Angliya futboli afsonasi ser Bobbi Charlton faoliyatining katta qismini “Manchester Yunayted” safida o‘tkazgan. “Oltin to‘p” sohibi 1937-yil 11-oktabrda Angliyaning Ashington shahrida tavallud topgan. 84 yoshni qarshi olgan futbolchining faoliyatiga oid qiziqarli ma’lumotlar taqdim etiladi.

Foto: Getty Images

Qarindoshlari tufayli Bobbi Charlton bolaligidanoq futbol o‘ynay boshladi. 1953-yilning boshida Sharqiy Nortumberlendning maktab jamoasi o‘yinlariga qatnasha boshlaydi. Bir kuni o‘yinni kuzatib o‘tirgan “Manchester Yunayted” vakili Bobbi Charltonni ushbu jamoaga taklif qiladi.

1954-yil oktabr oyida futbolchi “Manchester Yunayted” bilan professional shartnoma imzolaydi. 1956-yil 6-oktabr sanasida Charlton “Atletik”ka qarshi debyut o‘yinini o‘tkazadi. Birinchi o‘yinidayoq Bobbi dubl qayd etadi va “Manchester Yunayted”ning 4:2 hisobida g‘alaba qozonishiga yordam beradi. Manchesterdagi faoliyati davomida Charlton 1950-yillarning o‘rtalarida parallel ravishda harbiy xizmatni ham o‘taydi. Murabbiy Mett Basbi yordamida Bobbi Manchesterdan 90 kilometr uzoqlikdagi Shrusberi (Shropshir grafligi) tog‘laridagi quruqlik qo‘shinlari artilleriya qismiga qabul qilinadi. Dam olish kunlari jamoaning o‘yinlarida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. 1956/57-yilgi mavsumda “Manchester Yunayted” safida chempionlikni qo‘lga kiritadi.

Foto: Getty Images

Myunxen tragediyasi va “Manchester Yunayted”ning qayta tug‘ilishi

Charlton ilk mavsumidayoq “Yunayted” bilan Birinchi divizion chempionligini qo‘lga kiritdi va Angliya Kubogi finaliga qadar yetib bordi. Finalda esa “Aston Villa”ga imkoniyat boy berildi.

Bir yildan so‘ng Bobbi asosiy tarkibdan mustahkam joy egalladi va jamoa bilan Yevropa Chempionlar Kubogi yarim finaliga qadar yetib bordi. Ingliz jamoasi uchun bu yaxshi natija edi: bundan oldin Britaniya klublari xalqaro musobaqalarda omadsiz natijalar qayd etardi. 1957/58-yilgi mavsumda “Srvena Zvezda”ga qarshi chorak final uchrashuvida Bobbi Charlton dublga erishadi. Aynan o‘sha uchrashuvdan so‘ng “qizil iblislar” uyga qaytayotgan vaqtda “Myunxen aviahalokati” yuz beradi va 23 kishini hayotdan olib ketadi (1958-yil 6-fevralda Basbi shogirdlari joy olgan samolyot halokatga uchraydi. Bortdagi 44 insondan 23 nafari halok bo‘ladi, 19 kishi esa jarohatlanadi). Charlton mo‘jiza sabab tirik qoladi: u o‘tirgan o‘rindiq samolyotdan 50 metr nariga uchib ketadi. Lekin Bobbi bosh jarohati va travmatik shok bilan qutulib qoldi. Charltonning jamoadoshlari va bosh murabbiy Basbi uzoq vaqt havoga ko‘tarilishdan qo‘rqib yashadi, Bobbi esa hech narsa bo‘lmagandek samolyotda uchardi.

Sevimli futbolchilaridan ayrilgan “Manchester Yunayted” muxlislari uchun Charlton yagona yulduzga aylandi. Mavsum oxiri mankunianlar uchun omadsiz kechdi. Angliya Kubogi finalida “Bolton”ga mag‘lub bo‘ldi, Chempionlar Kubogi yarim finalida Basbi shogirdlari “Milan”ni yenga olmadi.

