“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
20:42, 14.10.2021 25248

Yulduzlarning ijtimoiy tarmoqlardagi hayotini ko‘z-ko‘z qiladigan suratlari odamlarning o‘zini yomon his qilishiga sabab bo‘lishi aniqlandi

Kim Kardashyan, Kayli Jenner, Jastin Biber va boshqa mashhurlar ijtimoiy tarmoqlarga joylaydigan suratlar odamlarning o‘z hayotidan qoniqmasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda Wall Street Journal ma’lum qilgan, deb yozadi Glamour jurnali.

Foto: Glamour

Unda aytilishicha, Kim Kardashyan, Ariana Grande va Keti Perri singari yulduzlarni kuzatgan Instagram foydalanuvchilari ularning turmush tarzi mashhurlar ijtimoiy tarmoqda ko‘z-ko‘z qiladigan hayotdan tubdan farq qilishi bois salbiy hislarni tuygan. Shu bilan birga, muxlislar Uill Smit, braziliyalik futbolchi Neymar va aktyor Dueyn Jonsonning kontentidan bunchalik yomon emotsiyalarni his qilmaganini ma’lum qilgan.

Instagram’dagi ijtimoiy tengsizlik bo‘yicha o‘tkazilgan va 9 mamlakat: AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya Germaniya va boshqalardan jami 100 ming ishtirokchi qatnashgan tadqiqotda ham shunga o‘xshash natija qayd etilgan.

Tadqiqotda salbiy taqqoslashga o‘smirlarning kattalardan ko‘ra ko‘proq moyilligi borligi aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoqlarda ijtimoiy tengsizlik muammosiga, asosan, o‘smir qizlar ko‘proq duch keladi. Hindistonda esa erkaklar kutilmagan tarzda xavf guruhidan o‘rin olgan.

Mazkur tadqiqotdan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlardagi mukammal suratlar fonida yoshlar o‘zlarining tashqi qiyofasidan qoniqmasligi, bu esa ruhiy kasalliklarga olib kelishi mumkin degan xulosaga kelingan.

Shundan keyin Instagram mutaxassislari yulduzlarning postini yashiradigan funksiya yaratish haqida o‘ylab qolgan. 2021-yilning bahorida Instagram bosilgan layklar sonini yashirish imkoni beruvchi funksiyani ishga tushirgandi. Kompaniya vakillari bu odamlarning kontenti qanchalik mashhurligi haqida kamroq qayg‘urishiga yordam beradi degan fikrda.

TechCrunch ushbu muammo, ayniqsa, Instagram’dagi u haqida tengdoshlari qanday fikrda ekani bilan qiziqadigan yosh foydalanuvchilar orasida dolzarb degan fikrda.