Shavkat Mirziyoyev qaroriga bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining vakolatlari kengaytirildi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Prezident “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining faoliyatini takomillashtirishning qo‘shimcha choralari haqida”gi qarorni imzolagan. Unga ko‘ra, 2022-yil 1-yanvardan agentlik quyidagi vakolatlarga ega bo‘ladi:

  • huquqni muhofaza qiluvchi organlarning elektron ma’lumotlar bazalaridan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga oid ma’lumotlarni olish;
  • tadqiqotlar va ma’muriy surishtiruvlar o‘tkazish hamda tahliliy materiallar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhlarini tuzish;
  • huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyat ishini qo‘zg‘atish yoki boshqa ta’sir choralarini ko‘rish uchun korrupsiya faktlari to‘g‘risidagi xabarlarni yuborish va ushbu xabarlarni tekshirish natijalari bo‘yicha qabul qilingan qaror to‘g‘risida ma’lumotni talab qilib olish;
  • ommaviy rezonans va muhokamalar, ya’ni jamiyatning ma’lum bir hodisaga bo‘lgan hissiy munosabati, jamoatchilik e’tiborini tortgan va turli bahs-munozaralarni keltirib chiqargan korrupsiyaga oid faktlar bo‘yicha ishni ko‘rib chiqayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda matbuot anjumanlarini o‘tkazish.

Agentlikning huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda korrupsiyaviy jinoyatlar borasida jamoatchilikni xabardor qilishning quyidagi tartibi o‘rnatiladi:

  • ommaviy rezonans va muhokamalar, ya’ni jamiyatning ma’lum bir hodisaga bo‘lgan hissiy munosabati, jamoatchilik e’tiborini tortgan va turli bahs-munozaralarni keltirib chiqargan korrupsiyaga oid faktlar aks etgan xabarlar bo‘yicha – o‘n kun muddatda;
  • boshqa korrupsiyaviy jinoyat va huquqbuzarliklar to‘g‘risida – hamkor organlar bilan kelishuvga ko‘ra har chorak yoki yarim yillik yakunlari bo‘yicha;
  • korrupsiyaga oid jinoyatchilik holati, tendensiyalari, sodir bo‘lish sabab va shart-sharoitlari, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida – yil yakuni bo‘yicha.

Qayd etilishicha, hujjat bilan agentlikning huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Unga ko‘ra, agentlik jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini, ommaviy axborot vositalarining xabarlarini o‘rganish asosida, shuningdek, o‘z tashabbusi bilan normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini tashkil etishga haqli etib belgilangan.