1949-yil 2-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi “Odam savdosi va jinsiy qullikka qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiya”ni qabul qilgan. O‘sha kundan beri har yili butun dunyo bo‘ylab 2-dekabr xalqaro qullikka qarshi kurash kuni sifatida nishonlanib kelinadi. “Daryo” shu munosabat bilan insonning insonga zo‘ravonligi va erksizlik dahshatlari aks etgan, real voqeliklarga asoslangan sara filmlar haqida ma’lumot beradi.

“12 yil qullikda” filmidan kadr

“12 yil qullikda”

“12 yil qullikda” (12 years a slave) rejissor Stiv Makkuin tomonidan suratga olingan va 2013-yilda ekranga uzatilgan. Unda bosh rollarni Chivetel Ejiofor, Maykl Fassbender kabi aktyorlar ijro etgan.

Filmda Solomon Nortap ismli qora tanli kishining odam savdosi qurboniga aylanishi haqida hikoya qilinadi. Ozod oilada tug‘ilgan Solomon shaxsiy fermaga egalik qilardi va skripka chalardi. Lekin bir kuni bazmda hamrohlari uni qasddan mast ahvolga solib, qul savdogariga sotib yuboradi. 12 yillik mashaqqatlarda o‘zligini va umidini yo‘qotmagan bu inson oxir uyiga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.

Ushbu kartina ko‘plab kinotanlovlarda qatnashib, “Oskar”, “Oltin globus”, “BAFTA” va boshqa nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritgan.

“Men cho‘riman”

Gebriyel Renj rejissorligidagi “Men cho‘riman” (I am slave) filmining premyerasi 2010-yilda bo‘lib o‘tgan. Ushbu kinokartinada bosh rollarni Vunmi Mossaku, Isaak de Bankole, Lubna Azabal kabi aktyorlar o‘ynagan.

Filmda Mende Nazer ismli 12 yashar qizning arab jangarilari tomonidan o‘g‘irlanib, Xartum shahridagi (Sudan poytaxti) ayolga sotib yuborilishi haqida hikoya qilinadi. Olti yil qullikda yashagan Nazer oxiri Londonga olib ketiladi, lekin u yerda ham mashaqqatlar davom etadi.

Qizning ismini o‘zgartirib, hujjatini olib qo‘yishadi. Baxtiga, keyinroq rahmdil insonlarga uchrab, ularning yordamida otasi bilan uchrashadi va Sudanga qaytib keladi.

“Savdo”

2007-yilda nemis kinorejissori Marko Kroyspayntner tomonidan ishlangan “Savdo” (Trade) filmida jinsiy qullik haqida hikoya qilinadi. Unda bosh rollarni Kevin Klayn hamda Alisiya Baxleda-Surus ijro etgan.

Film New York Times gazetasida chop etilgan maqola asosida ishlangan. Undagi voqealar real hayotda sodir bo‘layotganiga odamning ishongisi kelmaydi. Odamfurushlar qizlarni ko‘chalardan qanday qilib o‘g‘irlashi, auksionlarda sotib, och qoldirib, qiynoqqa solishi ochib berilgan.

“Jons okrugining ozod insonlari”

2016-yilda namoyish qilingan “Jons okrugining ozod insonlari” (The free state of Jones) filmi ham real voqealarga asoslangan. Unda bosh rollarni Mettyu Makkonaxi, Gugu Embata-Rou, Maxershala Ali kabi aktyorlar ijro etgan.

Filmda AQShdagi 1862-yilda ro‘y bergan fuqarolar urushi aks ettirilgan. Missisipilik kambag‘al fermer Konfederatsiya armiyasidan qochib chiqqan va endilikda qullikni bekor qilish uchun kurashayotgan qochqinlar guruhini boshqaradi. Ular birgalikda Jons okrugiga joylashib, Konfederatsiya kuchlariga qarshi kurash olib boradi.

“Millatning tug‘ilishi”

“Millatning tug‘ilishi” (The birth of a nation) kinokartinasi 2016-yilda namoyish qilingan. Bosh rollarni Neyt Parker, Armi Hammer, Penelopa Enn Miller ijro etgan. Neyt Parker, shuningdek, film rejissori hamdir.

