O‘zbekistonda yangi sport tashkiloti — Skeyt O‘zbekiston assotsiatsiyasining ta’sis yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Konferensiyada Skeyt O‘zbekiston assotsiatsiyasi raisi etib, bir ovozdan Aziz Ahmedov hamda bosh kotib lavozimiga Kamol Usmonov saylandi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu assotsiatsiyaning tashkil etilishi yangi yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi, ya’ni, endi skeytbording va roller sport turlari bo‘yicha yoshlarda nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘lib, mamlakatda ushbu sport turlariga ixtisoslashgan zamonaviy inshootlarni barpo etishga zamin yaratiladi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda jahonning World Skate assotsiatsiyasi bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu sport turini O‘zbekistonda rivojlantirish hamda sportchilarni nufuzli xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishi va ishtirok etishi uchun muzokaralar olib borilmoqda.
Shuningdek, konferensiyada yangi tashkil etilayotgan assotsiatsiya oldida turgan masalalar hamda istiqbolli rejalar yuzasidan kelishib olindi.
Ma’lumot uchun, Skeyt O‘zbekiston assotsiatsiyasi skeytbording, rollerli konkida uchish, rollerda figurali uchish, rollerda yuqori tezlik, rolikli konkida erkin uslub, shuningdek, erkin slalom, rollerda xokkey, roller derbi va skuter, shuningdek, erkin skuter kabi sport turlarini o‘z ichiga oladi.
O‘zbekistonlik skeytbordchilar uchun Parij-2024 Olimpiadasiga 12 ta litsenziya olish imkoniyati mavjud, deyiladi xabarda.