Meduza nashri o‘z mushtariylaridan insult bilan bog‘liq oilaviy hikoyalarini ulashishni so‘radi va yuzlab javob xatlarini oldi. Bu maktublarda dard ko‘p, muhabbat ko‘p, har birining yakuni farqli. Meduza ushbu maktublar orasidan bir nechtasini katta qiyinchilik bilan tanlab olib, e’lon qildi, “Daryo” esa ularni o‘zbek tiliga o‘girdi — mazkur hikoyalar hayotiy va ta‘sirli ekanligidan tashqari, insult borasidagi bilimlarni ham oshiradi.
Aleksandr
Bobom insultga chalinganda endigina 12 yoshda edim. Biz qayiqda baliq ovlayotgandik. Shu payt uning nutqi o‘zgarib, noaniqlashdi, yuz ifodasi esa ko‘proq tomchi baliqnikini eslatardi. Men dahshatga tushdim, nima bo‘layotganini anglolmasdim, chunki meni hech kim bunday hodisaga avvaldan tayyorlamagandi. Qirg‘oqdagi uchragan birinchi baliqchining oldiga yetguncha to‘xtovsiz eshkak eshishda davom etdim, bobom esa bu paytda joni boricha yig‘lab, go‘yo nimadir demoqchiday uv tortishni qo‘ymasdi.Bularning barchasi ruhiyatimga salbiy ta‘sir qilishi mumkin edi, lekin, aksincha, tezroq ulg‘ayishimga yordam berdi. Ushbu hodisa oilamizni ancha jipslashtirdi. Men ham, o‘z navbatida, hammasi yaxshi bo‘lishi yo bo’lmasligi haqida bosh qotirmasdim. Bunga vaqtim yo‘q edi, chunki bor kuchimni o‘zim uchun qadrli bo‘lgan inson yonida bo‘lib, uni qo‘llab-quvvatlashga sarflayotgandim. Bobomdagi insult asoratlarsiz o‘tdi. U hozir 82 yoshda, o‘zini mutlaqo tetik his qilmoqda.
Og‘ir ruhiy kayfiyat, hatto shok holatidan keyin bu vaziyat bir narsani anglab yetishimga turtki berdi: bu istalgan vaqtda sodir bo‘lishi mumkin, hech kim undan mustasno emas, oqibatlari esa qaqshatkich va o‘nglab bo‘lmasdir, chunki har daqiqa g‘animat bo‘lib qoladi.
Men o‘sha voqea boshimdan o‘tganidan mamnunman, chunki insult haqida bilganlarim ikki oy avval dadamning hayotini saqlab qoldi. Dadam tekis yerda hushini yo‘qotdi va, natijada, boshini devorga qattiq urib oldi. Onam ikkimiz uning yoniga chopib chiqqanimizda yuzini ko‘rib, zudlik bilan tez yordamga qo‘ng‘iroq qildim.
Yoshim bu vaqtda ikki baravar katta edi va shu boisdan bo‘lib o‘tayotgan voqeani ancha tiyrakroq ko‘ra olardim. Hamma narsa mening zimmamga tushdi.
Serial ko‘rishdan boshqa g‘ami yo‘q, o‘ziga nimadir bo‘lganini tan olmayotgan otaning ko‘nglini olish va qo‘llab-quvvatlash kerak edi. Qancha qiyinchiliklarni yengib o‘tgan, yoshi ulug‘, kuchli va qat’iyatli erkak bir lahzada ota-onasidan dashnom eshitishdan cho‘chiyotgan shirakayf maktab o‘quvchisiga aylanib qolgandi. Shifoxonaga yotmaslik uchun hamma narsaga tayyor edi. Sen esa jazavadan titragancha, qaqqayib turibsan.
Shusiz ham o‘ta ta’sirchan bo‘lgan, endi esa bu mashmashaga yo‘liqqan onamga dalda ham berishim kerak edi. Shifoxonadagi har turli qog‘ozbozliklar va boshqa muammolar; koronavirus sharoitida parvarish, dori-darmon, transport, reabilitatsiya qilish masalalari ham bor.
Bu seni ezib, sillangni quritib, hayotdan butkul sovitib yuboradigan darajada dahshatli narsa. Uni hech kimga ravo ko‘rmaysan, lekin u har qanday insonning boshiga tushishi mumkin bo‘lgan falokatdir. Axir hayotingni lahzalar hal qiladi va har bir lahza tobora kuchliroq zarb bilan qoqilayotgan mixga o‘xshaydi. Baxtimizga, dadam bo‘sh kelmadi va bu narsa bizga ham kuch berdi, ammo endi men ikki dunyoda o‘z ixtiyorim bilan intensiv terapiya bo‘limiga qadam bosmayman.
Darvoqe, kasallik dadamda ham deyarli asoratsiz kechdi. Qo‘l va oyoqlar motorikasida yengil buzilish bor, lekin umuman olganda, bu yuz berishi mumkin bo'lgan voqealarning eng yaxshisi edi.
Yekaterina
2020-yilning oktabrida buvim insultdan vafot etdi. U o‘sha paytda 77 yoshda bo‘lishiga qaramay, juda harakatchan va yoshiga nisbatan ancha tetik bo‘lgan.Insultga chalinishdan besh yil avval unda yurak artemiyasi fonida tromboemboliya xastaligi mavjud edi. O‘shanda tromb qo‘lga “suzib” o‘tgan. Og‘riqdan qaqshab, bo‘zarib ketgan qo‘l bilan salkam bir hafta Kiselyovsk shahri (Kemerovsk viloyati) shifoxonasiga qatnagach, jarroh unga “xondroz” tashhisini qo‘yib, javobini bergandi. Men o‘sha vaqtda boshqa shaharda edim va, afsuski, bor bo‘lganimda ham, unga hech qanday yordam bera olmasdim. Lekin, yurak yutib, viloyat qon-tomir markazi bilan aloqaga chiqdim va kelasi kuniyoq Novokuznetskdan kelgan jarroh buvimni operatsiya qildi. Tromb olib tashlangach, unga bir umrlik antikoagulyant terapiya tayinlandi.
Hammasi yaxshi ketayotgandi, men buvimning preparatlarni qabul qilishini nazoratga olgandim, lekin orada farzandim dunyoga kelib, o‘zim bilan andarmon bo‘lib qoldim. Antikoagulyant terapiya (keyinchalik ayon bo‘lishicha) bir oy davomida o‘tkazib yuborilganidan so‘ng navbatdagi yurak trombi buvimdagi og‘ir insultni keltirib chiqardi.
U voqea tunda, tongga yaqin sodir bo‘lgandi, buvim hojatxonaga yetib borolmay, yiqilgan va o‘g‘lini chaqirgan (u tog‘am bilan birga yashardi). Tez yordam chaqirib, zudlik bilan uni Novokuznetsk shahridagi ixtisoslashtirilgan shifoxonaga yotqizishgan. O‘shanda tez yordamni kutib olishga turmush o‘rtog‘im chiqqandi, men esa bolalarim bilan uyda edim va buvim o‘lib qolishidan qo‘rqib, dag‘-dag‘ titrardim. Erimning aytishicha, buvim uni olib ketishayotgan paytda hushida bo‘lgan, o‘zi haqida gapirgan va bolalarimizni so‘ragan.
