Gollivudning eng talabgir va kelishgan vakillaridan biri hisoblangan Xyu Jekman 12-oktabr kuni 53 yoshga to‘ldi. Shu munosabat bilan aktyor bilan bog‘liq ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Bolaligidan uyatchanlik nima ekanligini bilmagan

Foto: Time Out

Xyu oiladagi beshinchi, eng kenja farzand. Kirishimli bo‘lishiga ikkitadan aka va opasi bilan birgalikda ulg‘aygani sabab bo‘lgan. Bolaligidanoq e’tibor markazida bo‘lgani tufayli keyinchalik sahnada chiqish qilishdan cho‘chimagan. Olti yoshida musiqiy guruh tarkibida chiqqan Xyu o‘sha vaqtda hammadan yaxshiroq kuylamagan bo‘lsa ham o‘ziga bo‘lgan ishonchi yuqori bo‘lgan. Maktabga borishni boshlaganidan keyin esa teatrda ishtirok etish, muhim tadbirlarda nutq so‘zlashga takliflar bisyor bo‘lgan. Darhaqiqat zavq bag‘ishlagani uchun u hech ham bu takliflarni rad qilmagan.

Onasi tashlab ketgan

Foto: Time Out

Yetti yoshga to‘lganida ota-onasi ajralib o‘z yo‘lidan ketishni afzal bilgan. Onasi qizlarini olib Angliyaga jo‘nab ketgan, o‘g‘illar esa otasi bilan Avstraliyada qolgan. “Bir kuni maktabdan kelib ne ko‘z bilan ko‘rayki, onam yo‘q. Shundan keyin men uyga qaytishdan qo‘rqib qolganman. Mashg‘ulotdan qaytib, zinada akalarimni kutib o‘tirganman. Onamning bir kunmas bir kun qaytishiga ishonganman. Uning Angliyaga ketgani, turmushga chiqqani va farzandli bo‘lganini bilsam ham, o‘sha umid bilan 5 yilni o‘tkazganman. Keyinroq otam u bilan yarashishga urinib ko‘rish uchun Yevropaga jo‘nab ketgan va bir necha kundan keyin shashti tushib qaytib kelgan. Ana shundagina onam bizni butunlay tark etganini tushunib yetganman va bu mening jahlimni chiqargan. Boshqa tomondan qaraganda, men bolaligimdan salbiy emotsiyalarimni yashirishni, o‘zimni boshqa insonlar o‘rniga qo‘yib ko‘rishni o‘rganganman. Onamning tug‘ruqdan keyingi og‘ir depressiyani boshdan kechirganini tushunib yetganman. U bir necha marta shifoxonada davolangan, Avstraliyaga ko‘chib o‘tish ham u uchun oson bo‘lmagan. Shu sabab ham uni hech nimada ayblay olmayman.

Shouga chipta olish uchun ovqatidan pul tejagan

Foto: Time Out

Yosh Jekman ilk marta ota-onasisiz yakka o‘zi Devid Bouining shousiga bormoqchi bo‘lgan. Buning uchun alohida pul so‘ramasdan, otasi ovqatlanishga bergan mablag‘ni to‘plagan. Yarim yilda 20 dollar jamlagan yigitchaga sinfdoshi arzonroq chipta taklif qilib qolgan. Bu esa tabiiyki unga yoqib tushgan. Oradan 30 yil o‘tib esa bu voqea haqida Bouiga aytib bergan.

Xyu maktabni bitirgach, Sidneydagi texnologiya universitetining jurnalistika fakultetiga qabul qilingan. Ammo keyinroq o‘zini bu sohada ko‘rmagan. Ish izlash mavridi kelganida to‘g‘ri keladigan joyni topa olmayman, degan qo‘rquv paydo bo‘lgan. Jurnalistika oson emasligi haqidagi fikrlarni eshitganidan keyin esa tanaffus olib, drama maktabiga qatnay boshlagan. Aktyor buning hammasi unga katta tajriba bo‘lganini ta’kidlaydi. “Men OAV xodimlari bilan muloqot qilishni yaxshi ko‘raman. Bu go‘yo shaxmat va shashka o‘yiniga o‘xshaydi. Hamisha mendan qanday javob kutayotganlarini, qaysi savolni bosh muharrir so‘rattirayotganini bilib turaman”.

