Kuvaytda ayollarga mamlakat Qurolli Kuchlaridagi bir qancha bo‘linmalarda xizmat qilishga ruxsat berildi. Tegishli qarorga bosh vazir o‘rinbosari, Kuvayt mudofaa vaziri Hamad Jaber Ali as-Sabah imzo chekdi.

Foto: “Yandeks”

Kuvaytlik ayollar birinchi marta armiyada xizmat qilish huquqini oldi. Qayd etilishicha, dastlabki bosqichda ayollar Kuvayt armiyasining tibbiy va yordamchi bo‘linmalarida kichik ofitser va mutaxassis sifatida xizmat qilishi mumkin bo‘ladi.

“Kuvaytlik ayollar mamlakat boshidan kechirgan eng og‘ir sharoit va davrlarda ham barcha sohada erkaklar bilan teng harakat qilishini isbotladi, shuning uchun ularga Kuvayt armiyasida erkaklar bilan yonma-yon xizmat qilish imkoniyatini berish vaqti keldi”, — dedi Kuvayt mudofaa vaziri.

Kuvayt Yaqin Sharq mamlakatlari orasida ayollarga harbiy xizmatga ruxsat bergan birinchi davlat emas. Birlashgan Arab Amirliklarida ayollarning armiyada xizmat qilishiga 2014-yildan ruxsat berilgan. Bu huquqni 2018-yilda Qatardagi, 2021-yil boshida Saudiya Arabistonidagi ayollar qo‘lga kiritdi. Bahrayn va Ummonda ham bir necha yil oldin ayollarga armiyada xizmat qilishga ruxsat berilgan.