Qirg‘iz-tojik chegarasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi, oqibatda to‘rt nafar maktab o‘quvchisi kasalxonaga yotqizildi. Bu haqda Qirg‘izistonning Botken viloyati rahbari o‘rinbosari Marufxon Tulayev “Interfaks”ga ma’lum qildi.

Foto: Central Asia

“23-sentabr kuni, taxminan 13:00 da (Toshkent vaqti bilan 14:00) to‘rt nafar qirg‘izistonlik maktab o‘quvchisi tojikistonlik maktab o‘quvchilari tomonidan kaltaklandi. Voqea chegaradagi Ko‘ktosh qishlog‘ida sodir bo‘lgan. 30 ga yaqin tojikistonlik maktab o‘quvchilari uyga qaytayotganda bolalarga hujum qilgan”, — dedi Tulayev.

Unga ko‘ra, kaltaklangan maktab o‘quvchilari 13-14 yoshda, ular turli jarohatlar va ko‘karishlar bilan kasalxonaga yotqizilgan.

“Qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat xavfsizlik kuchlari tomonidan nazorat qilinmoqda. Qirg‘iziston va Tojikiston ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari chegaradagi hodisani hal qilish uchun muzokaralar olib bormoqda”,— deydi Tulayev.

Asia-Plus Tojikistonning Isfara shahar hokimligidagi manbaga va mahalliy aholiga tayanib xabar berishicha, Qirg‘izistonning Ko‘ktosh qishlog‘ida yashovchi bir guruh aholi dastlab tojikistonlik o‘quvchi qizlarga tosh otgan, keyin ularni kaltaklagan: voqea Tojikistonning Chorkux jamoati Somoniyon qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan.

“Soat 11:00 da chegaradagi Ko‘ktosh qishlog‘idan bo‘lgan qirg‘izistonliklar avvaliga ikkita o‘quvchi qizga tosh otib, keyin esa kaltaklagan. Bundan tashqari, ular qizlarning uyiga bostirib kirib, ota-onasini kaltaklagan. Aytishlaricha, uydagi kichkina bola ham tan jarohati olgan”, — deydi mahalliy aholidan biri Asia-Plus’ga.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, bir erkakning jag‘i va burni singan, u kasalxonaga yotqizilgan. Isfara markaziy shifoxonasi hodisa oqibatida uch kishi kasalxonaga yotqizilganini tasdiqladi, biroq tafsilotlarni keltirmadi.

Avvalroq Qirg‘izistonning Botken viloyati Tosh-Tumshuq qishlog‘ida tojikistonlik fuqarolar viloyat rahbarining mashinasini toshbo‘ron qilgani haqida xabar berilgandi.