Tinimsiz ishlashga ahd

Foto: Time Out

Aktyor bo‘lishini tushunib yetganidan keyin Jekman tinimsiz ishlashga qaror qilgan. U faoliyat sohasida eng yaxshi bo‘lish uchun keyingi 5 yil davomida bayram va dam olish kunlarisiz ishlashi kerakligini anglagan. Aktyorlikka o‘qib, kerakli odamlar bilan tanishgan Jekman bir vaqtning o‘zida yonilg‘i quyish shoxobchasi va fitness-klublarda ishlagan. Masxaraboz kiyimida bolalarni kuldirish, restoranda xizmat qilish ham unga begona bo‘lmagan. “Hammasidan ham ko‘proq oradan 20 yil o‘tib, kinostudiya ostonasida o‘ralashadigan omadsiz bo‘lib qolishdan qo‘rqqanman. Shunday bo‘lmasligi uchun ham jonimni jabborga berib ishlaganman”, — degan aktyor.

Superqahramon bo‘lishni istamagan

Foto: Time Out

Aslida “G‘aroyib odamlar”dagi Rosomaxa roliga kasting yakunidan keyin Dyugrey Skott taklif qilingan. Boshqa loyiha bilan band bo‘lgan Dyugrey prodyuserlarga rol uchun Xyu ma’qul kelishi mumkinligini aytgan. “Men superqahramonga aylanishni aslo istamaganman. Rafiqam ham fikrimga qo‘shilgan. Ammo tanishlar bunday qahramonni gavdalantirishdan bosh tortsam, erta yoki kech nochorlikda vafot etishimni aytishgan. Birinchidan o‘sha vaqt allaqachon 30 yosh bo‘lganman, ikkinchidan esa muvaffaqiyatli karyera uchun blokbaster, jangovar filmlar suv va havodek zarur. Ular yordamida ismingni tanit, keyin esa istalgan rolingni tanla, deb maslahat berishgan va men rozi bo‘lganman”.

Rosomaxani gavdalantirish oson bo‘lmagan

Foto: Time Out

“G‘aroyib odamlar”da Xyuning jismoniy ko‘rinishi a’lo darajada bo‘lgan, ammo asli oriq bo‘lgani sabab bunday ko‘rinishga erishish oson bo‘lmagan. Bir o‘tirishda oqsil bisyor bo‘lgan taomdan 8 porsiya yegan, sport zaldan esa kun davomida chiqmagan.

Salbiy qahramonlar jon-u dili

Foto: Time Out

“Eng qizig‘i, yomon qahramonga aylanish. Fikrimcha, hammasi nomutanosiblikda: hayotda men juda ham muloyim odamman va hech kimga qo‘pollik qilmayman — meni shunday tarbiyalashgan. Aftidan, shu sabab ham menga shunday qahramonlarni ijro qilish yoqadi. Myuzikllardan birida yovuz qahramon rolini o‘ynaganman. Sahna ortiga o‘tganimda tomoshabinlar g‘azab bilan ortimdan norozilik bildirgan. Ularni aktyor emas, salbiy qahramon g‘azablantirganidan esa faxrlanganman. Noroziliklari esa men rolni qoyillatganimga yaqqol misol bo‘ladi”.

Meditatsiya qilishni kanda qilmaydi

Foto: Time Out

Agar imkon topolsa, Xyu kuniga 2 marta 30 daqiqadan meditatsiya qiladi. “Bu daqiqalarda men Xyu Jekman, aktyor yoki turmush o‘rtoq va ota bo‘lmay qolaman. Men koinotning bir qismi bo‘lib, uning kuch-qudratini his qilaman. Shunga qaramay ta’kidlashim joizki, meditatsiya hech bir dinga taalluqli emas. Men shunchaki barcha g‘ubor va muammolarni shu orqali chiqarib yuboraman. Axir meni kamera qarshisida o‘zimni noqulay his qilishimni hech kim bilmaydi. Sahnada men go‘yo suvdagi baliqdekman, ammo kinoda hammasi boshqacharoq. “Xo‘rlanganlar” (Les Misérables) filmining suratga olish jarayonida psixolog yordamidan foydalangan vaqtlarim ham bo‘lgan. Shu sabab ham meditatsiya men uchun juda muhim”.

Taom tayyorlashni yaxshi ko‘radi

Foto: Time Out

Hammada dam olish haqida turli tushuncha bor, Jekman ham bundan mustasno emas. “Menga faol dam olish, suzish, velosiped haydash juda ham yoqadi. Keyin esa kitob o‘qib, cho‘zilib yotsa ham bo‘ladi. Aytsam ishonmaysiz, taom tayyorlash menga juda ham yoqadi. Ayniqsa, non, turli bulochkalar tayyorlashni xush ko‘raman, qolaversa, ko‘p retseptlarni ham bilaman. Shuningdek, hech qayerga shoshmasdan, rafiqam bilan suhbat qurishni, bolalarim va do‘stlar bilan muloqotni yaxshi ko‘raman”. Jekmandagi taom tayyorlashga bo‘lgan qiziqish bolaligidayoq paydo bo‘lgan. Oshpaz bo‘lishni orzu qolgan yosh Xyu samolyot bortida ovqat pishirib ko‘rmoqchi bo‘lgan.

