1789-yil boshlangan Buyuk fransuz inqilobi dunyo siyosiy qiyofasini o‘zgartirib yuborgan voqea bo‘ldi. Fransuzlar insoniyat tarixida yangi davrni boshlab beradi. Xususan, eng qadimgi zamonlardan beri shaxsi muqaddas hisoblanuvchi qirolning qatl qilinishi inqilobning burilish nuqtasi sanaladi. Qirol Lyudovik XVI ning qatli jahondagi mutlaq monarxiya tizimiga qattiq va keskin zarba berdi.

Inqilob

1789-yili Fransiya qiroli Lyudovik XVI bir necha yillik qurg‘oqchilik sabab bo‘shab qolgan davlat xazinasini to‘ldirish uchun an’anaviy parlament — General shtatlarni chaqiradi. Uch toifa vakillari — ruhoniy, dvoryan va uchinchi tabaqa (yuqoridagi ikki imtiyozli tabaqadan tashqari qolgan barcha ushbu tabaqaga mansub) ishtirok etuvchi ushbu organ ilk bor 1302-yili qirol Filipp IV tomonidan Papaga qarshi kurashish uchun chaqirilgan hamda davlatning oliy organi bo‘lib kelgan. Lyudovik XVI General shtatlar kun tartibiga xazinani to‘ldirish uchun yangi soliq joriy etish taklifini qo‘yadi.

Biroq asosiy soliq to‘lovchi bo‘lmish uchinchi toifa qirolning bu talabini bajarishdan bosh tortadi va 17-iyun kuni uchinchi tabaqa vakillari tashabbusi bilan General shtatlar Ta’sis Majlisiga aylantiriladi. Ta’sis Majlisi qirolga parlament ruxsatisiz yangi soliq joriy etishni taqiqlaydi, davlat xazinasi esa parlament nazoratiga o‘tadi. Tabiatan qattiqqo‘l bo‘lmasa-da, Lyudovik XVI ga parlamentning bu qarorlari yoqmaydi va u Ta’sis Majlisni tarqatib yuborishga qaror qiladi. Ammo Parij aholisi va ularga qo‘shilgan Milliy gvardiya qirolga qarshi kurash boshlaydi.

General shtatlar. 1789-yil

Foto: Wikiwand

14-iyul kuni inqilobning asosiy voqeasi sodir bo‘ladi. Namoyishchilar bir necha asrlardan buyon Fransiyada monarxiya tuzumi ramzi bo‘lib kelgan, siyosiy mahbuslar saqlanuvchi Bastiliya qal’asini egallaydi. Bastiliya qulaganini eshitgan Lyudovik XVI “Ha, bu haqiqiy isyon” deya xitob qiladi. Qirolning amaldori Laroshfuko Liankur esa “Yo‘q janobi oliylari, bu — inqilob” deya e’tiroz bildiradi.

Qirolning qamoqqa olinishi

Fransiyada bu davrda qurg‘oqchilik sabab ko‘plab hududlarda ocharchilik kuzatilayotgandi. 14—16-oktabr kunlari parijlik ayollar qirol oilasi qarorgohi Versal saroyi oldiga non so‘rab yig‘iladi. Tez orada namoyishchilar qiroldan yangi o‘zgarishlar(konstitutsion monarxiyaga o‘tish, imtiyozlarni bekor qilish, Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasini qabul qilish)ni talab qiladi. Lyudovik xavfsizlik uchun Parijga olib ketiladi va Tyuilri saroyida uy qamog‘ida ushlab turiladi. Yuz yillar davomida fransuz qirollarining saroyi bo‘lib kelgan mashhur Versal saroyi esa olomon tomonidan talanadi.

O‘xshamagan qochish rejasi

1790-yil qirol atrofidagi amaldorlar uni qochib ketishga ko‘ndiradi. Rejaga ko‘ra, qirol Parijdan sharqda joylashgan Saar, Myoza va Mozelye qo‘shinlari qo‘mondoni, qirol oilasiga sodiq markiz de Buye yoniga — Monmedi qal’asiga borishi kerak edi. U yerdan qirolning monarxiya tuzumi obro‘si katta bo‘lgan Prussiyaga o‘tib ketishi yoki yordam olishi ko‘zlangan bo‘lishi mumkin.

1791-yil 21-iyun kuni tunda Lyudovik XVI va qirollik oilasi uch tansoqchi hamrohligida Tyuilri saroyini yashirincha tark etadi. Odamlar ko‘ziga ko‘rinmaslik uchun qirol niqoblangan edi, biroq Lyudovikni Jan-Batist Drue ismli pochtachi tanib qoladi va kuzatish uchun ularning iziga tushadi.

