Bugungi kunda YouTube o‘z-o‘zini kashf etishning eng oddiy va oson usuli hisoblandi. U orqali mashhurlikka erishish va mo‘maygina daromad  topish mumkin. Faqat uning ham o‘ziga yarasha talablari, qonun-qoidalari bor.

Quyida YouTube’da eng ko‘p tomosha qilingan o‘zbek kliplari haqidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz. Ayrim xonandalar kliplaridan qancha daromad olganini yashirmadi, ba’zilari esa bu haqda gapirishni istamadi.

1-o‘rin: Osman Navro‘zov “Lyubimaya” klipi 

Foto: Instagram / @osmannavruzov_official

YouTube’da klipi eng ko‘p tomosha qilingan o‘zbekistonlik xonandalar reytingida birinchi o‘rinni qoraqalpog‘istonlik Osman Navro‘zov egallagan. Uning “Lyubimaya” klipi 81 million marta tomosha qilingan. “Bir do‘stim bor” qo‘shig‘i esa 10 milliondan ziyod ko‘rilgan. Osman Navro‘zov 12 yildan buyon ijod qiladi.

— Rosti, “Lyubimaya” qo‘shig‘i bunchalik mashhurlikka erishishini tasavvur qilmagandik. Agar shunday bo‘lishini bilganimizda sifatli klip suratga olardik. Qo‘shiq omad bilan birga katta daromad ham olib keldi. Shu kungacha mazkur klipdan 40 000 AQSh dollaridan ko‘proq daromad olganman, — deydi xonanda.

2-o‘rin: Shahzoda “Chikko” klipi

Foto: Instagram / @shahzodasinger

Maftunkor Shahzodaning YouTube’dagi natijalari ham yomon emas. Uning “Chikko” klipi 62 million marta tomosha qilingan. Tahlillarga ko‘ra, klipning ommalashishiga animatsiya tarzida suratga olingani sabab ekan. Undan keyingi o‘rinni 24 millionlik ko‘rsatkich bilan “Hayot, ayt” klipi egallagan. Xonanda daromadlari bilan bog‘liq ma’lumotlarni oshkor etishni istamadi.

3-o‘rin: Sevinch Mo‘minova “Ne bo‘ldi?” klipi

Foto: Instagram

Bu o‘rinni “Internet qirolichasi” deya ta’riflanadigan Sevinch Mo‘minova 57 millionlik natija bilan band etgan. Yetti yil avval internetga yuklangan “Ne bo‘ldi?” qo‘shig‘i haligacha o‘z tomoshabiniga ega. Mazkur qo‘shiq “Baxt uchun million” filmiga soundtrek sifatida ijro etilgan. Aslida u plagiat qo‘shiq bo‘lib, Sevinchdan avval uni hind, turk va grek xonandalari ham ijro etishgan. Qo‘shiq matni esa shoira Gulbahor Mo‘minova qalamiga mansub.

— YouTube’dan topadigan daromadimiz u qadar yuqori emas. Oyiga 1 000 AQSh dollaridan pul keladi, — deydi xonandaning otasi Tolib Mo‘minov.

4-o‘rin: Janob Rasul “90-60”  klipi

Foto: Instagram

Xonanda Janob Rasulning ijodi hamisha internet foydalanuvchilarining diqqat markazida. U kliplar trendi borasida ko‘pchilik xonandalarni ortda qoldiradi. Uning Dubayda suratga olingan “90-60” qo‘shig‘i 53 million marta ko‘rilgan va 15 mingdan ko‘proq izoh qoldirilgan. Bu havas qilgulik natija.

— Internetdan yomon daromad kelmaydi, shu bois kliplar sifatiga ham alohida e’tibor beraman. Bir oyda plastik kartamga, taxminan, 7 000—8 000 AQSh dollari miqdorida mablag‘ tushadi. Ammo bu bir qo‘shiqning oylik daromadi emas, — deydi xonanda.

5-o‘rin: Shohruhxon “Yurak” klipi

Foto: Instagram

Bu o‘rinni Shohruhxonning “Yurak” taronasiga ishlangan klip band etgan. Klipmeyker Sarvar Isayev tomonidan suratga olingan klip 52 million marta tomosha qilingan.

— Bu klip YouTube’dagi 2 ta kanalga joylangan. Agar ular qo‘shib hisoblansa, natijalar bundan ham yuqori bo‘ladi. YouTube orqali qancha daromad topishimizni bilmaymiz. Chunki shartnomaga muvofiq pullar Shohruhxonning hisobiga tushmaydi, — deydi xonandaning prodyuseri Izzatillo Namozovich.

6-o‘rin: Bunyodbek Saidov “Ustozlar 3” termasi

Foto: Instagram

Bu o‘rinni Xorazmning xushovoz xonandasi Bunyodbek Saidov egalladi. Uning ustoz san’atkorlarning qo‘shig‘ini terma tarzida ijro etgani 46 million marta tomosha qilingan. 2016-yildagi konsert dasturida ijro etilgan qo‘shiq bunchalik ko‘p marta tomosha qilishini xonandaning o‘zi ham kutmagani aniq.

7-o‘rin: Munisa Rizayeva “Yomg‘ir” klipi

Foto: Instagram

Bu o‘rinni Munisa Rizayevaning “Yomg‘ir” klipi band etdi. Mazkur qo‘shiq YouTube’da 42 million marta ko‘rilgan. 11 millionlik natijani esa Yamin Band bilan kuylangan “Armon” qo‘shig‘iga ishlangan klip egallagan.

8-o‘rin Yulduz Usmonova “Qizg‘aldog‘im” klipi

Foto: Instagram / @yulduzibragimovnausmonova

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning turk xonandasi Yaşar bilan kuylagan “Seni severdim” klipi YouTube’da 7 yil davomida 132 million marta tomosha qilingan. Biroq ushbu qo‘shiq turk YouTube kanaliga joylangan hamda ma’lumotlarga ko‘ra, Usmonova ushbu klipdan daromad olmaydi. Biroq xonandaning o‘zbek YouTube kanallariga joylangan kliplari ham yuqori natijalarni qayd etgan. Uning “Qizg‘aldog‘im” klipi 39 million, “Taralli-dalli” klipi 38 million, “Devonalarmiz” klipi esa 27 million marta tomosha qilingan.

9-o‘rin Jahongir Otajonov  “Qaddi baland” klipi

Foto: Instagram

Jahongir Otajonovning YouTube’dagi natijalari ham havas qilgulik. “Qaddi baland” klipi 35 million,

“Jingalamo” 16 million, “Jonim” klipi esa 10 million marta ko‘rilgan.

10-o‘rin: Dilso‘z “Sog‘indim” klipi

Foto: Instagram / @dilsoz_singer_new

Reytingimizning so‘nggi pog‘onasini xonanda Dilso‘z egalladi. Uning “Sog‘indim” klipi 34 million, “Begim, sog‘inasiz” klipi esa 20 million marta tomosha qilingan.

Undan keyingi  yuqori natijalarni Ziyodaning “Jim” (31 million), Xurshid Rasulovning “Erni xotin boqmasin” (24 million) va Ozodbek Nazarbekovning “Ketaman der” (18 million) kliplari egalladi.

Eslatib o‘tamiz, reyting maqola e’lon qilingan sanadagi raqamlarga muvofiq tuzilgan.