olimpiadasi sovrindorlariga bag‘ishlangan suratlarni taqdim etgandi. Unda illyustratsiyalarni ko‘p qavatli uylarning devorlariga tushirish taklif etilgan edi. Ushbu tashabbusni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva qo‘llab-quvvatlagan edi.

Foto: Novda Group

Foto: Novda Group

Foto: Novda Group

Foto: Novda Group

Foto: Novda Group

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yilning 18-fevral kuni poytaxtning Yangihayot tumanida joylashgan “Do‘stlik” mahallasiga tashrifi chog‘ida ko‘p qavatli uyning devoriga chizilgan “Do‘stlik ramzi” muraliga e’tibor qaratgandi.

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

“Nega hamma yoqqa shunday qilmaysizlar? Bu mural ham odamning kayfiyatiga ijobiy ta’sir qiladi”, — degan edi prezident mas’ullarga.

Shavkat Mirziyoyev mas’ullardan bu kabi murallar qachondan boshlanganini so‘ragandi. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bu turdagi devoriy murallar 2021-yilning bahoridan chizila boshlanganini ta’kidlagan edi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Tez yordam mashinasi 5 yilda ikki baravarga ko‘paydi, bitta chaqiruv dorisi 640 so‘mdan 7,5 ming so‘mga oshdi”. “Daryo” tibbiyotdagi o‘zgarishlarni Namangan viloy...
Sport
Bundesliga. “Borussiya D” o‘z maydonida raqibini tor-mor etdi 
Shou-biznes
Instagram: Aeroportda dabdaba bilan kutib olingan Liil Xurramov, qo‘shiq kuylagan Abduhoshim Ismoilov, yangi raqqosalarni kashf etayotgan Yulduz Usmonova