1831-yil, 21-avgust kuni Virjiniya shtatida boshlangan afro-amerikalik qullar qo‘zg‘oloni filmda ta’sirli ochib berilgan. Net Tyorner boshchiligidagi ushbu qo‘zg‘olon 48 soatlar davom etgan bo‘lib, unda oq tanli zodagonlardan 60 kishi va kamida 100 nafar qora tanli qul halok bo‘lgan. Shu voqeadan so‘ng qullar hayoti yanada og‘irlashadi: ularga bilim olish va yig‘ilishlar o‘tkazish ta’qiqlab qo‘yilgan.

Qo‘zg‘olonni boshlagan odamning o‘zi esa qatl qilinadi va terisi shilib olinadi. Lekin Ted bu ishi bilan quldor zodagonlar yuragiga g‘uluv solib, qullar ortiq toqat qilmasligini bildirishga ulgurgandi.

“Harriyet”

“Harriyet” (Harriet) — Keysi Lemmons tomonidan suratga olingan tarixiy-biografik drama. Film premyerasi 2019-yilda bo‘lib o‘tgan. Bosh rollarni Sintiya Erivo, Janel Mone, Jo Elvin, Klark Piters, Tim Gini kabi aktyorlar o‘ynagan.

Filmda qullikdan qochib, oqsoch bo‘lib ishga yollangan va topgan pulining katta qismini boshqa qullarni ham ozod qilishga sarflagan Harriyet Tabmen ismli ayol haqida so‘z boradi. Bu ayol fuqarolar urushi boshlanishidan ham avval tungi qutqaruv missiyalari uchun “Muso” laqabini olgan va plantatsiyalardan yuzlab qullarni olib chiqqan.

Harriyetning shu va boshqa qahramonliklari aks ettirilgan mazkur film “Eng yaxshi saundtrek” yo‘nalishi bo‘yicha “Oskar”, “Eng yaxshi ayol roli” uchun “Oltin globus” va boshqa mukofotlarni qo‘lga kiritgan.

“Amistad”

Stiven Spilbergning “Amistad” (Amistad) filmi 1997-yilda tomoshabinlar e’tiboriga havola qilingan. Unda 1840-yillarda Amerikada qullikni bekor qilish uchun bo‘lib o‘tgan kurashlar haqida hikoya qilingan. Filmda bosh rollarni Morgan Frimen va Nayjel Houtorn o‘ynagan.

Real voqealarga asoslangan ushbu kartinada “Amistad” kemasini o‘g‘irlab, o‘z vataniga qaytishga urinayotgan afrikalik qullar sayohati aks etgan.

Hukumat kemani qo‘lga olganidan so‘ng barcha qullar Amerikaga qaytariladi va u yerda qotillikda ayblanib, hibsga olinadi. Shundan so‘ng butun xalq e’tiborini o‘ziga jalb qilgan sud jarayonlari boshlanadi. Sudlanuvchilar uchun esa bu jarayon, avvalo, huquq va ozodlik kurashini anglatardi.

Ushbu kartina to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha “Oskar”ni qo‘lga kiritgan.

“Linkoln”

Stiven Spilbergning hayotiy voqealarga asoslangan yana bir filmi — “Linkoln” (Lincoln). Suratga olish ishlari 2011-yilda boshlangan, premyera esa 2012-yilda bo‘lib o‘tgan. Bosh qahramonlar obrazi Deniyel Dey-Lyuis, Salli Fild, Tommi Li Jons, Jozef Gordon-Levitt kabi aktyorlar tomonidan jonlantirilgan.

Kartinada AQShning 16-prezidenti Avraam Linkolnning qahramonligi haqida gap boradi. U 1865-yilda mashhurlikning cho‘qqisida edi. Lekin oldida bir jiddiy masala turardi: konstitutsiyaga qullikni bekor qiluvchi tuzatish kiritib, fuqarolar urushini bartaraf qilish. Hatto mamlakat yetakchisining eng yaqin maslahatchilari ham bu rejani amalga oshirish mumkinligiga ishonmaydi. Lekin prezidentning siyosiy mahorati va sobitqadamligi respublikachilarni birlashtirishga va demokratlarning bir qismini o‘z tomoniga og‘dirishga yordam beradi. Natijada, konstitutsiyaga tuzatish kiritiladi.

Film 12 ta yo‘nalish bo‘yicha “Oskar”ga nomzod bo‘lgan va ikkita yo‘nalish bo‘yicha g‘alaba qozongan. Bundan tashqari, “Oltin globus”, “BAFTA” va boshqa mukofotlarga loyiq ko‘rilgan.

Muallif:Rafiq O‘zturk