U reanimatsiya bo‘limida sakkiz kun yotdi, men har kuni qo‘ng‘iroq qilib, ahvolini shifokorlardan surishtirib turdim. Shifoxonaga kirish qat’iyan ta’qiqlangandi: o‘sha paytda kovidning kuzgi to‘lqini ayni avjiga chiqqan, hammasi juda jiddiy edi. Men viloyat va mintaqaviy qon-tomir markazlaridagi o‘ng kelgan raqamga, nevrologlarga va, umuman, savol bilan murojaat qilish mumkin bo‘lgan barcha kishilarga qo‘ng‘iroq qilib, buvimning tirik qolish imkoniyati qancha ekani va unga qanday yordam bera olishim mumkinligi haqida so‘rab-surishtirardim. Menga quloq tutgan va, hatto, muammoni o‘z nazorati ostiga olmoqchi bo‘lgan barcha mutaxassislarga tashakkur. Nazarimda, o‘sha vaqtda shifokorlarning miyasini egovlab yubordim (o‘zim ham shifokorman va boshqa mintaqadagi kardiomarkazida faoliyat yuritaman, lekin hozir tug‘ruq ta’tilidaman).
Buvijonimning ahvoli, afsuski, og‘irlashdi, qo‘limdan kelgan yagona narsa esa uning yoniga ruhoniyni kiritishlarini so‘rash bo‘ldi – u taqvodor ayol edi. Iltimosimni bajarishgan deb umid qilaman.
Osmonni bulut qoplagan, jala quyayotgan bir kunda erimga qo‘ng‘iroq qilib, buvimning olamdan o‘tganini xabar qilishdi. Shundan so‘ng hammasi tuman ichida ro‘y berayotganday sodir bo‘ldi, uni hatto dafn marosimida ham yodga olmadim. O‘zimni haligacha o‘sha ichirilmagan dahshatli tabletkalar uchun ayblayman — bir muddat vaziyatni o‘z holiga tashlab qo‘yganim evaziga aziz insonimni yo‘qotdim.
Georgiy
Bir yil oldin onam insultga chalindi. Singlim qo‘ng‘iroq qildi: “Uyga kel, onam insult bo‘lib qoldi!”. 15 daqiqada yetib bordim. Onam polda hushsiz yotgandi. Atrofida tez tibbiy yordam vrachlari, turli dorilardan qolgan bir nechta siniq kolba, shpritslar. Uning tirik qolishi yo qolmasligini muhokama qilayotgan vrachlar. Hammasi kechagiday yodimda.Onamni qutqarib qolishdi. Oldimizda qanday mashaqqatli ishlar turganini bilmagunimizcha boshimiz osmonda edi. Onamning chap yoni butunlay falaj bo‘lib qolgandi, gapira olmasdi. Bu hodisa COVID-19 pandemiyasi boshlangan vaqtlarga to‘g‘ri kelgani sababli biz hatto kasalxonaga borib, unga dalda ham bo‘lolmasdik. Vaqt o‘tib, u yerga kirish uncha qiyin emasligini tushundik, lekin kurashishga madori qolmagan odamga yana bir kasallikni yuqtirish qo‘rquvi ushlab qolardi va olib kelgan narsamizni yana nazorat punktida qoldirib, ortga qaytardik.
Bir oy o‘tgach, onamni reabilitatsiyaga o‘tkazishdi. U hali ham mustaqil harakatlana olmasdi va gapirishga qiynalardi. Reabilitatsiya markazida uni bir oy davolab, oyoqqa turg‘azishdi. U hassa bilan yurishga o‘rgandi. Tushunarliroq tilda gapira boshladi. Lekin chap qo‘lidagi faollik o‘sha bo‘yi qayta tiklanmadi.
Ikki oylik ayriliqdan so‘ng uni uyga olib ketayotganimizda ko‘zlaridan duv-duv yosh oqardi. Nihoyat, uydamiz, kasallikni yengishga ahd qilganmiz, yo‘qotilgan barcha funksiyalarni qayta tiklash ishlarini davom ettirishga chog‘langanmiz. Bu esa ikkinchi murakkab bosqich edi.
Yaqin vaqtgacha butunlay mustaqil bo‘lgan va hech kimdan yordam kutmagan odamni har kuni va har soatda mashq qilishga ko‘ndirish juda qiyin vazifa ekan. Onamni mashq qilishga ko‘ndirish uchun har safar yangi narsa o‘ylab topishga to‘g‘ri kelardi. Har safar keskin qarshilikka duch kelardik. Singlim ikkimiz onamni bu ishga bir amallab ko‘ndirish uchun yaxshi va yomon farzandlar rolini o‘ynashimizga to‘g‘ri kelardi. Lekin bizdagi g‘ayrat uzoqqa bormadi.
Biz uyga to‘liq reabilitatsiya qilishda yordam berishi mumkin bo‘lgan mutaxassislarni chaqirdik, ammo bundan foyda chiqmadi. Bir yildan oshdi. Onam reabilitatsiya markazidan qay ahvolda chiqqan bo‘lsa, o‘sha ahvolda edi. Ko‘p narsada qo‘limizga qarab qolgandi. Shu narsa hayotimizni keskin o‘zgartirib yubordi.
Yaqin kishingiz insultni boshidan kechirgan bo‘lsa, uning to‘liq reabilitatsiya qilinishi uchun qo‘lingizdan kelgan barcha choralarni ko‘rishga harakat qiling. Buning uchun ba’zan shifoxona va poliklinikadagi tushunmovchiliklarga qarshi kurashishga, bosh shifokorga va ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilishga, sog‘liqni saqlash idorasiga shikoyatlar yozishga to‘g‘ri keladi. Lekin natija shunga arziydi. Siz yaqin insoningizga harakatlanish qobiliyatini to‘liq tiklashda va odatiy hayotga qaytishida yordam berasiz. Bu orqali o‘z hayotingizni ham osonlashtirasiz.
Bir oy muqaddam dadam insultga chalindi. Uning jismoniy faolligi saqlanib qoldi, lekin (og‘zaki va yozma) nutqi butkul yo‘qoldi va aqliy tiniqligi ham zaiflashdi. Biz endi ikkinchi bor jangga kirishdik. Endi boshqa odam uchun va yana o‘zimiz uchun.
Anastasiya
Yarim yil avval o‘zim insultga chalindim. 29 yoshda. Universitetda bizga aytib berilgan insultning barcha belgilari yodimda edi, ammo o‘zimdagi belgilarni taniy olmadim.Ahvolim og‘irlashdi: boshim qattiq og‘rib, isitma chiqib, ko‘nglim ayniy boshladi. Bolaligimda boshim tez-tez og‘rib turardi, bosh og‘rig‘i nima ekanligini bilardim, lekin bu galgisini hech qachon unutmayman: boshimni charm tasma bilan qattiq qisayotganday bo‘ldi. Og‘riqdan qimir eta olmasdim — do‘stimning uyida, karavotda, miq etmay, chala-yarim nafas olishga harakat qilib yotardim, chunki arzimasgina harakat ham tanamni sirqiratib yuborardi. 20 daqiqalardan so‘ng kuchli ko‘ngil aynishi boshlandi. Yana 15 daqiqa unitazni quchoqlab o‘tirgach, uyga ketishga qaror qildim. Bularning barchasi uyda ham davom etdi, men esa shunchaki ovqatdan zaharlanganman deb o‘yladim va beshta ko‘mir tabletkani ichib, joyimga yotdim. Qolganini eslolmayman.