Qirol Lyudovik XVI

Foto: Zen. Yandex

Rejaga binoan qirollik oilasi Varenna (hozirda Varenn-an-Argonn) shahriga kelishi, u yerda uni gusar (yengil qurollangan otliq)lar polki kutib olishi va Monmediga olib ketishi kerak edi. Varenna shahri daryo orqali ikkiga bo‘lingan bo‘lib, otliqlar qirolni sharqiy sohilda kutayotgandi, qirollik karvoni esa g‘arbiy tomondan shaharga kirib keladi. Qochoqlarning rejasini tushungan Drue darhol mahalliy milliy gvardiya polkiga xabar beradi. Gvardiyachilar tezda shaharning sharqiy va g‘arbiy qismini bog‘lovchi ko‘prikni to‘sib qo‘yadi va gusarlarning qirolga yordamga kelishiga qarshilik ko‘rsatadi.

Qirol va uning oilasi hibsga olinadi, so‘ng Parijga qaytarib yuboriladi. Gusarlar yordam so‘rab Monmediga chopar yuboradi, biroq qirol tarafdori bo‘lgan qo‘shin Varennaga yetib kelganida qirollik oilasi allaqachon Parijga jo‘natib bo‘lingan edi.

Sud va qatl

Qochishga urinish sog‘lig‘i haminqadar bo‘lgan qirolning ahvolini yanada yomonlashtiradi. Garchi taxtdan ag‘darilmasa-da, hukmdorni davlatga xiyonatda ayblash va sudga tortish borasida talablar ko‘paya boshlaydi. Qolaversa, qirolning o‘zi ham inqilobchilar qarorlarini imzolashdan bosh tortadi, sababi, Lyudovik XVI qo‘shni monarxlar yordamidan hali ham umidini uzmagandi.

1792-yil 10-avgustda milliy gvardiya va inqilobiy kuchlar Tyuilri saroyiga bostirib kiradi hamda qirolning chet el hukmdorlaridan madad so‘rab yozgan kelishuv xatlari, shuningdek, poraxo‘rlikka doir hujjatlarini topadi. 21-sentabr kuni Ta’sis Majlis o‘rniga mamlakat parlamentiga aylangan Milliy Konvensiya Fransiyani respublika deb e’lon qiladi. Endilikda qirolning kelajagi tezroq hali etilishi kerak bo‘lgan masala sifatida kun tartibiga chiqadi.

O‘sha yilning 10-dekabrida Lui Kapet (fransuz inqilobchilari Lyudovik XVI ni shunday deb atashgan) ustidan sud jarayoni boshlanadi. Sobiq qirol davlatga xiyonat va ozodlikka qarshi fitna uyushtirishda ayblanadi. 1793-yil 16-yanvar kuni Milliy Konvensiyada bo‘lib o‘tgan deputatlarning ovoz berish jarayonida qirolga o‘lim jazosi tarafdorlari ellik uchta ko‘proq ovoz bilan g‘olib chiqadi. Qatl kuni etib 21-yanvar belgilanadi.

Qatl Parijning Inqilob — hozirgi Konkord (“rozilik”) maydonida bo‘lib o‘tadi. Lyudovik XVI o‘limi oldidan olomonga qarata nutq so‘zlaydi: “Men aybsiz o‘lmoqdaman, barcha dushmanlarimni kechiraman. Mening qonim Fransiya xalqi uchun manfaat keltirsin hamda Xudoning g‘azabini bossin!”. Qirolni taniqli jallod Sharl-Anri Sanson qatl etadi. Qatl fransuz inqilobi ramziga aylangan o‘lim quroli — gilyotinada amalga oshiriladi.

Lyudovik XVI ning qatl qilinishi

Foto: Wikimedia

1793-yil oktabr oyida esa qirollik xonadonining qolgan a’zolari, jumladan, marhum qirol Lyudovik XVI ning bevasi, qirolicha Mariya Antuanetta ham qatl etiladi.

Lyudovik XVI ning o‘limi nimaga olib keldi?

Tarixdan ma’lumki, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida hukmdorlar shaxsi ilohiy sanalgan. Ularni qatl qilish yoki o‘ldirish ko‘pincha boshqa monarxlar tomonidan amalga oshirilgan. Lyudovik XVI ning o‘ldirilishi monarxiya obro‘siga jiddiy zarba bo‘ldi. Oddiy xalqning hukmdorni qatl qilishi qirollik xonadonlari uchun katta isnod edi. Ingliz inqilobi qirol hokimiyatini saqlab qolgan bo‘lsa, fransuzlar qirol hokimiyati hech qanaqasiga “ozodlik, tenglik va birodarlik” shioriga to‘g‘ri kelmaydi deb hisobladi. Fransuzlar mamlakatda tub o‘zgarishlar boshladi. Fransuz inqilobi dunyo tarixida yangi modern asrni boshlab berdi.

Lyudovik XVI ning qatl qilinish ortidan ko‘plab Yevropa monarxlari Fransiyaga qarshi urush boshlaydi. Respublika og‘ir ahvolda qoladi, ammo fransuzlar respublika tuzumini muvaffaqiyatli himoya qila oladi hamda uning keyinchalik dunyo bo‘ylab tarqalishida muhim o‘rin tutadi.

Muallif:Muhammadqodir Sobirov