Stressli vaziyatlar unga cho‘t emas

Foto: Time Out

Xavf va noqulayliklar “janob Rosomaxa” uchun odatiy hol. Aktyor stress unga yanada yaxshi bo‘lishga turtki bo‘lishini ta’kidlaydi. “Maktab davrimda meni dangasa deb hisoblagan ayrim o‘qituvchilar imtihondan yiqitish bilan tahdid qilardi. Ammo uch soat kitobdan boshimni ko‘tarmaganimdan keyin sinfdoshlarimdan o‘tib ketib, tekshiruvchilar oldida haqiqiy shou ko‘rsatganman. Vaziyat sabab burchakka suqilib qolganimda yaxshiroq ishlayman chog‘i. Ta’kidlash joizki, mendagi bu xususiyat yillar o‘tgani sayin kuchayib bormoqda. Shunday ekan, muammoli va qiyin vaziyatlar meni qo‘rqitmaydi, aksincha juda yaxshi yordam beradi”.

Rafiqasi bilan hamisha birga

Foto: Time Out

Aktyor rafiqasi haqida iliq fikrlar bildirishdan charchamaydi. “Deb bilan uchrashib qolgan kunimizni hech qachon unutmayman. Bu vaqtda og‘riqli munosabatlarga nuqta qo‘ygandim, uning ham hayotida hech kim bo‘lmagan. Ammo gap bunda emas — u menga yoqishga harakat qilmagan, men esa o‘lgudek sevib qolgandim. U naqadar go‘zal, tabiiy va energiyaga to‘la bo‘lgandi… Undan 13 yosh kichikligim sabab masofa saqlashga harakat qilgan. Biroq keyinchalik yosh butkul ahamiyatsiz bo‘lib qolgan. Men ikki hafta o‘tib unga turmush qurishni taklif qilishga tayyor edim, ammo Deb yarim yildan keyingina rozilik bergan. Kezi kelganda uning onasiga rahmat aytishim kerak, chunki aynan u Debini ko‘ndirishga yordam bergan”. Juftlik bugungi kunda ikki nafar farzandning ota-onasi. O‘g‘li Oskar 2000-yilda, qizi Ava esa 2005-yil tug‘ilgan.

Aynan rafiqasi unga saratonni yengishga yordam bergan

Foto: Time Out

Bundan 7 yil avval Deborra turmush o‘rtog‘ining burnida g‘alati shish borligini payqagan, Xyu bu kichik narsaga e’tibor ham bermagan. Rafiqasining majburlashi bilan ko‘rikdan o‘tgan aktyorda bazal hujayrali karsinoma, soddaroq aytganda, teri saratoni borligi aniqlangan. Jarrohlik amaliyoti va kimyoviy muolajalar o‘tkazilgan. Ammo bir necha yillardan keyin kasallik qayta takrorlangan. Aktyor umumiy hisobda olti marta operatsiya bo‘lgan. Shu bilan birga u suratga olish jarayonlarida uzilish bo‘lmasligiga harakat qilgan.

Rosomaxa bilan xayrlashish

Foto: Time Out

Rosomaxa ijrosi sabab Jekmanning ismi eng uzoq vaqt davomida superqahramonni gavdalantirgan aktyor sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan o‘rin olgan. U 16 yil va 228 kun davomida Rosomaxa qahramoni bilan ayrilmagan. Ammo hamma narsaning nihoyasi singari buning ham oxiri bo‘lgan. Xyu Jekman “Logan” nomli filmda so‘nggi bor Rosomaxani gavdalantirgan. “Bu franshiza karyera qurishim uchun menga tamal toshi bo‘ldi. U menga ko‘p eshiklarni ochdi, ismimni tanitdi. Ammo “Logan” bilan xayrlashganim uchun g‘am chekmadim. Shunchaki yengil melanxoliya bor xolos. Men ushbu qahramonni bag‘oyat yaxshi ko‘raman, ammo uni sanoqsiz gavdalantirishning imkoni menda yo‘q. Qolaversa, oldinda uzoq kutilgan ta’til — men yilni ishsizlardek o‘tkazishni istayman va bu juda ajoyib”, — degan u.