Keying gal taxminan bir oydan so‘ng nimanidir esladim. Meni aravachada shifoxonaning birinchi qavatiga olib kelishgandi. U yerda katta shisha devor ortida onam o‘tirardi. Meni u yoqqa olib borgan ayol qo‘limga telefon tutqazdi va onamning ovozini eshitdim:
— Nastya, sen o‘zingni ruhiy kasalxonadaman deb o‘ylayapsanmi?
— Ha.
— Yo‘q, sen Sklifosovskiydasan (tez tibbiy yordam ilmiy-tadqiqot instituti). Insultga chalinding, ancha jiddiy. Hozir bu yerda gaplashib turganimizning o‘zi katta mo‘jiza.
— Oyi, hazillashyapsizmi?
— Yo‘q.
— Endi 29 ga kirgan bo‘lsam, qanday insult?!
Keyin yana zulmat.
Bir necha kundan so‘ng do‘stlarim menga yangi telefon yuborishdi, men do‘stlarim va onamning hikoyalari orqali o‘sha oyda o‘tgan voqealarni xotiramda tiklashga harakat qildim. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni onam meni 15 soat Telegram’ga kirmaganimni ko‘rgach, xavotirga tushgan. U eski dugonamga qo‘ng‘iroq qilgan, dugonam esa yaqin do‘stlarim bilan aloqaga chiqqan va do‘stlarim uyga kelib, eshikni buzib kirgan. Qizig‘i, aytishlariga ko‘ra, ularni yo‘lakda kutib olganman, lekin odam taniydigan ahvolda bo‘lmaganman.
Meni insult boshlanganidan faqat ikki sutka o‘tib, shifoxonaga yotqizishgan. Shu ikki kun davomida nimalarnidir gapirganman va, hatto, o‘rnimdan turganman. Do‘stlarim menga nima bo‘lganini tushunmagan, lekin yonimda bo‘lishgan. Albatta, hali yosh ekanligim uchun menda insult bo‘lishi mumkinligi hech kimning xayoliga kelmagan. Lekin bu sodir bo‘lgandi. Meni tez yordam mashinasida, bilishimcha, istamaygina olib ketishgan. “Yoshgina qiz. Ehtimol, birorta o‘tirishga yo boshqa qayergadir borgandir”, — degan ular. Shunga qaramay, bir kundan keyin reanimatsiyaga yotqizishgan.
Do‘stlarimning aytishicha, reanimatsiyadan so‘ng birinchi marta o‘zimga kelgach, barcha shifokorlarni so‘kib tashlabman. Ular mendan ranjimagan deb umid qilaman, chunki o‘shanda esim joyida bo‘lmagani aniq. Shundan so‘ng men uchun eng dahshatli uch hafta boshlangan — o‘sha vaqtda sodir bo‘lgan voqealardan do‘stlarim va ota-onam hikoyalari orqaligina xabardorman. Videoaloqa orqali onam, shifokorlar va do‘stim bilan nimalarnidir gaplashganman, ammo yaxshi suhbatdosh bo‘lolmaganim aniq. Asosan, qandaydir bema’ni narsalarni gapirib, eshitganlarimni tushunmaganman. Onam shifoxonaga kelib, menga nima bo‘lganini o‘zi aytib bermagunicha shu ko‘yi davom etgan. O‘ylashimcha, aynan o‘sha kuni o‘zimga kela boshladim va, nihoyat, tushundim.
Hozir ahvolim yaxshi. Insultdan so‘ng yarim yil o‘tib, sog‘lig‘imni deyarli tiklab oldim. O‘rtacha statistika bo‘yicha ajoyib natija. Men nogiron bo‘lib qolishdan qattiq qo‘rqqandim, lekin bunday bo‘lmadi. To‘g‘ri, hozir avvalgidan ko‘ra tezroq charchab qolaman, aksar sport turlari bilan shug‘ullanishning imkoni yo‘q, ikkinchi insultni boshdan kechirmaslik uchun eski odatlarimni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Biroq tirik qolganimdan xursandman.
Alyona
2015-yilning may oyida turmush o‘rtog‘imning buvisi 78 yoshida insult bilan shifoxonaga tushdi. Baxtga qarshi, insult uni dala-hovlida qulatgandi; qo‘shni erkak topib olgunicha u yerda qancha yotgani bizga noma’lum. Tez yordamni ham o‘sha kishi chaqiribdi. Eng qizig‘i, buvi nabirasiga qo‘ng‘iroq qilishga ulgurgan. So‘zlari tushunarsiz edi, lekin shu qo‘ng‘iroq tufayli biz nimadir ro‘y berganini tushundik va zudlik bilan dala-hovliga chiqdik. Tafsilotlar shifoxonada oydinlashdi. Birinchi xulosa: zarur paytda yaqinlari bilan aloqaga chiqishga qiynalmasligi uchun, keksa kishida doimo shaxsiy uyali aloqa vositasi bo‘lishi shart.Tuman shifoxonasiga olib borgan kunimizoq u yerda buvimizdan ayrilib qolishimiz mumkinligini fahmladik. Ahvoli buni ko‘tara oladigan darajada yaxshilanishi bilan uni shaharga o‘tkazish yo‘llarini qidira boshladik. Insultdan so‘ng bir necha kun davomida juda qiynaldi, o‘zini butkul yo‘qotib qo‘ygandi, ixragancha uxlab yotardi, bizni tanimasdi va, umuman, “bizdan yiroqda edi”, tanasining chap yoni falaj bo‘lib qolgandi. Tuman kasalxonasiga olib borib xato qilgandik, buvimizga g‘amxo‘rlik qilishlari uchun hamshiralarni “rozi qilishga” urinardik, lekin har tongda qariyaning yana e‘tiborsiz qoldirilganini ko‘rardik. Keyin hammasini o‘zimiz bajarardik: yuvib-tarardik, ovqatlantirardik va hokazo.
Buvimiz Leningrad qamali faxriysi ekaniga qaramay, Peterburgdagi shifoxonaga ko‘chirib o‘tish oson ish emasligi ma’lum bo‘ldi. Lekin oxiri tez yordam mashinasida urush faxriylari gospitaliga olib bordik. Buvimizga alohida qarovchi kerakligini deyarli boriboq tushundik, sababi u yerda yotgan kasalvand qariyalarga g‘amxo‘rlik haminqadar edi. Omadimiz bor ekan: e’lon orqali ukrainalik bir ajoyib ayolni topdik. U har kuni buvimning yonida bo‘lib, nafaqat gigiyenaga amal qilardi, balki vaqti-vaqti bilan, ahvoli birmuncha yaxshilana boshlagan paytda, buvimizni ko‘proq gapga solib, falajlangan oyoq-qo‘llarini uqalab qo‘yardi. Buning natijasini ko‘rdik. Buvim asta-sekin o‘ziga kelib, bizni taniy boshladi.
