Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati, Mirzacho‘l tumani, Gagarin shaharchasidagi Xalqlar do‘stligi ko‘chasining ikki tomoniga ekilgan 75 tup daraxtlar atrofi trotuar qurish ishlari davomida betonlab tashlanganligi haqida ma’lumot va fotosuratlar tarqaldi.

Jizzax viloyati ekologiya boshqarmasi tomonidan mazkur holat o‘rganilganda, haqiqatan ham ushbu holat tasdiqlandi. Mirzacho‘l tumani, Gagarin shaharchasi, “Do‘stlik” MFY, Xalqlar do‘stligi ko‘chasining ikki tomoniga ekilgan 75 tup daraxt atrofi “Fayz-Baraka” MChJ tomonidan yo‘lak qurish ishlari davomida betonlab yuborilgan. O‘rganish davomida 38 tup archa, 7 tup yasin, 1 tup tut, 1 tup akatsiya, 1 tup gilos, 4 tup qayrag‘och, 7 tup eldor qarag‘ayi, 12 tup aylan daraxtining tagidagi betonlar buzib olinib, daraxtlar parvarish qilindi.

MChJning ushbu ishga yo‘l qo‘ygan xodimlariga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, jarima belgilandi.

Mazkur holatning yuzaga kelishi mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilayotgan, har bir daraxtga, bir tup bo‘lsada ko‘chat ekishga alohida e’tibor qilinayotgan bir vaqtda qator savollarni tug‘dirmoqda.

Birinchidan, katta yo‘lning yoqasida yo‘lak qurish bir-ikki kunda bitkazib yuboriladigan kichkina ish emas. Buning uchun avvalo loyiha-qurilish ishlari har tomonlama puxta rejalashtirilgan holda amalga oshirilishi zarur. Bu jarayonda esa har bir tup daraxt hisobga olinishi shart.

Shunday ekan, loyihalash va qurilish jarayonida mutasaddilar qayerga qarashgan? Qurilish jarayonini tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari, tuman arxitektori nazorat qilishi kerak emasmi? Obodonlashtirish bo‘limi, ekologiya inspeksiyasi qayerga qaradi?

Umuman, bu mutasaddilarning shu yerda salomatlik yo‘lagi qurilayotganiyu, bu yerda baravj o‘sib turgan daraxtlar osti bitonlab tashlanayotganidan xabari bo‘lganmikan o‘zi? Bunday noxush holatlarning oldini olish, tumandagi har bir tup daraxtni himoyalash ularning birinchi galdagi vazifasi bo‘lishi kerak emasmi?

O‘zbekiston Ekologik partiyasi daraxtlarga nisbatan bunday shafqatsiz munosabatni keskin qoralaydi. Bugun mamlakatimizda, xalqimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida qurilayotgan, piyodalar uchun qulay bo‘lgan salomatlik yo‘laklari yashil maskanlar, jumladan, yon-atrofdagi daraxtlar bilan hamohangligini unutmasligimiz zarur.

Prezident tashabbusi bilan ayni vaqtda mamlakatimiz bo‘ylab daraxt ekish bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Dolzarb qirq kunlik” ham har bir tup daraxt ko‘chatiga alohida e’tibor va parvarish shart ekanini ko‘rsatib turibdi. Buning uchun mas’uliyatni har bir mutasaddi o‘z zimmasiga olishiga to‘g‘ri keladi.

Ma’lum qilinganidek, daraxtlar atrofidagi beton qo‘porilib, yo‘l qo‘yilgan xato to‘g‘rilangan. Biroq berilgan suratlardan ko‘rinib turibdiki, holat to‘liq bartaraf etilmagan, daraxtlar atrofi nomigagina betondan tozalangan, ularni parvarishlash uchun yetarlicha sharoit yaratilmagan. Qolaversa, yetkazilgan zarar hamda jarima miqdori jamoatchilikka ma’lum qilinishi kerak emasmi? Bu ham obodonlashtirish bo‘limi va boshqa mutasaddilarning masalaga “xo‘jako‘rsin” kayfiyatda yondashayotganini ko‘rsatib turibdi.

Qurilishni amalga oshirganlarni jarimaga tortish bilangina bunday holatlarga butunlay barham berish mushkul. Daraxtlarga bunday munosabat uchun tegishli tashkilot rahbarlari, har bir mutasaddining ham mas’uliyatini ko‘rib chiqish kerak. Toki har bir tup daraxt atrof tabiiy muhitning bir bo‘lagi sifatida doim himoya va parvarishda bo‘lishi kafolatlansin.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi matbuot xizmati

Reklama huquqi asosida.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Rim papasi Putin va Zelenskiyga murojaat yo‘lladi
Sport
APL. “Manchester Siti” 9 ta gol urilgan derbida “Manchester Yunayted”ni tor-mor etdi. Holand va Fodendan het-trik
Sport
Superliga. “Nasaf” Toshkentda “Paxtakor”ni mag‘lub etib, yakka peshqadamga aylandi