Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda talabalarga oylik internet trafik ajratilishini ma’lum qildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar qildi.

“Milliy universitet va Texnika universitetini jahonning nufuzli reytinglariga kirishi bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.

Shuningdek, kelgusi besh yilda zarur bo‘ladigan yangi kasblar bo‘yicha nufuzli xorijiy universitetlar bilan birga kamida 10 ta yangi oliygoh tashkil etilib, amalda ishlab turganlari bilan, ularning jami soni 31 taga yetadi.

Shuningdek, magistraturada ta’lim olish uchun Toshkent shahridagi xorijiy va nodavlat oliygohlarga — 200 ta hamda xotin-qizlar uchun davlat oliygohlariga 500 ta davlat granti beriladi.

Shuningdek, har bir talabaga oyiga 5 gigabayt bepul internet beriladi”, — deydi davlat rahbari.

Prezident, shuningdek, “Zakovat” klubining binosi qayerda qurilishini ma’lum qildi.

“Yoshlarning yangi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ‘Yangi O‘zbekiston’ bog‘i atrofida ‘Zakovat’ klubining binosini hamda ‘Intellektual o‘yinlar shaharchasi’ni barpo etamiz”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.