Yoshi kattaligi va miyasining jiddiy zararlanganiga qaramay, taslim bo‘lmadik va shifoxonada o‘tgan uch haftadan so‘ng uni shu gospitalda joylashgan pulli reabilitatsion markazga yotqizdik. Asli, buvimiz u yerda bepul davolanishi mumkin edi, ammo bepul o‘rinlarga navbat juda uzun ekan, biz esa kutib vaqt yo‘qota olmasdik. Qarovchi reabilitatsion markazda ham buvimizga hamroh bo‘ldi va vrachlar tavsiyasi ostidagi mashg‘ulotlar soni ham ko‘paydi: harflarni yodga olishdi, so‘zlarni talaffuz qilishga o‘rganishdi va hokazo. Bir oy o‘tib, buvimizni uyga olib ketdik, qarovchi esa buvimiz bilan mashg‘ulotlarni davom ettirish va bizning kunduzi ishga borishimizga imkon yaratish uchun uyimizga ham qatnay boshladi.
Bir necha oy ichida jiddiy o‘zgarish sezildi: buvimiz o‘tira olardi, bizning ko‘magimizda karavotdan qo‘zg‘alib, tik oyoqda turib, ko‘magimiz bilan, asta-sekin bir necha qadam tashlay olardi. Nutqi o‘sha bo‘yi tiklanmadi, lekin so‘zlarni donalab talaffuz qila oladigan bo‘ldi. Eng muhimi, fikri tiniqlashib, endi bizni tushunayotgandi. Ikkinchi xulosa: vaqtni yo‘qotmaslik kerak — qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa, darhol reabilitatsiya bilan mashg‘ul bo‘lish va, agar butun vaqtingizni bemorga sarflashga o‘zingizda imkon bo‘lmasa, chin dildan yordam berishni istaydigan, yaxshi qarovchi topish zarur.
Barchamiz uchun og‘ir damlar edi. Erim ikkimiz yosh edik (28-30), buvimizga va uyga bog‘lanib qolgandik, sababi unga g‘amxo‘rlik qila oladigan boshqa qarindoshlari yo‘q edi. Kunduzlari qarovchi ayol yordamga kelardi, lekin tunlari hammasini o‘zimiz bajarardik, tunlar esa juda bezovtalikda o‘tardi, chunki buvimiz tez-tez uyg‘onib, bizni tinmay yoniga chaqirar, sababini o‘zi ham anglamagan holda, tagligini yechib tashlashga urinardi, bu esa, o‘z navbatida, noxush oqibatlarga olib kelardi. Bularning barchasi bizni ham jismonan, ham ruhan ezib tashladi.
Yarim yil o‘tgach, men vaziyatni o‘zgartirish kerakligini tushundim, chunki biz charchoq va asabiy zo‘riqishdan tamom bo‘lgandik. Natijada, bir-birimizga va buvimizga zahrimizni socha boshladik. Murakkab qaror qabul qilindi: shu yaqin atrofdan ijaraga uy olamiz va qarovchiga buvimiz bilan doimiy yashash uchun ko‘chib kelishni taklif qilamiz. Erim uzoq vaqt bir qarorga kelolmadi, xavotir oldi, yig‘ladi, buvisiga nisbatan nohaqlik qilayotganiga amin edi, lekin men barchamiz uchun eng to‘g‘ri qaror shu ekanligiga ishonardim.
Oxir shunday qildik: uyimizga qarama-qarshi tomondan kvartira oldik, hatto buvimizning xonasida yoniq chiroq ham ko‘rinardi. Boshda har kuni yo‘qlab turdik, vaqt o‘tib, qadamimiz biroz uzildi — ikki kunda bir boradigan bo‘ldik. Qarovchi bergan ro‘yxat bilan, kerakli oziq-ovqatlarni olib kelardik yoki oziq-ovqat sotib olishi uchun pul berardik. Buvimiz boshida norozi bo‘ldi, biroq keyin tinchlandi, vaziyatga ko‘ndi va har bir tashrifimizdan quvonadigan bo‘ldi — biz u bilan suhbatlashardik, mashg‘ulotlar o‘tkazardik, yangiliklardan aytib, birga choy ichardik.
Uchinchi xulosa: agar imkoni bo‘lsa, kundalik hayotni yig‘ishtirib, haftada 24 soatni kasal qarindoshga sarflash shart emas — o‘zingizni va o‘z hayotingizni chetga surib qo‘ymaslik kerak. Yaxshisi, o‘zingizning jismoniy va ruhiy holatingizni saqlash, oiladagi totuvlikka putur yetkazmaslik uchun, o‘zaro kelishuv yo‘llarini qidirib ko‘ring.
Buvimiz biz bilan yana besh yil yashadi! Qarovchilar o‘zgarib turardi va har doim ham yaxshisiga duch kelavermasdik, har xillari uchrardi. Lekin biz doimo birga bo‘lib, buvimizni ranjitishlariga yo‘l qo‘ymadik. Uni yana bir necha marta reabilitatsiya markaziga yotqizdik va har safar yaxshi natijalarga erishdik. Ehtimol buvimizning falaj oyog‘i ham sog‘ayib ketgan bo‘lardi, ammo bir safar tongda (qarovchi kelgunicha) reabilitatsiya markazida nazoratsiz qoldirishibdi va u karavotdan qulab, tos suyagi bo‘yinchasini sindirib olibdi. Shundan so‘ng yurolmay qoldi, lekin qarovchilar ko‘magi bilan, o‘tirish imkoniyati saqlab qolindi.
Keyinchalik buvimiz yana ikkita insultni boshdan kechirdi, ikkisida ham omon qoldi, lekin, albatta, katta yo‘qotishlar bilan. Afsuski, tez tibbiy yordam vrachlari birdan tashxis qo‘ya olmagan, koronavirus bilan birgalikda kelgan to‘rtinchi insultga dosh bera olmadi.
U 83 yoshda edi, chevarali bo‘lgan vaqtda bu olamni tark etdi va hatto 3 yashar chevarasi bilan The Beatles’ning Yellow Submarine va boshqa xit qo‘shiqlarini miriqib kuylashga ham ulgurdi (u 35 yil davomida universitetda ingliz tilidan dars bergan).
Ijaraga uy olib, alohida yashashga qaror qilganimiz shu narsaga har tomonlama imkon yaratdi.
Sevimli buvijonimizning xotirasi shod bo‘lsin.
L.
Insult oilamizga ancha vaqtdan beri tanish bo‘lganligi sabab, biz uchun odatiy holday ko‘rinadi. Dadam endigina 50 dan o‘tgan vaqtda insultga chalingan. Men o‘shanda 4 yoshda edim, hozir esa 28 daman — dadamning avvalgi ko‘rinishini faqat fotosuratlardangina eslay olaman.Bu dadamdagi uchinchi insult ekanligini bilardim, shundan so‘ng u qayta oyoqqa turolmadi: chap tomoni falajlangan, nutqi esa noaniq, yoshi o‘tgan sari yanada tushunarsiz bo‘lib bormoqda. Dadam bilan muntazam aloqa qilmaydigan kishilar uni arang tushunadi. Bolaligimda men uning tarjimoni ekanimni ko‘p ta’kidlardim.
Dadam tashqariga kam chiqadi, chunki liftsiz uyning to‘rtinchi qavatida yashaydi, chiqsa ham, qayerga borardi? Podyezd yonida do‘koncha ham yo‘q. Dadam har kuni badantarbiya bilan shug‘ullanib, uy ishlarida ham qo‘lidan kelganicha yordam beradi, masalan, idish yuvadi. Onam ilgari profilaktika qilish maqsadida uni tanishlari orqali shifoxona bilan bog‘lashga harakat qilardi, lekin endi imkoni yo‘q, chunki ahvoli bu darajada og‘ir bemorlarni qabul qilishmaydi.
