Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Internet rivojlangach, mashhur bo‘lish u qadar qiyin bo‘lmay qoldi. Bunday imkoniyat shou-biznes vakillariga ham qo‘l kelmoqda. Avvalgidek televideniye formatiga qarab klip suratga olish shart emas. Klipini sarf-xarajatsiz internet tarmog‘iga joylab, yaxshi natijalarga erishganlar ham bisyor. Quyidagi qahramonlarimiz hayotdan ko‘ra, internetda ancha-muncha mashhurroq.

Gulinur Egamberdiyeva

Xonanda Gulinur Egamberdiyevaning “Jo‘ji qoro” klipi YouTube’da uch oy mobaynida 14 million marotaba tomosha qilingan. Xonandaning kliplari internetda ko‘p izlansa-da, hayotda uni ko‘pchilik tanimaydi.

Foto: Instagram / @guliinursinger

Foto: Instagram / @guliinursinger

— San’at bo‘yicha hech qayerda tahsil olmaganman. Kompyuter texnologiyalari bo‘yicha o‘qishni tamomlab, to‘ylarga chiqishni boshlaganman. Bir nechta musiqiy asboblarni chalishni bilaman, ammo ularni ham mustaqil o‘rganganman. 2013-yildan mustaqil ijodni  boshlaganman. Ko‘pchilik yo‘nalishingizni Janob Rasulga o‘xshatamiz, deyishadi. Haqiqatan o‘xshashlik bor, chunki ikkimizning qo‘shiqlarimizni bastakor Jamshid Aimbetov yaratadi. Oddiylikni yaxshi ko‘raman, kundalik hayotda umuman pardoz qilmayman. Konsert dasturlarida ishtirok etmaganman, ammo Xorazm, Qoraqalpog‘iston va Turkmaniston to‘ylarida faolman.

Eslatib o‘tamiz, xonanda Gulinur Egamberdiyeva 1994-yil Xorazm viloyatida dunyoga kelgan. Oilada ikki qiz. Shu kungacha “Jo‘ji qoro”, “Baliqcham”, “San o‘yna” va “Popurri” kabi kliplari YouTube’da bir necha million marta tomosha qilingan. “Jo‘ji qoro” qo‘shig‘i Xorazm shevasida “Ko‘zi qaro” degan ma’noni anglatadi.

Janob Rasul

Bu xonanda ijodini internet orqali izlovchilar nihoyatda ko‘p. Shu bois uning kliplari YouTube’da rekord natijalarni qayd etadi. Masalan, “90-60” – 59 mln, “Yomonsan” – 45 mln va “Super” kliplari 21 mln marta tomosha qilingan.

Foto: Instagram / @janob_rasul_official_

Foto: Instagram / @janob_rasul_official_

— Ijodimni boshlaganimga 20 yildan oshdi. Faoliyatimni “Sevinch” guruhida boshlaganman. Keyin ustozim Ozodbek Bekjonovning oq fotihasini olib, yakkaxon ijodni boshladim. Ochig‘i, yakka ijod qilish juda qiyin, ayniqsa, moliyaviy muammolar imkoniyatlarni cheklaydi. Shuning uchun qo‘shiq aytish bilan birga boshqa xonandalarga musiqa yozib berish bilan ham shug‘ullanardim. 2012-yildan keyin to‘ylardan topgan daromadim sabab ijodim asta rivojlangan. Ba’zan qo‘shiqlarim bachkanaligi, sayozligi haqida ko‘p eshitaman. Avvaliga men ham ko‘plab ma’noli qo‘shiqlar yaratganman. Ammo natijasi kutilganidek bo‘lmagan. Ammo “Captiva” qo‘shig‘i sabab o‘n bir yil deganda qo‘shiqlarim odamlar og‘ziga tushgan, — deydi Janob Rasul.

Eslatib o‘tamiz, xonanda 1987-yil 21-iyunda Qoraqalpog‘iston respublikasining Beruniy tumanida tug‘ilgan. Uning familiyasi Saitchanov, ilk klipida Raj Kapurning “Janob 420” filmiga taqlid qilgan. Shundan keyin muxlislar unga Janob Rasul taxallusini berishgan.

Osman Navro‘zov

Xonanda Osman Navro‘zov o‘zbek shou-biznesidagi klipi YouTube’da eng ko‘p tomosha qilingan xonanda hisoblanadi. Uning “Lyubimaya” klipi 90 mln, “Do‘stim” qo‘shig‘iga ishlangan klipi 20 mln marta tomosha qilingan. Xonanda o‘ziga internetda mashhurlik olib kelgan “Lyubimaya” qo‘shig‘i va klipini yaratishda katta moddiy qiyinchiliklarga uchraganini aytadi.