Myunxen tragediyasidan so‘ng Mett Basbiga jamoani qayta qurish uchun bir necha yil kerak bo‘ldi. Charlton bu vaqt mobaynida hujum chizig‘ining asosiy quroliga aylanib ulgurgandi. Yosh Bobbi hujum ortida ham o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini namoyish etardi. 1958-yilda Charlton Angliya terma jamoasidan chaqiruv oladi va birinchi o‘yinidayoq gol uradi (Shotlandiyaga qarshi o‘yinda Angliya 4:0 hisobida g‘alaba qozonadi va Bobbi o‘sha o‘yinda ajoyib gol uradi). JCh—1958 da esa Charlton birorta o‘yinda maydonga tushmaydi, bu esa terma jamoaning murabbiylar shtabi tanqidlar ostida qolishiga sabab bo‘ladi. Keyingi mundialda Bobbi terma jamoaning asosiy futbolchisi sifatida ishtirok etdi. Bu vaqt oralig‘ida “Manchester Yunayted” inqiroz davridan o‘tib olgandi. Myunxendagi halokatdan so‘ng “qizil iblislar”ning qo‘lga kiritgan ilk sovrini Angliya Kubogi—1963 bo‘ldi. Musobaqa finalida Basbi shogirdlari “Lester”ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. 1964/65-yilgi mavsumda esa “Manchester Yunayted” nihoyat chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bir yildan so‘ng esa jamoa birorta sovringa erisha olmadi. Lekin Bobbi Charlton faoliyatidagi eng katta individual sovringa ega chiqdi.

Foto: Getty Images

1960-yillarning o‘rtalari — Charltonning oltin davri

JCh—1966 dan oldin futbolda inqilob yuz berdi: terma jamoa ustozi endi tarkibni yakka o‘zi tanlaydigan bo‘ldi. Avvalroq terma jamoaga qo‘mita a’zolari futbolchilarni jalb qilardi. Angliya terma jamoasi ustozi Alf Ramsey yoshlarga ko‘proq urg‘u berdi. Angliya uyidagi mundialda g‘alaba qozondi, musobaqaning qahramonlaridan biri Bobbi Charlton edi. Yil oxirida esa “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritdi. Bobbining Jahon Chempionatida atigi uchta gol urganiga ahamiyat bermaslik kerak, u hujumda emas yarim himoyada o‘ynadi.

1966/67-yilgi mavsumda Charlton mankunianlar bilan Angliya chempioniga aylandi. Bir yildan so‘ng esa Yevropa Chempionlar Kubogi qo‘lga kiritildi. Finalda o‘z davrining ikki buyuk futbolchisi: angliyalik Charlton va portugaliyalik Eysebio raqobat olib bordi. “Qora marvarid” britaniyaliklar darvozasiga yo‘l topa olmadi, Bobbi esa dublga erishdi va yakunda mankunianliklar 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. “Manchester Yunayted” asosiy Yevrokubokni qo‘lga kiritgan ilk ingliz jamoasiga aylandi.

Bir necha oydan so‘ng Charlton yana Yevropa arenasida porladi. Yevro—1968 da inglizlar SSSR terma jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etib, bronza medali sohibiga aylandi. Bir yildan so‘ng Bobbi Britaniya Imperiyasi ordeni bilan taqdirlandi va terma jamoada yuzta o‘yinda ishtirok etgan futbolchi sifatida sardorlik bog‘ichi unga topshirildi. Umumiy hisobda ser Bobbi Charlton Angliya terma jamoasida 106 ta o‘yinda qatnashib, 49 ta gol muallifiga aylangan. 1973-yilgacha u Angliya tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib turgan edi. Angliyaning boshqa bir afsonasi Bobbi Mur uning rekordini yangiladi. Charlton “qizil iblislar” safidagi 758 o‘yinda 249 ta gol urib, jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib turgandi, toki 2017-yilda Ueyn Runi uning rekordini yangilamaguncha. Charlton “Manchester Yunayted” safidagi eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi sifatida ham eslanardi. 35 yil mobaynida saqlanib turgan bu ko‘rsatkich 2008-yilda Rayan Giggz tomonidan yangilandi.

1966/67-yilgi mavsum Charlton uchun “Manchester Yunayted” safidagi eng so‘nggi omadli mavsumga aylandi. Jamoa Angliya Kubogini qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng yulduzning faoliyatida keskin pasayish yuzaga keldi, shunda ham u terma jamoadan chaqiruv oladi. Charlton — 4 ta mundialda ishtirok etgan yagona angliyalik futbolchi.