Onamning qismati ham yurakni achitadi, chunki bu xodisa ro‘y bergan vaqtda turmushga chiqqaniga endigina 5 yil bo‘lgandi, lekin hech qayerga ketmay, haligacha dadamga g‘amxo‘rlik qilyapti. Ilgari amakim haftada bir uni cho‘miltirish uchun kelib turardi, lekin endi o‘zining ham tobi qochgani uchun bu yumush ham onamning zimmasiga tushgan.
O‘shanda juda kichkina bo‘lganimga qaramay, dadamning boshda qanday azob chekkanini yaxshi eslayman: ko‘p yig‘lardi, onam esa unga jahl qilardi. Yaqinda onam aytib berdi, o‘sha paytlar dadam do‘stlariga qo‘ng‘iroq qilib, nimadan zaharlangan bo‘lishi mumkinligi haqida so‘rarkan. Dadam — kimyogar, bu savolning javobini o‘zi ham biladi, lekin o‘sha paytda u o‘ziga e’tibor qaratishni istardi. Unga psixolog yordami kerak bo‘lganini bilaman, lekin o‘shanda bu hech kimning xayoliga kelmagan.
Dadam hozir ko‘nikdi desak ham bo‘ladi. Ha, u vaqtining katta qismini televizor qarshisida o‘tkazadi, lekin o‘z farzandlari va nabiralari qanday yashayotgani bilan qiziqadi, ular uchun quvonadi. Garchi bir og‘iz e’tiroz bildirmagan bo‘lsa ham, qarindoshlar undan to‘yga kelmaslikni so‘raganda qattiq og‘rindi.
Bunday vaziyatda men aloqani uzmaslik, yangiliklardan xabardor qilib turish va fotosuratlar yuborishdan boshqa yordam bera olmasam kerak.
Mixail
Buvim men uchun ham ota, ham ona o‘rnida edi. Aniqrog‘i, ota-onam aslida bor bo‘lsa ham, mening hayotim bilan qiziqmasdi — boshqa tashvishi yetib-ortardi, men esa ortiqcha va begonaday edim. Bir so‘z bilan aytganda, e’tiborga arzimas go‘dak edim. Buvim bilan esa kitoblar o‘qirdik, pianinoda qo‘shiqlar kuylardik va sayr qilardik. Uning uyi alohida edi, ammo vaqti-vaqti bilan ota-onamnikiga borib turardik.O‘sha kuni kelganimizda buvim tomorqada ishlash uchun chiqib ketdi. Kun issiq. Qaytib kirgach, oshxonada o‘tirib, gap boshladi, lekin so‘zlarini umuman tushunib bo‘lmasdi. “Plya-plya-plya la-pla-pau-ka-pa-plya...”. Rangi ham bir bo‘zarib, bir qizarib ketardi, boshi esa bir tomonga bir oz og‘ib qolgandi.
Men hali juda kichkina, 6 yoshdaman. Angraygancha, undan ko‘zimni uzmay o‘tiribman. Nazarimda, o‘sha ayol, lekin uni taniy olmayapman. Shunchaki bir notanish kimsa tomorqadan qaytib kirganday edi. Axir, u men uchun yakkayu-yagona yaqin kishim edi-da. Endi esa kutilmaganda boshqa odamga aylandi. Men shu ko‘yi ustimdan beton quyib tashlanganday serrayib o‘tirardim.
Opam uni eshitib ko‘rdi, vaziyatni angladi va boshqalarni ham chaqirdi. Tez yordam keldi. Buvim karavotda yana ikki sutka guvranib yotdi. Aytishlaricha, u meni qo‘li bilan ko‘rsatib, yoniga chaqirgan — tanasining bir yoni ishlayotgandi. Men esa bormadim. Tushunyapsizmi, qo‘limdan kelmadi. Menga aytishdi, lekin ko‘zimni boshqa yoqqa olib, javob bermadim. Borolmadim. Hammasi kechagiday yodimda. Haligacha o‘zimni kechira olmayman va kechirmayman. Nima uchun bormaganimni bilmayman. U tomorqadan qaytgan paytda boshqa odamga aylanib qolgandi... Hatto ovozi ham qandaydir baland, kuchsiz bo‘lib qolgandi. U emasdi. Ko‘zlari ham. Ola-kula, nam. Hammamizga ko‘z tikib yotardi.
Buvijon, kechiring. Men yaxshi odam bo‘lib o‘sdim. Siz aytganday, musiqachi bo‘ldim.
Svetlana
Bir necha yil avval dadam (72 yoshida) insultga yo‘liqdi — miya anevrizmasi (qon tomirlari) yorilib ketdi. Operatsiyadan so‘ng u gapirmay qo‘ydi, tanasining chap tomoni ishlamay qolgan, yaqin kishilarining hammasini ham taniy olmasdi.Yaxshi, bizni reanimatsiyaga kiritishdi, operatsiyadan bir necha soat o‘tiboq, dadam bilan ko‘rishdik. U palataga o‘tkazilgach, eri o‘sha yerda yotgan bir ayol bilan tanishdik, u insultga chalingan singlisiga qarab, tajriba orttirgan ekan. Agar u ayol bo‘lmaganida, biz dadamning qo‘lidan tutgancha, uning tinchini buzishga botinolmay o‘tirgan bo‘lardik. Bu kabi bemorlarga esa tinchlik davo bo‘lmaydi. Shunday qilib, dadam uchun kurashishga bel bog‘ladik.
G‘amga botib, umidsizlikka tushishga vaqt yo‘q edi, oilamiz bilan almashinib va bir-birimizga ko‘maklashib, bir jamoa bo‘lib ishladik. Avval nutq tiklandi, ba’zan so‘z va harflar chalkashib ketardi. Mashg‘ulotlarga maqollar, matallar, bolalar uchun yozilgan she’rlar va eng sodda masalalar yechimini qo‘shdik. Bir oydan so‘ng biz hududiy shifoxonadan reabilitatsiya markaziga ko‘chib o‘tdik. U yerda MT (mashqlar terapiyasi) o‘qituvchisining darslari ham qo‘shildi. Biz ham o‘z ishimizni davom ettirdik. O‘ng tomon oyoq-qo‘llar harakatida bir oz noqislik sezilardi, lekin uncha jiddiy emasdi.
Biz o‘shanda yangi reallikni boricha qabul qildik, shunchaki endi hech qachon avvalgiday bo‘lmasligini tushundik. Dadam tirik ekanligidan, harakatlanayotganidan va suhbatlashayotganidan xursand edik, u ham o‘zining yangi ahvoliga xotirjamlik bilan qarardi va bir oy avval qimir etmay yotganini eslay olmasdi.