Foto: Instagram / @osmannavruzov_official

Foto: Instagram / @osmannavruzov_official

— Ijodimni 2013-yilda boshlaganman. Ammo u vaqtlarda faqat turkman tilida qo‘shiq kuylardim. To‘ylar kam, topadigan daromadim ham haminqadar edi. 2018-yili Rossiyada ijod qiladigan do‘stim bir necha qo‘shiqlarning g‘oyasini yubordi. Ular ichida “Lyubimaya” qo‘shig‘i yoqqanligi uchun uni sotib olishga qaror qildim. Uni Jamshid Aimbetovga olib bordim. Ammo Jamshid akaning mehnat haqqi ancha qimmat edi. U Janob Rasulga ko‘p qo‘shiqlar yozgani uchun “Lyubimaya” ham omadli keladi, deb o‘ylagandirman-da. Qo‘shiq uchun borimni tikdim. Undan keyin klip oladigan bo‘ldik. Klip narxini kelishgach, pul yig‘ishni boshladim. Suratga olish ishlarining ilk kunida ishtirok etib, Qoraqalpog‘istonga xizmatga qaytdim. To‘yda qo‘shiq aytayotgan ma’mur akamiz qo‘ng‘iroq qilib: “Yana bir million so‘m yetmayapti, xarajatlar chiqib qoldi”, dedi. Asabim buzilib ketdi, chunki haqiqatan ham pulim yo‘q edi. O‘shanda “Klip kerak emas, olganlaringizni o‘chirib tashlanglar, bergan pulimga roziman”, degandim. Ammo klip o‘zbek san’atida menga omad olib keldi, — deydi Osman Navro‘zov.

Muhammad Ziyo

Muhammad Ziyoning ilk qo‘shig‘i internetda ommalashganida uni hech kim san’atkor deb o‘ylamagandi. Chunki xonandaning qo‘shiq aytish usuli odamlarda boshqacha taassurot qoldirgandi.

Foto: Instagram / @muhammadziyo.offical

Foto: Instagram / @muhammadziyo.offical

— Ijodni 12 yoshimdan boshlab, to‘y-hashamlarda qo‘shiqlar aytib yurardim. Gliyer nomidagi musiqa maktabida tahsil olib, katta sahnaga intilganman. Ayrimlar o‘ylagandek, osonlikcha san’atkor bo‘lganim yo‘q. “Akaxonlarim”dan avval bir nechta qo‘shiqlarim omadsiz chiqqan, hatto menga yordam qilmoqchi bo‘lganlar ham shartnomani muddatidan avval yakunlashgach, qiyin vaziyatda qolgan kunlarim bo‘lgan. Ko‘nglim cho‘kib qolgan paytda otam qo‘llab Malibu avtomobilini olib bergandi. Shu bois ko‘pchilik meni boy deb o‘ylardi, ammo mashinadan ortiq qimmatbaho narsam yo‘q edi. “Akaxonlarim” sabab niyatlarim amalga oshdi. Albatta, qo‘shiqning ommalashishida ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni bo‘lakcha. Men hayotdagidan ko‘ra, internetda mashhurroq edim. Hozir bu borada ikkisi teng.

Eslatib o‘tamiz, xonanda 1993-yil Andijon viloyatining Marhamat tumanida dunyoga kelgan. Hozirgi kunda mart oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan konsert dasturiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xonanda ijodidagi “Guljahon”, “Akaxonlarim” va “Sizda ham pul ko‘payib ketdi” qo‘shiqlari YouTube’da yaxshi natijalarni qayd etgan.

Jaloliddin Ahmadaliyev

Bu xonandani haqiqatan ham internet yulduzi deyish mumkin. Chunki u shu kungacha birorta qo‘shig‘ini televideniye orqali namoyish etmagan. Bir necha qo‘shiqlari klipsiz ham muxlislar qalbini zabt etgan. “Yor bizdan ketdi”, “Menda qolmadi dil” va “Eh, jo‘ralar” qo‘shig‘i YouTube’da bir necha million marta tomosha qilingan.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

— San’atga kirib kelganimga ko‘p bo‘lgani yo‘q. To‘g‘ri, bolalikdan qo‘shiq kuylaganman, ammo ijod qilishga sharoitim bo‘lmagan. Maktabni tamomlab, akalarim bilan Rossiyaga ishlashga ketganman. O‘shanda 18 yoshda edim. U yerda qurilish, mashina yuvish shoxobchasida ishladim. Undan keyin O‘zbekistonga qaytib yana shu ish bilan shug‘ullandim. Keyin dadamning talabi sabab kosibga shogirdlikka tushdim. Ikki yil kosibchilik qildim. Ammo zaharli yelim sabab oshqozonim qattiq og‘riydigan bo‘lib qoldi. Avvaldan xonandalarga qo‘shiqlar yozib berganman, hozir ham iltimos qilganlarga rad javobini berolmayman. Internetdagi mashhurlik — hammasi Allohdan. Bir paytlar orzu qilgan ijodkorlarim bilan bir sahnada ekanligimga va o‘z tinglovchilarim borligiga shukr qilaman, — deydi Jaloliddin Ahmadaliyev.

Eslatib o‘tamiz, xonanda 1992-yilning 12-sentabr sanasida Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida tavallud topgan. Oilali, bir o‘g‘il farzandi bor.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Foto: Zarbalardan keyin chiroqsiz qolgan Ukrainaning koinotdan ko‘rinishi
Mahalliy
Andijonda Isuzu va yuk mashinasi to‘qnashishi oqibatida 41 kishi jarohatlandi, 3 nafari voqea joyida halok bo‘lgan
Dunyo
Sena daryosi bo‘ylab sayr: turli-tuman qiyofalar va mashhur tarixiy obidalar — suratlarda