Samarqand shahri, Kimyogarlar qo‘rg‘oni, “Madaniyat” mahallasi hududidagi ko‘p qavatli uylardan birida 16-dekabr kuni tungi soat 03:00 atrofida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar qildi.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan uy egasi L.P.ning ma’lum qilishicha, 15-dekabr kuni kun davomida elektrda ko‘plab uzilishlar bo‘lgan. Nabirasi sham yorug‘ida dars qilib uxlab qolgan. Oqibatda yong‘in kelib chiqqan.

“Biz uxlab yotgandik. Soat taxminan 03:00 atrofida qandaydir is chiqqanini sezib qoldim. Balkonni ochsam, hech narsa yo‘q. Bu xonaga kelib qarasam, xona dim bo‘lib yotgan, buyumlar yongan ekan. Qo‘shnilarimni chaqirib, shu holda saqlab qoldik. Nevaram ‘svet’ o‘chganidan so‘ng sham yorug‘ida uy vazifalarini bajarib, uxlab qolgan. Yong‘in kelib chiqish sababi ham shu. Kecha kun bo‘yi ‘svet’ tinimsiz o‘chib turdi. Bunday holda dars qilib bo‘lmasdi”, — deydi u.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, yong‘in oqibatida hech kim tan jarohati olmagan, xonalardan biri va undagi jihozlar yonib, zararlangan.

“Madaniyat” mahallasi 19-ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolarning ta’kidlashicha, 15-dekabr kuni kun davomida elektr ta’minotida tinimsiz uzilishlar bo‘lgan.

“Biz yashayotgan hududda isitish tizimi yo‘q. Shu sababli qish kelishi bilan barcha elektr isitish uskunalariga o‘tadi. ‘Svet’ o‘chishi bilan uylar sovib ketadi”, — deydi “Daryo” muxbiri bilan suhbatda “Madaniyat” mahallasida yashovchi fuqarolardan biri.

Foto: “Daryo”

“Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” AJ mas’ul xodimi Gulzuxra Saydullayeva yong‘in sodir bo‘lgan xonadonga borib o‘rganilgandan so‘ng holat bo‘yicha ma’lumot berishini ta’kidladi.

Samarqand viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi dispetcherlik xizmati voqea sodir bo‘lganini tasdiqladi. Bu bo‘yicha batafsil ma’lumotni boshqarma matbuot xizmati rahbari berishini ma’lum qildi. Samarqand viloyat FVB matbuot xizmati rahbari Ilhom Boqiyev viloyatning boshqa bir tumanida tadbirda ekani sababli voqea yuzasidan ma’lumotni keyinroq berishini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Ma’lumot uchun, “Daryo” tahririyati Samarqand viloyat FVBdan viloyatda sodir bo‘layotgan favqulodda holatlarning tafsiloti bo‘yicha ma’lumot olishda birinchi marta muammoga duch kelayotgani yo‘q. Bundan avval ham tahririyat Samarqand viloyatida 8 nafar fuqaro is gazidan zaharlanib vafot etgani, ularning 5 nafari voyaga yetmagan bolalar ekanligi yuzasidan bog‘lanib, sodir bo‘lgan holatlar qachon va qayerda bo‘lganligi bo‘yicha berilgan so‘roviga javob olmagan.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 15-dekabrga qadar O‘zbekistonda is gazidan zaharlanish hamda havo-gaz aralashmasi chaqnashi tufayli 125 kishi vafot etgan, 115 kishi jabrlangan.