Prezident Shavkat Mirziyoyev “Toshkent metropoliteni faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qarorga muvofiq, 2022-yil 1-iyulgacha 7 ta metro bekatida (“Beruniy”, “Chorsu”, “Paxtakor”, “Olmazor”, “Turkiston”, “Qo‘yliq bozori”, “Chilonzor”) transport o‘tish bog‘lamalari quriladi.

Bundan tashqari, 2022-yil 1-oktabrgacha Toshkent shahriga kirib keluvchi yo‘lovchi transportlar uchun 6 ta metro bekati (“Turkiston”, “Yunusobod”, “Chilonzor” va yer usti halqa liniyasining 3, 4 va 5-bekati) atrofida avtoturargohlar tashkil etiladi.

Shuningdek, 2022-yil 1-yanvardan quyidagi ma’lumot va xizmatlarni o‘z ichiga oluvchi mobil ilova ishga tushiriladi:

  • metropoliten yo‘nalishlari (ularning qurilishi bo‘yicha ma’lumotlar);
  • bekatlar (ular atrofida joylashgan obyektlar va jamoat transporti yo‘nalishlari);
  • poyezdlar harakati jadvali;
  • elektron to‘lov.

2022-yil 1-aprelgacha yerusti halqa metro bekati yo‘nalishida yo‘lovchilar uchun bepul Wi-Fi tizimi bilan bog‘lash va yerosti metro bekatlarida mobil aloqa operatorlari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.

Qaror bilan, shuningdek, 2021–2023-yillarda Toshkent metropolitenida yo‘lovchi tashish va poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan.

Avvalroq ushbu qarorga ko‘ra Toshkent metropoliteni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibidan chiqarilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.