Foto: Getty Images

“Manchester Yunayted”dan ketish va butsini “mixga ilish”

Bobbi Charlton 1973-yilda 35 yoshida “Manchester Yunayted”ni tark etdi. Futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan so‘ng ser Bobbi “Preston” jamoasi bosh murabbiyiga aylandi. Bir yildan so‘ng esa maydonni sog‘inganini his qilgan Charlton o‘ynovchi murabbiyga aylanadi. “Preston” tarkibida o‘tkazgan 45 ta o‘yinida 10 ta gol uradi. 1975-yilda esa yana bir bor butsisini “mixga iladi” va BBC’da sharhlovchi sifatida faoliyat olib boradi. Lekin u yana maydonga qaytdi va 1980-yilga qadar Irlandiyaning “Uoterford”, Uelsning “Bangor”, Janubiy Afrikaning “Arkadiya”, Avstraliyaning “Nyukasl” va “Blektaun” jamoalarida o‘ynadi.

O‘sha yilning o‘zida Charlton “Uigan” prezidenti etib tayinlanadi. 1983-yildan boshlab bir muddat jamoa murabbiyiga ham aylandi. 1984-yilda Mett Basbi “Manchester Yunayted” direktorlar kengashini tark etganidan so‘ng ser Bobbi Charlton uning o‘rnini egallaydi va hozirgi kunda ham ushbu lavozimda faoliyat olib bormoqda.

1994-yilda qirolicha Yelizaveta II buyuk futbolchiga ritsarlik unvonini beradi. Ser Bobbi Charlton — Angliya millati faxri. U muntazam ravishda barcha xalqaro futbol ishlarida vatani nomidan ishtirok etadi.

Ser Bobbi ikkita mundial (1966 va 1970-yilgi) ramziy terma jamoasiga kiritilgan, turli versiyalarga ko‘ra dunyoning eng yaxshi 100 futbolchisi ro‘yxatidan o‘rin olgan. Bobbi Charlton — futbolning tirik afsonasi. 2018-yilda Joze Mourinyo “Manchester Yunayted” bosh murabbiyiga aylangach, Charlton bilan uchrashuvda quyidagi so‘zlarni aytgan: “Siz 1966-yilda mamlakatim orzusini barbod qilgandingiz. Shunga qaramasdan, men sizni juda hurmat qilaman. Ko‘rinishingiz 45 yoshlar atrofidagi insonni yodga soladi”.

Foto: Getty Images

Yutuqlari

Jamoaviy yutuqlar

“Manchester Yunayted” (9 ta sovrin)

  • Angliya chempioni (3): 1956/57, 1964/65, 1966/67
  • Angliya Kubogi: 1963
  • Yevropa Chempionlar Kubogi: 1968
  • Angliya Superkubogi (4): 1956, 1957, 1965, 1967

Angliya terma jamoasi (12)

  • Jahon Chempionati: 1966
  • Yevropa chempionati bronza medali sohibi: 1968
  • Britaniya uy chempionati g‘olibi (10): 1958, 1959, 1960, 1961, 1964, 1965, 1966, 1968, 1969, 1970

Shaxsiy sovrinlar

  • “Oltin to‘p”: 1966
  • Futbol jurnalistlari assotsiatsiyasiga ko‘ra yil futbolchisi: 1966
  • Jahon Chempionati “Oltin to‘p” sohibi: 1966
  • Yarmarkalar Kubogi to‘purari: 1965
  • Futbol ligasining eng yaxshi 100 afsonasi ro‘yxatiga kiritilgan: 1998
  • Angliya futboli sharaflar zaliga kiritilgan: 2002
  • “FIFA 100” ro‘yxatiga kiritilgan: 2002
  • Futbol oldidagi xizmatlari uchun BBC sovrini sohibi: 2008
  • Futbol oldidagi xizmatlari uchun UEFA prezidenti sovrini sohibi: 2009
  • Jahon Chempionati ramziy terma jamoasiga kiritilgan (2): 1966, 1970
  • World Soccer versiyasiga ko‘ra XX asrning eng yaxshi futbolchilar ro‘yxatiga kiritilgan.