Eng qiyini nima edi? Bilasizmi, eng qiyini kasallikning o‘zi emas, balki tibbiy xizmatga ishimiz tushgani bo‘ldi. To‘g‘ri, vrachlar bizga juda yaxshi muomala qildi va, menimcha, qo‘llaridan kelgan barcha choralarni ko‘rdi. Lekin biz o‘rta toifadagi tibbiy xodimlarni tushuna olmadik. Sanitarlarning aytishicha, endi ular faqat tozalov ishlari bilan shug‘ullanayotgan ekan. Choyshabni yangilashga, bemorning tagligini alishtirishga, uni davolanishga olib borish uchun aravachaga o‘tqazishga hech kim yordam bermaydi. Nimjongina ayollar o‘z erlari va otalarini ko‘tarib yurardi. Mutaxassislar bayram kunlari ishlamaydi va agar reabilitatsiya navbatdagi bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, shifoxonadagi vaqt behudaga ketadi. Trenajorlar juda eski, ko‘p buziladi. Bemorlarning uzluksiz oqimi tufayli, vaqt hammaga yetmaydi, trenajordan foydalanishda qo‘l yoki oyoqni tanlash kerak, har ikkisiga yozmaydi. Sizga esa unisi ham bunisi ham zarur!
Ikkinchidan, bu bizning hayot haqiqati bilan to‘qnashuvimiz edi. Biz dadamning biror joyda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishini, basseynga borishini juda istardik. Lekin million kishilik shahrimizda bunday kishilar bilan pullik yoki bepul mashg‘ulot o‘tkazadigan birorta guruh topolmadik. Suvga tushish uchun maxsus o‘rindiqli bitta hovuz bor, lekin u yerda ham mashg‘ulotlar o‘tilmaydi.
Atrof-muhit ham, albatta, beshafqatlikka to‘la. O‘shandan beri yerosti va yer usti yo‘llarini ko‘rishga ko‘zim yo‘q, qayoqqa qarama, to‘siqlar, devorlar, chiqish qiyin bo‘lgan avtobuslar. Axir, kundalik hayotda bu to‘siqlar insultga chalinganlarga va boshqa ko‘plab insonlarga, shu jumladan, qariyalarga qanday og‘ir mashaqqatlar tug‘dirishini payqamaymiz. Ha, endi biz hamma joyda to‘siqsiz muhit yaratmoqdamiz, ammo bu qulaylik uchun emas, balki xo‘jako‘rsinga qilinmoqda. Masalan, ota-onam istiqomat qiluvchi uy podyezdiga kirish yo‘lida suyanchiqlar o‘rnatishdi. Lekin ular foydalanishga yaroqsiz edi, chunki past o‘rnatilgandi. Uni qayta o‘rnatishlari uchun shahar ma’muriyatiga murojaat qilishga to‘g‘ri keldi. Uni ikki marta to‘g‘rilashdi va faqat biznikini tog‘rilashdi, xolos.
Bu juda g‘alati, tushunmayman, agar Rossiyada deyarli har bir oila (ular esa qanchadan-qancha!) insult bilan to‘qnash kelgan bo‘lsa, unda nega arxitektorlar bunday loyihalashtiradi, quruvchilar va yo‘lchilar bu tarzda quradi, avtobus haydovchilari bunday bekatlarga kelib, to‘xtaydi, avtobusga chiqish uchun esa bekatdan yo‘l bo‘yiga tushib borish, so‘ngra avtobusga ko‘tarilish kerak va hokazo — sanab adog‘iga yetish qiyin.
Masha (ismi o‘zgartirilgan)
Eng dahshatlisi — odam tirik bo‘la turib, mavjud bo‘lmasa. Axir, uning eng katta boyligi — aqli, xulq-atvori, o‘tkir hazillari, fenomenal xotirasi, o‘z kasbining ustasi bo‘lishiga imkon yaratgan ajoyib analitik xususiyatlari yo‘q qilindi. U mavjud, lekin endi men bilan emas. U mening yonimga qachondir qaytishi mumkin yo yo‘qligini hech kim aytib bera olmaydi.Uch yil avval bu mening erim bilan sodir bo‘ldi. Falokat ko‘lamini juda kengaytirib yuboryapman: u hech qachon chinakamiga aqldan ozmagan. Uning hatto dastlabki kunlarda ham aqli zaiflashmagandi — faqat vaqt o‘tib eng oddiy narsalarni ham tushunmay, alahlay boshladi. Shunga qaramay, u ortiq u emasdi. U menga o‘zi qo‘yib olgan barcha laqablarni unutdi. Meni to‘liq ismim bilan chaqirgan kuni hayotimdagi eng dahshatlilaridan biri edi — o‘z amakisining qizini tanimagan paytdagidan ham dahshatliroq.
Hozir u asta-sekin o‘ziga kelib bormoqda. Hatto aqliy faoliyat bilan shug‘ullana boshladi. Qo‘l va oyoqlari hozircha yomon ishlayapti, ammo uning shaxsiyati deyarli butunlay qaytdi va, ishonaman, kun kelib, hozircha qaytmaganlari ham qaytib keladi. U bir bo‘g‘ma ilonday gap: boshi qarshimizda, dumi esa hozircha narida.
Taxminan, bir yil davomida uning haqiqiysi men bilan bo‘lmadi va uning qaytishini hech kim oldindan aytib bera olmasdi. Biz biror yoqqa borsak, masalan, shifokor huzuriga, odamlar menga murojaat qilardi, u esa yosh bola kabi yonimda jimgina, boshini egib turardi. Kafega kirgan paytlarimiz, garchi, u avvalgi ish kostyumida bo‘lsa ham, ofitsiantlar ichimizda kim “katta“ ekanligini osongina payqab olardi. Ofitsiantlar menga murojaat qilib, hisobni ham menga berishardi va u buni ko‘rib turardi. Bu narsa uning uchun og‘riqli edi. Ammo ular nima uchun o‘z savollarini unga emas, menga berayotganini tushunardi. Axir, bir paytlar odamlar bilan muomala qilish va ularni rom etishda hech kim uning yoniga tusha olmagan.
Men hayotdan bezib qolgandim. Lekin o‘lishga haqqim yo‘q edi: men unga kerak edim. Uning o‘limidan dahshatliroq narsa yo‘q deb o‘ylardim. Bilsam, undan ham dahshatliroq narsalar bor ekan.
Men shunday yashashga o‘rgandim, lekin men ham endi avvalgi men emas. Masalan, kitob o‘qiyolmay qoldim. Diqqatimni jamlay olmayman, nimadir xalaqit beradi. Ilgarilari, 3 yoshimdan boshlab, bosh ko‘tarmay o‘qirdim.
Aleksey Saltikov
2004-yil, may oyining erta tongida, men maktabga ketayotgandim. O‘zgacha kun edi — 3-sinfni bitiryapman. Choraklik va yillik baholar chiqishi kerak. Onamning kayfiyati joyidamas: buvim tunda “yiqilib tushgan”.Maktabdan kelib, buvimning uyda yo‘qligini ko‘raman. Onamga qo‘ng‘iroq qilaman. U buvimning tobi qochganini, ular hozir shifoxonada birga ekanliklarini aytadi. Men hayotimdagi eng og‘ir olti yillik hayot bo‘sag‘asida turganimni hali anglamayman.
2010-yilning 2-oktabri. Men maktabdan qaytyapman, endi 10-sinfda o‘qiyman, bir oy avval otam vafot etdi. O‘sha eski kvartiraga kirib, oynalarga parda tortib qo‘yilganini ko‘raman. Hammasi tamom bo‘lganini anglayman.
