Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida FHDYo arxiv ma’lumotlaridagi noaniqliklar, xatoliklar, ma’lumotlarning mos kelmasligi holatlari ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

“Potrebitel.uz”ning yozishicha, ayrim fuqarolar oila a’zolarining ism-familiyalari noto‘g‘ri qayd etilganiga, o‘zlarining farzandlari “yo‘qolib”, o‘rniga “ortiqcha” bola paydo bo‘lganiga, vafot etganiga bir necha yil bo‘lgan ota-onasi FHDYo arxiv ma’lumotlarida hali ham tirik ekani ko‘rsatilganiga guvoh bo‘lgan.

“Tabriklang, menda ikkita er bor ekan — biri haqiqiysi, ikkinchisi o‘zimdan 15 yosh kichik notanish kishi. Shu bilan birga, o‘zim turmushga chiqmagan ekanman”, — degan shunday xatolikka guvoh bo‘lgan ayollardan biri.

Yagona portaldagi FHDYo arxiv ma’lumotlarini tekshirgan erkaklardan biri uning eri va undan ikki qiz farzandi borligi qayd etilganiga guvoh bo‘lgan.

Davlat xizmatlari agentligi ushbu masalaga munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, tizimda fuqarolarning 60 millionga yaqin FHDYo arxiv ma’lumotlari raqamli ko‘rinishda aks etgan. Bugungi kunda mutaxassislar tomonidan ushbu tizim takomillashtirilib, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami mavjud ma’lumotlarga biriktirish ishlari amalga oshirilmoqda.

“Ushbu jarayon hali to‘liq yakuniga yetkazilmaganligi hamda sinov jarayonida ekanligi sababli, tizimda noaniqliklar uchramoqda. Mutaxassislar esa o‘z navbatida ularni bartaraf etish uchun tinimsiz harakatda.

Lekin yangiliklarni joriy etishda turli noaniqliklar, xatoliklar, ma’lumotlarning mos kelmasligi holatlariga ham duch kelmoqdamiz. Tizimdagi ushbu xizmatni sinov tariqasida joriy etishdan ko‘zlangan maqsad — sizlar bilan hamkorlikda ishonchli va aniq ma’lumotlarni shakllantirish”, — deb ta’kidlangan agentlik munosabatida.

FHDYo ma’lumotlari bilan bog‘liq noaniq ma’lumotlar ko‘rsatilganiga duch kelgan fuqarolar Davlat xizmatlari agentligiga 71-207-00-66 telefoni orqali mutaxassislarning 1027, 1028, 1056 ichki raqamlarini tergan holda xabar berish mumkinligi bildirilgan.

Avvalroq Davlat xizmatlari agentligi tomonidan “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimida farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa to‘lovini (“suyunchi puli”) ota-onadan birining bank plastik kartasiga ixtiyoriylik asosida o‘tkazib berish imkoniyati yaratilgani haqida xabar berilgan edi.