Rossiyaning S7 Airlines aviakompaniyasining Nijniy Novgoroddan Tojikistonning Xo‘jand shahriga uchgan samolyoti Toshkentga favqulodda qo‘ndi. Bu haqda Telegram’dagi “Novosti Tashkentskogo neba” kanali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 5-yanvar kuni uchgan Boeing 737-800 yo‘lovchi samolyoti ob-havo sharoiti — tuman, gorizontal ko‘ruvchanlik 100 metr, havo namligi 93 foiz bo‘lgani sababli Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘lgan.
S7 Airlines aviakompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu reys Toshkent vaqti bilan soat 11:47 da Xo‘jandga yetib borgan.
Eslatib o‘tamiz, 4-yanvar kuni Qozog‘istonning Fly Arystan aviakompaniyasiga tegishli Turkistondan Istanbulga uchayotgan samolyot Urganchga favqulodda qo‘ngandi. Bunga yo‘lovchilardan biri — Turkiya fuqarosiga shoshilinch tibbiy yordam zarurligi sabab bo‘lgan.
Mavzuga doir: O‘zbekistondan Aqtauga muntazam parvozlar bekor qilindi
Izoh (0)