“O‘zgidromet” dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmasligini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qayd etilishicha, 22-oktabr, juma kuni respublika hududining katta qismida quruq va sovuq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Harorat 8-13 daraja iliqni tashkil etadi. Bu oktabr oyining oxirigi o‘n kunligi uchun bo‘lgan iqlimiy me’yorlardan 8-10 darajaga past.

Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlari bo‘yicha va respublika tog‘li hududlarining ba’zi joylarida yog‘ingarchilik ehtimoli saqlanib turadi. Ayrim tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin.

Dam olish kunlari O‘zbekistonnning barcha hududlarida quyoshli, lekin salqin ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu kunlarda harorat me’yordan past bo‘ladi. Shanba kuni kechasi havo harorati 2 daraja sovuq, 3 daraja iliqni tashkil etadi, kunduz kuni 11-16 daraja iliqdan oshmaydi. Yakshanba kuni havo biroz iliq bo‘ladi, kechasi 0-5 daraja iliq, ba’zi joylarda 2 darajagacha sovuq, kunduz kuni 13-18 daraja iliq bo‘ladi.