O‘zbekistonda energiya resurslari va tabiiy gaz bozorlarini erkinlashtirib, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish hamda ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun ijtimoiy iste’mol normalari kiritiladi. Bu haqda 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasida so‘z boradi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Hujjat loyihasiga ko‘ra, mamlakatda energetika sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, barcha ishtirokchilarga teng imkoniyatlar berish va narxlarni shakllantirishning shaffof mexanizmlari joriy etiladi.

Bunda, elektr energiyasi va tabiiy gazning raqobatli bozorini tartibga soluvchi mustaqil organ — regulyatorni, yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajaruvchi kompaniyani, milliy dispetcherlik markazini tashkil qilishni nazarda tutadi.

Xalqaro moliya institutlarining (Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki) ekspertlar va konsultantlar bilan birgalikda quyidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqiladi:

  • yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi;
  • “Tabiiy gaz to‘g‘risida”gi qonun loyihasi;
  • Magistral elektr tarmoqlari kodeksini (GrId Code) tasdiqlash to‘g‘risida;
  • taqsimlovchi tarmoqlarni ekspluatatsiya qilish, iste’molchilarni tarmoqqa ulash, tomonlarning huquq va majburiyatlarini belgilashni nazarda tutgan holda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni o‘zida mujassamlashtirgan Taqsimlash tarmoqlari qoidalarini (Distribution Code) tasdiqlash to‘g‘risida hukumat qarori;
  • elektr energetikasi bozor ishtirokchilari faoliyatini tartibga solishni nazarda tutuvchi “Bozor qonun-qoidalari to‘g‘risida” hukumat qarori;
  • tabiiy gaz ta’minoti tizimini isloh qilish va raqobat bozorini bosqichma-bosqich shakllantirish to‘g‘risida prezident qarori.

Ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun energiya resurslari bo‘yicha ijtimoiy iste’mol normalari kiritiladi. Bunda:

  • xalqaro ekspertlar va moliya institutlari ko‘magida mazkur yo‘nalishda xalqaro tajribani o‘rganish va tahlil qilish;
  • ehtiyojmand aholi uchun energiya resurslarini ijtimoiy iste’mol normalari bo‘yicha asoslangan takliflarni ishlab chiqish;
  • kelishilgan takliflarni (tabaqalashgan tariflarni joriy etish yuzasidan) Vazirlar Mahkamasiga kiritish va reja-jadvalni qabul qilish rejalashtirilgan.

Avvalroq Buxoroda 270 megavattlik IES ishga tushirilgani, O‘zbekiston 2022-yilda Afg‘onistonga 100 mln dollarlik elektr energiyasi yetkazib berishi, Shavkat Mirziyoyev gidroenergetikani rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagani to‘g‘risida xabar berilgandi.