3-dekabr kuni soat tonggi 08:30 da Toshkent aholisining asosiy qismini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi “Qodiriya” bosh suv inshootida yuqori kuchlanishli elektr ta’minotida nosozlik sababli nasos agregatlarida o‘chish holati yuzaga keldi, deb xabar beradi “Toshkent shahar suv ta’minoti” MChJ.

Ma’lum qilinishicha, shu tufayli Toshkent shahrining qator hududlarida ichimlik suv ta’minoti bilan bog‘liq uzilishlar kuzatilmoqda. Hozirgi vaqtda elektr ta’minoti qayta tiklangan, ichimlik suv gidravlik rejimini tiklash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda.

“Toshkent shahrida tez fursatlarda suv ta’minoti o‘z maromiga qaytadi”, — deyiladi xabarda.

Korxona keltirilgan noqulayliklar uchun poytaxt aholisidan uzr so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, 5-noyabr kuni O‘zbekistonda kuzatilgan chang bo‘roni sabab yuzaga kelgan nosozlik oqibatida Toshkentning katta qismi ichimlik suvisiz qolgandi.