Buvimdagi insult va uning vafotidan keyingi o‘sha olti yil ichida shuncha voqea sodir bo‘ldi. Shu olti yil alohida bir umrday ko‘rinadi. Dastlabki uch oylikda buvim asta-sekin aqldan oza boshladi. Alahlash boshlandi, u doim o‘zini kimdir o‘g‘irlab ketmoqchiday sezaverardi. O‘ylashimcha, bu uning yoshligi bilan bog‘liq: u urushda qatnashgan, oilasi repressiyaga uchragan. Qaysidir vaqtda uni shifoxonaga yotqizishgan va o‘sha yerdan butkul shaltog‘i chiqqan holda qaytib kelgan. Meni chek-chegarasiz yaxshi ko‘rgan inson ko‘z o‘ngimda mangu dahshatga evrildi.
Men buvimga g‘amxo‘rlik qilishni o‘z zimmasiga olgan dadamdan (buvimga ichkuyov) behad minnatdorman. U o‘sha paytda nafaqaga chiqqandi va vaqti yetarli edi. Onam ishlab, butun oilani tebratishga harakat qilardi.
Har kuni uyg‘onganda, maktabdan qaytganda, ko‘chada sayr qilib kelganda va sayrga chiqayotganda xayolimga bitta narsa kelardi: “Buvimning ahvoli yaxshimikin?”.
U qichqiradi, yordamga chaqiradi, o‘tmishini eslaydi. Har tun topishmoq kabi o‘tardi — u uxlaydimi yo yo‘qmi. Yodimda, televizor qarshisida o‘tirib, ko‘pincha bor vujuding quloqqa aylanadi — buving uxlayaptimi yo yana qichqiryaptimi? Uxlagan bo‘lsa, sen ham xotirjam tortasan.
Onam bunday hayotga qanday dosh berganini tasavvur qila olmayman. Ehtimol, men va menga bo‘lgan muhabbati, meni baxtli qilish istagi unga kuch bergan. Bizning butun hayotimiz shu istakka yo‘g‘rilgandi. Dadam dosh bera olmadi. Buvimdan uch hafta avval qazo qildi.
Bu hol menga meni o‘rab turgan barcha narsadan ko‘ra muhimroq tuyuldi. Uydagi ahvol shu bo‘lsa, maktabdagi bahoning qanday ahamiyati bor?
Asta-sekin ko‘nikasan. Shu narsa hayotingning bir qismi ekanligini anglab yetasan. O‘sha olti yil davomida hech kim o‘z kulfati uchun bechora qariyani ayblamadi. Biz buvimni u bizni yaxshi ko‘rgani kabi chin dildan yaxshi ko‘rdik. Cheksiz baxtiyorlikda o‘tgan bolaligim uchun undan o‘la-o‘lguncha minnatdorman.
O‘shandan beri o‘n yil o‘tdi. Biroq men haligacha buni ichimga sig‘dira olmayman. Kattalar va o‘smirlar buni qanday ko‘taradi? Bu narsa takrorlanmasligi uchun qanday chora ko‘rish kerak ekanligini bilmayman. Bunday vaziyatda o‘zimni qanday tutishni bilmayman. Bilganim, bu muammo — Rossiyada eng dahshatlilaridan biri va, bilamanki, unga qarshi turish oson kechmaydi.
Yana bitta bilgan narsam, insultga chalingan kishilarning bunda aybi yo‘q. Ularni avvalgiday sevishda davom etish kerak.
Anastasiya
Dadam butun umr insultdan va 68 raqamidan qo‘rqib yashadi. Uning otasi va akasi 68 yoshida vafot etgandi. Ikkisi ham shu kasallikdan. Dadam ko‘p takrorlardi: “Insult va saraton — o‘z joningga qasd qilishni oqlaydigan yagona narsa”. So‘nggi bir necha yilda biz qo‘rqib yashadik. U telefonni ko‘tarmagan paytlari mening yuragim orqaga tortib ketardi. So‘ngra u qayta qo‘ng‘iroq qilib, kulardi: hali o‘lmabdi.Ayni o‘sha qo‘ng‘iroqni men o‘tkazib yubordim. Ishga halaqit bermasligi uchun uni o‘chirib qo‘ygandim. Dadamning xotinining singlisi qo‘ng‘iroq qildi. Men: “Yo‘q, yo‘q”. U: “Ha”. Men taksi ushlab, uning yoniga bordim.
Biz tez yordam mashinasida borardik. Dadamning yuzi qiyshayib ketgandi, ba’zan ingrab qo‘yardi. Ortimizdan Moskvaning turli burchaklaridan dadamning xotini, akam, bo‘lajak turmush o‘rtog‘im kelardi. Barcha yo‘llar nursiz qabulxonaga eltardi, u yerda biz kabi insonlar o‘tirgandi — buvisi uchinchi zarbadan aziyat chekayotgan ona va bola.
Men qaynayotgandim. U boboy emas, balki buyuk rus tarjimoni, deya vrachlarga zahrimni sochardim, dadamning bilakuzuk va soatlarini yechardim, hazil qilardim. Bir payt bizning nigohlarimiz to‘qnash keldi. Men bidirlay ketdim: “Menga shunday jilmayib qarab turganingdan baxtiyorman”. Uning yuzida tabassum porladi va menga: “Seni sevaman”, dedi. Uning menga aytgan oxirgi gapi shu edi. MRT o‘ta jiddiy qon ketishni ko‘rsatdi. Men sarosimaga tushgan qarindoshlarim orasida turardim va aqlim yetib turgan narsa bitta edi: dadam o‘layotgandi.
Uning o‘limi yana uch kunga cho‘zildi. Ichki a’zolari ishdan chiqdi, infarkt ketidan infarkt. Yaxshiyam, u tibbiy komada edi. Biz qayoqdagi bema’ni narsalar bilan ovora edik: agar u o‘ziga kelsa, uy hayvonlarini qayoqqa olib borish haqida bosh qotirardik. Vrachlar umid borligini aytishardi — og‘ir ahvoldagi bemor. Uni shu narsa cho‘chitardi. Men, irodasizlik qilib, unga o‘lim tilardim. Unga bunday hayot kerakmasligiga o‘zimni ishontirardim, aslida esa shunchaki qo‘rqoqlik qilayotgandim.
Yakshanba kuni meni reanimatsiya bo‘limiga kiritishdi. Qo‘shni xonadagi biz bilan bir kunda kelgan buvi o‘ziga kelibdi — qizi va nabirasi unga yogurt berardi. Qoshiqni o‘zi ushlab olgandi. Dadam naychalar ichida yotardi. Men hazil qilardim.
Tongda uning joni uzildi.
Undan keyingi to‘rt yil bir navi o‘tdi. Men haligacha insultga qarshi ijtimoiy reklamalarni ko‘rishga qiynalaman. Uni qattiq sog‘inaman.
Shu yil qo‘shnimiz vafot etdi. U insultdan so‘ng 12 yil yotgandi.
Nina
Bir kuni tunda opam buvimga qo‘ng‘iroq qilib, uning ahvoli yaxshi emasligini payqabdi. Buvim, xuddi, o‘zi bilan gaplashganday, poyma-poy so‘zlarni aytgan. Uning yoniga zudlik bilan borib, tez yordam chaqirishdi. Bu insult edi.Buvim o‘sha paytgacha juda harakatchan, fikri tiniq ayol bo‘lgan: kitoblar o‘qirdi, hujjatli filmlar tomosha qilardi va dugonalari bilan gurunglashishni sevardi, hazilkash edi, tansiq taomlar tayyorlardi. Insult u 80 yoshdan o‘tganda sodir bo‘ldi va birdan hammasi o‘zgardi.
Doimo mustaqil va matonatli buvim ota-onamnikiga ko‘chib o‘tdi. Unga qarashni otam o‘z zimmasiga oldi — u buvimga kuyov sanaladi. Ular doim o‘zaro murakkab aloqada edilar: ta’na-dashnomlar, kelishmovchiliklar, bir-biridan norozi bo‘lishlar. Ammo dadam qanday o‘zgarganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim: u buvimga o‘z o‘g‘lidan ham ko‘ra yaxshiroq g‘amxo‘rlik qildi.
Insultdan so‘ng buvimning xotirasi pand berdi. U bizga qarab, o‘tmishdagi odamlarni ko‘rardi, qachonlardir o‘lib ketgan qarindoshlari bilan adashtirib yuborardi. Buni ko‘rish og‘ir edi.
Bir kuni onam mendan kelib, navbatchilik qilishni so‘radi — u biror yoqqa ketib qolmasligi va yiqilib tushmasligi uchun ota-onam tuni bo‘yi qorovullik qilib chiqardi. Mana, men buvimni to‘shakka yotqizib, uxlatishga urinyapman. U esa 10 daqiqa o‘tib, o‘rnidan yana turib oladi, ammo qayerga va nima uchun ketayotganini tushuntirib berolmaydi. Bu men bilgan o‘sha inson — o‘tmishda go‘zal hayot kechirgan irodali, yorqin ayol ekanini aqlimga sig‘dirolmasdim.
Buvim 2013-yil 11-mayda dunyodan ko‘z yumdi. Biz doim 9-mayda yig‘ilib, qo‘shiqlar kuylardik, bu oilamiz an’anasiga aylangandi. O‘sha kuni men kechgacha ishlab, ota-onamnikiga bormagandim. Buvim bilan so‘nggi bor birga kuylash imkoniyatini qo‘ldan boy berganimdan qattiq afsusdaman.
Nadya
Insult dadamda 2014-yilning noyabrida sodir bo‘ldi. Yaxshiyam, u tig‘iz vaqtga yaqin markaziy metro bekatlaridan birining yonida yuz bergan — atrofda odamlar, shu jumladan, politsiya xodimlari ham, ko‘p bo‘lgan. Hech kim dadamni mast deb o‘ylamagan, o‘sha zahotiyoq tez yordam chaqirishgan. Boshlanganidan kasalxonaga yotqizilgunicha bir soat ketgan. So‘ngra bir yarim oylik reanimatsiya va intensiv terapiya, shifoxona bo‘limlaridagi sifatli reabilitatsiya.Tiklanish yaxshi o‘tayotgandi, fikriy tiniqlik, nutq va harakatlar muvofiqligi qaytdi. Biroq yarim yil o‘tgach, boshqa profil bo‘yicha operatsiya qilishga to‘g‘ri keldi va anesteziyadan so‘ng dadamning ahvoli og‘irlashdi.
Ko‘rish qobiliyati susaygan, o‘zi yurishga qo‘rqadi, gimnastika bilan shug‘ullanish istagi yo‘qolgan. To‘g‘ri, aqliy salohiyatga putur yetmadi, bu bizni juda quvontirdi. Onamning hayoti butkul o‘zgarib ketdi, u ertayu-kech bir kasalmand, injiq odamning ixtiyorida. Ko‘zi yarim yumuq, sergak uxlaydi — biror ehtiyoj bilan yo shunchaki meni hamma tashlab ketdi degan qo‘rquvda uni chaqirayotgan bo‘lishi mumkin.
Koronavirus tufayli yuzaga kelgan cheklovlar sabab vaqtincha ishsiz qolganimda men bir oy dadam bilan birga qoldim, onamni esa dala-hovliga yubordim. Onam qaytgan payti uni taniyolmadim — hatto yosharib ketgandi, chunki, nihoyat, to‘yib uxlagandi va ixtiyori o‘ziga qaytgandi.
Dadamning bizga og‘irligi tushmaydi, unga majburiyat yuzasidan yordam bermayapmiz, balki chin muhabbat tufayli, lekin barchamizga og‘ir. Ehtimol, unga hammamizdan ham ko‘ra og‘irroqdir: kuch va orzu-havaslarga to‘la, yosh inson edi. Mana, endi bir necha yildan beri to‘rt devor ichida, o‘zining nochor ahvolini his qilib yashamoqda.
Yuliya
Onam insultni bir necha marta boshidan kechirgan. Dastlabki ikkitasi men uchun deyarli sezilmay o‘tib ketdi: onam shifoxonada yotdi, birinchi safar bir hafta, ikkinchisida esa ikki hafta, biz uchun esa tashqaridan qaraganda hech narsa o‘zgarmadi. Onam o‘z ahvoli haqida bizga hech qachon og‘iz ochmasdi va men hozir shu narsa uchun afsusdaman.Uchinchi insult juda og‘ir keldi: onam yurmay qo‘ydi, vaqtni adashtirib yuborardi, ammo nutqi ravon edi. O‘sha vaqt biz xatoga yo‘l qo‘ydik: hamma o‘z qobig‘iga o‘ralib oldi (dadam, opam ikkimiz, mening anchagina katta bo‘lib qolgan qizim) va, odatdagiday, onam biz uchun, muhokamalarga qo‘shilmaydigan, ammo ko‘rsatmalar olib turadigan bemorga aylandi. Bu juda yomon edi va onam so‘nggi insultni boshdan kechirdi. U fikrlash, harakatlanish va ovqatlanish layoqatini butkul yo‘qotdi.
Reanimatsiyada ko‘pi bilan bir hafta qolganini aytishdi va uni vidolashuv bo‘limiga o‘tkazishni tavsiya qilishdi. Bir hafta ichida olti kishilik palatada qarovsiz qolgan uchtasi vafot etgandi. Biz onamni bir daqiqa ham yolg‘izlatib qo‘ymaslikka qaror qildik: shifoxonada navbati bilan unga qaradik, onam bilan eng ko‘p vaqtni dadam o‘tkazdi va bir hafta o‘tgach, biz uyga ruxsat berishlarini so‘radik.
Ha, u endi bizni tanimasdi, suyanchiqsiz yura olmasdi, aqli bir yoshli bolaniki kabi edi, ammo onam biz bilan yana 10 oy birga yashadi va shu narsa keyinchalik bizga katta yordam berdi. Men hech qachon yaqinlarim bilan bunday ishonchli aloqada bo‘lmaganman. Boz ustiga, uyalmadik: aravachada sayr qildik, itlarni aylantirdik, dala-hovliga bordik, bolalar maydonchasida o‘ynadik, do‘stlarimiz va qarindoshlarimizni chaqirdik (to‘g‘ri, uncha ko‘p odam kelmadi), hali uncha keksaymagan buvi nima sababdan aravachada yurgani va qumda o‘ynayotganini bolalarga tushintirdik.
Ha, juda qiyin bo‘ldi, juda, ammo biz harakat qildik va onam vafot etgan paytda uning o‘limini qabul qilish osonroq kechdi.
Izoh (0)